O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi qonun ijodkorligi jarayonida muqobil fikr bildirish, fuqarolar va jamoat manfaatlarini qat’iy himoya qilishga intilmoqda. Har bir qonun loyihasi davlatning ijtimoiy majburiyatlari qay darajada inobatga olinayotgani nuqtai nazaridan baholanishi lozim.
Fraksiyaning bugungi yig‘ilishida dastlab «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Fraksiyaning umumiy nuqtai nazaridan aytish joizki, loyihada belgilanayotgan me’yorlar avtotransport vositalarini realizatsiya qilishda shaffoflikni ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Biroq, fraksiyamiz a’zolari ushbu maqsadga erishishda qator masalalar yetarlicha aniq va mukammal tarzda hal etilmagan, deb hisoblaydi.
Anvarxon Temirovga ko‘ra, odometr ko‘rsatkichlariga aralashuv faktini aniqlash mexanizmi, uning isbotlanish tartibi hamda javobgarlik kimga – avtotransport vositasini sotuvchi jismoniy shaxsga, dilerlik tashkilotiga yoki vositachiga yuklatilishi masalalari loyihada aniq belgilab qo‘yilmagan. Bu esa amaliyotda noaniqliklar, turlicha talqinlar va ortiqcha ma’muriy chigalliklar keltirib chiqarishi mumkin.
Fraksiya majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga hamda bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Xususan, deputat Sayyora Imomovaning ta’kidlashicha, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda bolalarni himoya qilish faqat huquqiy normalar bilan cheklanmasdan, aniq ijtimoiy kafolatlar va davlat majburiyatlari bilan mustahkamlanishi lozim.
Shu bilan birga, fraksiya a’zolari ayrim masalalarga e’tibor qaratdilar. Birinchidan, loyihada jabrlanuvchilarni vaqtinchalik joylashtirish, psixologik va ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini davlat budjeti hisobidan kafolatlash masalalari yetarlicha ochib berilmagan. Ikkinchidan, himoya orderi qo‘llanilishida ijrosini ta’minlash mexanizmlari amaliyotda ishlamay qolish xavfi mavjud. Oqibatda jabrlanuvchilarning ustun manfaatlari himoyalanishi bo‘yicha ijtimoiy mexanizmlar yetarli darajada mustahkamlanmagan.
Fraksiyamiz har bir qonun loyihasi yuzasidan e’tiroz va takliflarini rasmiy tarzda bildirib, parlamentda konstruktiv va adolatli muhokamalar olib borishni davom ettirishini ma’lum qiladi.