Qardoshlik munosabatlarining yangi bosqichi
Qardoshlik munosabatlarining yangi bosqichi

 

O‘zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, o‘xshash ma’naviy qadriyatlar, o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilikning ko‘p asrlik an’analari birlashtirib turadi. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib bormoqda. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Qardoshlik rishtalari rivojida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishilib, ikki tomonlama aloqalar sezilarli darajada faollashdi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani mintaqa xalqlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga keng yo‘l ochdi.

Davlatlarning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro ishonch va mintaqani barqaror rivojlantirishga intilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Erishilgan kelishuvlar ko‘p yillik chegara masalalarini hal etish, Markaziy Osiyoda barqarorlik va sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

O‘zaro savdoda barqaror ijobiy sur’at kuzatilayotgani alohida e’tirofga loyiq.

Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar ham keyingi yillarda sezilarli darajada faollashdi. Parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari muntazamlik kasb etib, parlamentdagi do‘stlik guruhlari doirasidagi aloqalar faol rivojlanmoqda.

Davlatimiz rahbari taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidentining  mamlakatimizga davlat tashrifi o‘zbek – tojik munosabatlarida yangi sahifa ochish bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Binobarin, ushbu tashrif O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi strategik yo‘nalishlarni belgilash hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, ikki davlat rahbarlari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishining o‘tkazilishi nafaqat joriy kun tartibini muvofiqlashtirish, balki hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollarini shakllantirish imkonini berib, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi.

Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari batafsil muhokama qilinib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari tahlil qilindi. O‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta sur’at bag‘ishlaydigan bir qator muhim qarorlar qabul qilindi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiy rivojlanish, savdo hajmini oshirish, qo‘shma korxonalarni ko‘paytirishga imkon beradi.

O‘zaro ishonch va hamjihatlik orqali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik yanada mustahkamlanib, hududiy barqarorlik ta’minlanadi. Eng muhimi, mazkur yig‘ilish va unda qabul qilingan qarorlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. Bu esa har ikki davlatning iqtisodiy o‘sishi, aholi farovonligi va mintaqaviy taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda 2030-yilga kelib, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu esa eksport va import hajmini ko‘paytirish, yangi bozorlar ochish hamda ishlab chiqarishni kengaytirishga turtki beradi. Savdo ko‘paysa, korxonalar ko‘proq mahsulot ishlab chiqaradi. Bu, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, aholi daromadlarining oshishiga xizmat qiladi.

Energetika, suv resurslarini boshqarish, transport va boshqa ko‘plab sohalardagi sheriklik atroflicha ko‘rib chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olindi. Bu esa kelajakda energiya tanqisligini kamaytirish va barqaror ta’minotni ta’minlashga, suvdan oqilona foydalanishga, ekologik muvozanatni saqlashga hamda tovar ayirboshlashni tezlashtirib, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Tashrif davomida davlat rahbarlari yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ham ishtirok etib, 10 ta qo‘shma loyihani boshlab berdi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.

Umuman aytganda, mazkur tashrif nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash nuqtayi nazaridan ham alohida ahamiyatga ega.

 

Imomnazar TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish