O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida mahallalarda bo‘lib, aholi vakillari bilan ochiq muloqotlar tashkil etish orqali aniqlangan muammolarni tizimli tahlil qilish hamda ularni manzilli bartaraf etish maqsadida “Bir mahalla – bir tashabbus” aksiyasi tashkil etildi.
Partiya faollari, deputatlar va mas’ullardan iborat ishchi guruh Toshkent viloyati Parkent tumanining Shampan mahallasida bo‘lishdi. Ma’lum qilinishicha, hududdagi 18-sonli umumta’lim maktabiga 2026-yilgi reja asosida kapital ta’mirlash uchun 7 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirda qurilish-ta’mirlash ishlariga doir loyiha-smeta hujjatlari rasmiylashtirilmoqda.
Maktab bir qavatli uchta binodan iborat. Rejaga ko‘ra har binoning ichki qismida hojatxona qurish ko‘zda tutilgan. Mavjud hisob-kitoblarga ko‘ra, ajratilgan mablag‘ maktabni to‘liq va kompleks ta’mirlash uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sababdan, maktab ma’muriyati hamda mahallar faollari binodan tashqariga bitta hojatxona qurishni va qolgan mablag‘ni muassasaning oqova suv tizimini yangilash, kutubxonaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlashga yo‘naltirishni taklif qilishdi.
Ishchi guruh a’zolari loyiha-smeta hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, mas’ul idoralar bilan hamkorlikda taklifni amalga oshirish choralarini ko‘rishini ma’lum qildi.
Ochiq muloqotlar “Obod qishloq” dasturiga kirgan “Qizilsoy” mahallasida davom ettirildi. Suhbatlar chog‘ida mahalla aholisi hududda “Obod qishloq” dasturi doirasida bir qator katta ishlar qilingani ta’kidlandi. Lekin shu bilan birga ba’zi ishlar oxiriga yetkazilmay qolgani aytildi.
Jumladan, hududdagi ichki yo‘llarni asfaltlashtirish hamda ayrim elektr simyog‘ochlarini yangisiga almashtirish ishlari tugallanmagan. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborilishi belgilandi.
Mahalla faollarining ma’lum qilishicha, mahallada bugungi kunda umumta’lim maktabiga ehtiyoj bor. Sababi mahallada 2600 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bolalar qo‘shni mahallaga maktabga qatnaydi. Ayrim bolalar 5 km masofa bosib maktabga borishadi. Deputatlarimiz bu masalada ham mas’ul idoralar bilan bog‘lanib, hududda yangi maktab binosi qurish masalasini ijobiy hal etishga bel bog‘lashdi.
Shuningdek, ishchi guruh Nevich mahallasidagi fuqarolar bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Mahalla faollarining taklifi bilan hududda tashabbusli budjet asosida amalga oshirilgan loyihalar o‘rganildi. Xususan, mahalla hududidagi amalga oshirilgan ichki ko‘chalarni asfaltlashtirish ishlarining sifati, belgilangan me’yorlarga muvofiqligi va yakuniy holati deputatlar hamda mas’ul tashkilotlar tomonidan ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar natijasida asfaltning sifati belgilangan standartlarga javob bermasligi aniqlandi. Deputatlar asfaltlash ishlarini amalga oshirgan tashkilot bilan bog‘lanib kamchiliklarni bartaraf etish vazifasini yukladi.
Shu bilan birga, hududdagi 20-sonli umumta’lim maktabining holati ham ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar davomida maktabda o‘quvchilar sonining ko‘pligi sababli ta’lim jarayoni ikki smenada tashkil etilayotgani, qo‘shimcha o‘quv binosiga ehtiyoj mavjudligi qayd etildi. Bundan tashqari maktabning sport maydonchasini sifatli ta’mirlash va zamonaviy talablar asosida qayta jihozlash masalalari ham ko‘tarildi.
Mazkur masalalar ham tuman hokimiyati hamda siyosiy partiyalar deputatlari tomonidan nazoratga olinib, ularni bosqichma-bosqich hal etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan olib borilayotgan ushbu o‘rganishlar aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim muassasalari va hududlar infratuzilmasini yaxshilash hamda ularning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishga qaratilgan.