Bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish mas’uliyati
Bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish mas’uliyati

 

Bolalar — jamiyatning eng himoyaga muhtoj qatlami bo‘lib, ularning jismoniy, ma’naviy va intellektual kamoloti mamlakatning kelajak taraqqiyotini belgilab beradi. Bugungi globallashuv va jadal islohotlar sharoitida esa bu masala yanada dolzarblashadi. Aynan bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash mamlakatimizda ham davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Xususan, bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga doir maxsus qonunchilik bazasi yaratilib, uni ijro etish yuzasidan samarali huquqiy mexanizm yo‘lga qo‘yildi. “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilingani bu borada muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Mazkur Qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning 6 ta shakliga ta’rif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash hamda qonunan ta’qib qilishning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Hujjatda bolalarga nisbatan salbiy munosabatlarning oldini olishga doir chora-tadbirlar va ularni samarali amalga oshirish mexanizmlari o‘z aksini topdi.

Shuningdek, himoya orderi berish, jabrlangan yoki xavf ostidagi bolaga kompleks yordam ko‘rsatish, bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda uni qonuniy vakillari qaramog‘idan olib qo‘yish kabi ta’sirchan mexanizmlarga asos solindi.

Joylarda mazkur hujjatning ijrosini to‘g‘ri tashkil etish, jamiyatda bu salbiy illatga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, ko‘zimizning oqu qorasi, deb e’zozlaganimiz murg‘ak farzandlarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida Prezidentning “2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu strategiya o‘z oldiga juda katta vazifalarni qo‘ygan. Avvalo, qayerda bo‘lmasin, bolalar uchun xavfsiz muhit yaratish, biror noqulay sharoitdagi o‘g‘il-qizlarni erta aniqlash hamda jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bolajonlarga kompleks yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikda mavjud ayrim bo‘shliqlar zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ko‘mak berishda to‘liq huquqiy mexanizmlarni ta’minlashni, mavjudlarini yanada takomillashtirishni taqozo qilmoqda.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bu kabi muammolarga barham berishga qaratilgani bilan juda ahamiyatlidir.

Mazkur hujjat asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda ayollarni reabilitatsiya qilish markazlariga zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat qilish va sud majlislarida ularning vakili sifatida ishtirok etish huquqi berilmoqda.

Bundan tashqari, jabrlanuvchilar maxsus markazlarda bo‘lgan davrda ularning ish joyi va lavozimini saqlab qolish kafolatlanmoqda. Milliy qonunchiligimizga “bolaning eng ustun manfaatlari” degan tushunchani kiritish taklif qilinmoqda.

Aytish mumkinki, qonun loyihasining qabul qilinishi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarining huquq va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish mexanizmlarini yanada kuchaytiradi. Zero, bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish orqali taraqqiyotning mustahkam asosi yaratiladi.

 

Imomnazar TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish