Fraksiyamizning bugungi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi. Ma’ruza inson huquqlari sohasida davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati, shuningdek, tizimda mavjud muammolarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, muxolifat fraksiyasi ushbu hujjatda bir qator muhim masalalar yetarli darajada ochib berilmaganini qayd etgan holda o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Xususan, deputat D.Mamajanovaga ko‘ra, ombudsman institutining mustaqilligi va ta’sirchanligini kuchaytirish, uning xulosalari davlat organlari uchun majburiy ahamiyat kasb etishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga ombudsmanga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar soni oshgani, ularning tizimli tahlili olib borilayotgani aytilib, ushbu institutning jamiyatimiz hayotiga yanada chuqur kirib borayotgani ta’kidlandi.
Navbatdagi muhokama qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi yuzasidan o‘zining prinsipial pozitsiyasini bildiradi.
Fraksiya giyohvandlikka qarshi kurashish zarurligini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, javobgarlik choralarini kuchaytirishda ijtimoiy adolat, inson huquqlari va profilaktika tamoyillari ustuvor bo‘lishi shart, deb hisoblaydi. Qonun normalari fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklashga emas, balki huquqbuzarliklarning oldini olish, davolash va ijtimoiy reabilitatsiya mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qilishi lozim.
Misol uchun deputat S.Imamovaning ta’kidlashicha, giyohvandlikka moyil shaxslarni jinoyatchi sifatida emas, avvalo ijtimoiy muammoga duch kelgan fuqaro sifatida ko‘rish, birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan davolash va reabilitatsiya choralarini kengaytirish, profilaktika ishlari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ibot va tushuntirish mexanizmlarini kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, F.Sharipovning fikricha, loyihadagi voyaga yetmaganlar uchun bangixona tashkil qilganlarga belgilangan sanksiya ikkinchi o‘qishga tayyorlanganda yumshatilgan. Ya’ni qonun tashabbuskorlari taklif qilgan loyihada bunday holatda 8 yildan 10 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutilgan. Lekin ikkinchi o‘qishga tayyorlangan holatda bu 5 yildan 10 yilgacha qilib belgilanmoqda. Deputat bunday “qilmish”lar ijtimoiy adolat va millat genofondiga zarar yetkazish kabi jiddiy oqibatlarni inobatga olib mazkur qonun loyihasini takomillashtirish lozim, degan pozitsiya bildirdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi so‘l g‘oyalarga asoslangani uchun birinchi navbatda aholi manfaatlarini himoya qilishda qonunlar ijtimoiy adolat prinsipiga to‘liq mos bo‘lishi kerak degan, qat’iy pozitsiyada ekanligini ma’lum qildi.