Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi deputatimiz Nigora Eshmetova Yunusobod tumani “Otchopar-1” mahallasi fuqarolaridan kelib tushgan murojaatga asosan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i I.Yuldashevaga deputatlik so‘rovi yuborgan edi.
Murojaatda mahalla hududida ilgari faoliyat yuritgan 117-, 205- va 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari hozirda yopilib ketgani, aholi soni 11 mingdan ortiq ekani, 1–6 yoshdagi bolalar sonining 1 100 nafardan oshgani qayd etilib, K. Zaripov ko‘chasida joylashgan sobiq 117-sonli bog‘cha binosida bolalar bog‘chasi faoliyatini qayta tiklashda amaliy yordam so‘ralgan.
So‘rovga javobda Otchopar-1 MFY hududida bo‘sh yer maydoni mavjud emasligi sababli, muammoni hal etish maqsadida Otchopar-2 MFY hududida joylashgan, ilgari faoliyati to‘xtatilgan sobiq 160-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti hududidagi 18 sotix bo‘sh yer maydonida 360 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish bo‘yicha Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tegishli takliflar kiritilgani ma’lum qilingan.