O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan navbatdagi o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda partiyaning hududiy tashkilotlari, mahalliy Kengashlardagi deputatlik birlashmalarini hududlardagi muammolarni aniqlab, tahlil qilib, huquqiy asoslangan taklifga aylantira oladigan siyosiy subyektga aylantirish vazifasi haqida so‘z yuritildi.
Darhaqiqat, qonun ijodkorligi jarayoni joylardagi hayotiy muammolardan boshlanishi kerak. Amaliyotda esa ko‘p hollarda bu masalalar yetarlicha tahlil qilinmagani sababli o‘z yechimini topolmayapti.
O‘quvda jamoatchilik nazorati masalasiga yangicha yondashuv zarurligi, endi unga formal tekshiruv emas, balki aniq natijaga yo‘naltirilgan tizimli mexanizm sifatida qaralishi ta’kidlandi.
Jumladan, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi mavjud holat, bolalar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilib, yagona mezon asosida, tanqidiy ruhda tahlil qilinishi belgilandi.
Shuningdek, natijalar jamoatchilik eshituvlarida ochiq va qizg‘in muhokama qilinishi bildirildi.
Mazkur o‘quv partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faoliyati samaradorligini oshirish, hududlardagi kadrlar salohiyatini mustahkamlash orqali elektorat manfaatlarini yanada qat’iy himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.