Faol saʼy-harakatlarni davom ettirish imkoni
Faol saʼy-harakatlarni davom ettirish imkoni

 

Prezidentimizning АQShga tashrifi va Tinchlik kengashining dastlabki yigʼilishidagi ishtiroki Oʼzbekistonning nafaqat oʼz mintaqasida, balki dunyoning uzoq nuqtalaridagi tinchlik jarayonlarida ham muhim ovozga ega ekanini koʼrsatdi. Bu esa zamonaviy dunyodagi murakkab geosiyosiy ziddiyatlar va nizolar fonida Oʼzbekistonning ochiqlik, pragmatizm va koʼp vektorli tashqi siyosat yoʼli oʼzining hayotiyligini yana bir bor isbotladi.

Kutilganidek, Oʼzbekiston Prezidentining Vashingtonga tashrifi oʼta tigʼiz va mazmunli dastur bilan oʼtdi. Tashrif davomida davlat rahbari АQSh maʼmuriyati vakillari, yetakchi kompaniyalar rahbarlari va xalqaro moliyaviy institutlar yetakchilari bilan koʼplab uchrashuvlar oʼtkazdi. Oliy darajadagi muzokaralar esa ikki davlat oʼrtasidagi hamkorlik jarayonlarini jadallashtirib, anʼanaviy aloqalarni yirik investitsiyaviy bitimlar bilan boyitdi.

Shu oʼrinda soʼnggi yillarda Oʼzbekiston va АQSh oʼrtasidagi iqtisodiy aloqalar misli koʼrilmagan oʼsish surʼatlarini koʼrsatganini qayd etish joiz. Maʼlumotlarga koʼra, 2017-yildan 2025-yilgacha boʼlgan davrda ikki davlat oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,7 baravardan ziyod oʼsgan. Oʼzbekistonning eksporti 9,1 baravarga, import esa 3,9 baravarga, Аmerika investitsiyalari (yillik) 64 baravarga oʼsgan. Аmerika kapitali ishtirokidagi korxonalar 2,1 baravarga oʼsib, 346 tani tashkil etmoqda.

Tahlillar shuni koʼrsatadiki, Oʼzbekiston eksporti tarkibida xizmatlar 81 foiz boʼlib, asosan dasturlash va IT xizmatlari yetakchilik qilmoqda. Bu esa mamlakatning inson kapitali va yuqori texnologiyalarga asoslangan eksport salohiyati ortib borayotganidan dalolat beradi. АQShdan import qilinayotgan mahsulotlar asosan yuqori texnologik mashina va uskunalar, jumladan, havo kemalari va sanoat agregatlari tashkil etadi.

Bular shuni anglatadiki, Oʼzbekiston АQSh uchun juda yirik va ishonchli iqtisodiy bozorga aylanmoqda. Аsosiysi, Аmerikaning eng ilgʼor texnologiyalari va investitsiyalarining kirib kelishi mamlakatimizda yuqori malakali ish oʼrinlari yaratilishiga, sanoatning modernizatsiya boʼlishiga va xalq farovonligining oshishiga xizmat qiladi.

Tinchlik kengashining yigʼilishida Oʼzbekistonning tinchlik tashabbuslari qoʼllab-quvvatlangani, shuningdek, global xavfsizlikni taʼminlashda yangi mexanizmlar zarurligiga oid masalalar ilgari surilgani taʼkidlandi.

Prezidentimiz tashrifi АQShda katta qiziqish va eʼtirof bilan kutib olindi. Аmerika tomoni Oʼzbekistonni mintaqadagi “ishonchli, barqaror va masʼuliyatli sherik”, deb atadi. Tinchlik kengashi doirasidagi ishtirok esa Oʼzbekistonga dunyoda barqarorlik oʼrnatishda faol saʼy-harakatlarini davom ettirish imkonini beradi.

 

Firdavs SHАRIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish