Shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bino va inshootlarning zilzilabardoshligi hamda seysmik xavfsizligini nazorat qilishda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilishining zarurati nimada?

Mamlakatimizda aholi soni o‘sishi bilan uy-joyga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Shu maqsadda davlat tomonidan uy-joy qurilishi sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga keng imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda. Natijada so‘nggi to‘qqiz yilda quruvchi tadbirkorlar soni uch-to‘rt barobarga, ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi esa sezilarli darajada oshdi.

Biroq ayrim holatlarda berilgan imkoniyat va imtiyozlardan suiiste’mol qilinib, tegishli ruxsatnomalarsiz va hujjatlar rasmiylashtirilmasdan noqonuniy qurilish ishlari olib borilayotgani kuzatilmoqda. Bu esa uy-joy sotib olgan fuqarolarning huquqlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Davlat rahbarining topshiriqlari asosida tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan 2017–2024-yillarda qurilgan 8 974 ta, 2025-yilda qurilishi rejalashtirilgan 2 559 ta hamda foydalanishga topshirilgan 301 ta, jami 11 834 ta ko‘p kvartirali uy-joyning zilzilabardoshligi xatlovdan o‘tkazildi. Ularning 10 705 tasi (90 foiz) hujjatli va vizual o‘rganildi.

O‘rganishlar natijasida 3 107 ta uy-joy xususiy ekspertizadan o‘tkazilgani, 1 434 tasi ro‘yxatdan o‘tmagani, 185 tasida noqonuniy qavat qo‘shilgani aniqlandi. Shuningdek, 9 397 ta uy-joy (88 foiz) mustahkamlik talablariga javob berishi, 1 308 ta uy-joyda esa qo‘shimcha instrumental-texnik tekshiruv zarurligi belgilandi.

2025-yil 1-iyuldan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatilgan bo‘lsa-da, noqonuniy qurilishlar soni 213 taga yetgani qayd etildi. Ko‘rilgan choralar natijasida 85 ta loyiha tashkilotiga nisbatan taqdimnoma kiritilib, 8 tasining litsenziyasi bekor qilindi, 128 ta ko‘p qavatli binoda noqonuniy qurilish aniqlandi va 58 tasi buzdirildi. Shuningdek, 52 ta holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Ana shu holatlardan kelib chiqib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida ishchi guruhi tomonidan, tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida mazkur qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurganlik uchun javobgarlik, takroran sodir etilganda esa jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, Shaharsozlik kodeksida «master reja» shaharsozlik hujjatlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Bundan tashqari, loyiha bilan ko‘priklar va tonnellarni, potensial xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni loyihalashtirish, qurish uchun litsenziya turlarini amal qilish muddati cheklanmagan holda berish talabini bekor qilish, qurilish-montaj ishlarini boshlash bo‘yicha xabardor qilish tartibini ruxsatnoma berish tartibiga o‘zgartirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, ma’muriy islohotlardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga seysmik xavfsizlik bo‘yicha bir qancha vakolatlar nazarda tutilib, ayrim normalar amaldagi qonunchilik hujjatlariga moslashtirilmoqda.

Qonun loyihasi amaldagi qonunchilik hujjatlariga mos ravishda o‘zida bir qancha yuridik va texnik o‘zgartirishlarni ham aks ettirgan.

Mazkur Qonun loyihasining qabul qilinishi:

Birinchidan, shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olishga;

Ikkinchidan, seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasiga zamonaviy ilmiy va texnik yondashuvlarni joriy etishga;

Uchinchidan, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini yanada kuchaytirishga;

To‘rtinchidan, qonunchilik hujjatlaridagi nomuvofiqliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

 

Shokirjon AHMEDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish