Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan ushbu mamlakatga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.
Islomobod shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Pokiston Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi oliy darajadagi siyosiy muloqotni institutsional asosga ko‘chirdi. Bu esa ikki tomonlama kelishuvlarning tizimli amalga oshirilishi va parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Muzokaralar jarayonida iqtisodiy hamkorlik asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olindi. So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmining 2,5 baravarga oshgani va yaqin kelajakda uni 2 milliard dollarga yetkazish vazifasining qo‘yilishi ikki mamlakat iqtisodiy salohiyatining o‘zaro uyg‘un ekanini ko‘rsatadi.
Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika, tog‘-kon va oziq-ovqat sanoati sohalarida umumiy qiymati 3,5 milliard dollarga teng bo‘lgan investitsiya va kooperatsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.
Transport va logistika sohasidagi kelishuvlar, ayniqsa Transafg‘on temir yo‘li hamda mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar O‘zbekistonning Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish strategiyasida Pokistonning muhim hamkor ekanini yaqqol namoyon etdi. Bu loyihalar nafaqat iqtisodiy, balki geostrategik ahamiyatga ham ega.
Tashrif doirasida imzolangan ko‘plab hujjatlar — imtiyozli savdo, port xizmatlari, raqamli texnologiyalar, ekologiya, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi kelishuvlar hamkorlikning keng qamrovli va kompleks tus olganini anglatadi.
Madaniy-gumanitar sohada Islomobodda Toshkent ko‘chasi va buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan ataladigan ko‘cha va bog‘ni barpo etish to‘g‘risidagi qarorlar xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, ma’naviy mushtaraklik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
Ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik, xususan, ikki mamlakat munosabatlarining eng mustahkam va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri ekanini Prezidentimizga Pokistonning yetakchi universiteti tomonidan faxriy doktor va professor ilmiy unvonlarining e’tirof sifatida taqdim etilgani yaqqol namoyon etdi.
Ushbu yuksak e’tirof nafaqat davlatimiz rahbarining ta’lim va innovatsiya sohasidagi islohotlariga berilgan baho, balki O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi akademik hamkorlik, o‘zaro ishonch va ma’naviy yaqinlikning ramzi sifatida ham namoyon bo‘ldi.
Prezident Asif Ali Zardoriy tomonidan davlatimiz rahbariga Pokistonning oliy mukofoti — “Nishoni Pokiston” ordenini topshirilishi esa ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarning munosib e’tirofi hamda O‘zbekiston xalqiga do‘stona munosabat va chuqur hurmat ifodasidir.
Umuman olganda, mazkur tashrif O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, iqtisodiy rivojlanish, transport integratsiyasi, xavfsizlik va gumanitar hamkorlik sohalarida aniq va amaliy natijalarni ta’minladi.
Anvarjon NURMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.