Qo‘llab-quvvatlangan yoshlar buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
Qo‘llab-quvvatlangan yoshlar buyuk ishlarga qodir bo‘ladi

 

Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbarining yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqoti mehrli munosabat, ulkan ishonchning yana bir namunasi bo‘ldi.

Yurtimizdagi 22 milliondan ortiq yoshlar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekani alohida ta’kidlandi. Bu – strategik masala. Chunki, yoshlar mamlakat taraqqiyotini belgilovchi eng asosiy indikatorlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ushbu muloqotni yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvaatlash va ularga keng imkoniyatlar yaratishda dolzarb hayotiy ahamiyatga ega, deb hisoblaydi.

Yoshlarni til va zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularni sportga keng jalb etish, innovatsion g‘oya va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, bandlik va daromad masalalarini hal etish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar – bu ishonchli ijtimoiy davlat qurish yo‘lidagi muhim qadamlardir.

Partiyamiz nuqtai nazaridan, yoshlarga qaratilgan har bir investitsiya – bu ijtimoiy barqarorlikka, iqtisodiy o‘sishga va siyosiy barkamollikka qaratilgan investitsiyadir.

Muloqotda Prezident tomonidan ilgari surilgan “Birorta yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmaslik” haqidagi qat’iy talab ijtimoiy adolat tamoyilining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Muloqotda yoshlarga oid har bir masala atroflicha qamrab olindi. Bildirilgan tashabbuslarning aniq mexanizm va chora-tadbirlari ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar farzandlarini ta’lim va kasb-hunar bilan qamrab olish borasida hayotiy zarur tashabbus ilgari surildi. Bunda joylarda ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul o‘qitadigan o‘quv markazlariga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi belgilandi. Ya’ni, ular yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi, kommunal xarajatlarining yarmi qoplab beriladi, o‘qituvchilarga to‘langan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq “keshbek” tariqasida qaytariladi.

Shuningdek, texnikumlarning ta’lim dasturlarini ish beruvchilar talabi asosida yangilash, dual ta’limning qamrovini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bu o‘z-o‘zidan bozor iqtisodiyotining asosi bo‘lgan talab va taklif tamoyilining ishlashiga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, joriy yildan texnikum o‘quvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi, ishtirokchilarga yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi. Texnikum o‘quvchilarining mazkur dasturi orqali xorijiy tajriba bilan tanishishi hamda kasbiy barkamol bo‘lishida katta ahamiyat kasb etadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugun ko‘plab mamlakatlarda demografik tanazzul yuz bermoqda. Ya’ni, aholi umumiy sonida yoshlarning ulushi tushib bormoqda. Dunyo hamjamiyati oldida shunday global muammo turgan paytda O‘zbekistonda yoshlarning ulushi 60 foizdan oshishi bu bizning ulkan yutig‘imizdir. Zero, zamonaviy texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, innovatsion ishlab chiqarish kabi hozirgi zamonning eng ilg‘or yo‘nalishlarida asosan yoshlar yuqori natija ko‘rsata oladi. Shuning uchun ham bu umummilliy vazifaga aylanmoqda.

Ko‘ksaroydagi muloqot yoshlarga bo‘lgan ishonch, ochiqlik va mas’uliyat ruhini yanada mustahkamladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ta’lim sohasida ijtimoiy tenglikni ta’minlash, davlat grantlari va imtiyozli ta’lim dasturlarini ko‘paytirish, chekka hududlardagi yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish tarafdoridir.

Yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, ularni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish demokratik islohotlarning mustahkam kafolati hisoblanadi. Shu ma’noda yosh avlod bilan muloqot har bir oilada qabul qilinadigan qarorlar sifatini oshirishga ham xizmat qiladi.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish