Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasi dasturiy siyosiy-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Birinchidan, Murojaatnomada Prezidentimizning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo‘nalishlar bo‘yicha nuqtayi nazari bayon qilinadi.
Ikkinchidan, siyosiy, iqtisodiy, g‘oyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflar aytiladi.
Uchinchidan, mamlakat rahbarining parlamentga Murojaatnomasi jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari bo‘linishi prinsipini ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy institutdir.
Davlatimiz rahbarining navbatdagi Murojaatnomasida o‘tgan yilda amalga oshirilgan islohotlar sarhisob qilinishi bilan birga, kelgusi yilning nomlanishi va amalga oshirilishi kutiladigan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Mamlakatimizda o‘tgan 9 yilda amalga oshirilgan islohotlar zamirida inson qadrini ulug‘lash, xalq bilan muloqot qilish va islohotlar samarasini har bir xonadonda his etish oliy maqsad etib belgilangan. Ushbu davr mobaynida yurtimizda iqtisodiyot, energetika, suv ta’minoti, ilm-fan, sport va aholini kambag‘allikdan chiqarish yo‘nalishlarida katta yutuqlarga erishildi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan 6 ta ustuvor vazifalar ijrosi sifatida 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi.
Belgilab berilgan ustuvor vazifalar mahallalar infratuzilmasini yanada rivojlantirish orqali yurtimiz obodligini ta’minlash, iqtisodiyotni innovatsion va texnologik rivojlantirish yalpi ichki mahsulotni 2030-yilgacha 240 mlrd.dollarga yetkazish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil energetika” va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini yaratishdan iborat.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Mahalla — jamiyatning yuzi. Agar mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi. Mahallada o‘zgarish bo‘lsa, demak, butun jamiyat o‘zgaryapti”. Bu qaror zamirida davlat boshqaruvini bevosita xalqqa yaqinlashtirish, odamlarning dardu tashvishi bilan yashashdek oliy mas’uliyat mujassamdir. Mahallani obodonlashtirish, uni infratuzilmasini yanada yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda, mahallalarimizga yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladi.
Aytish joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat boshqaruvini ta’minlash va sud huquq tizimida qator islohotlar amalga oshirildi. Murojaatnomadagi oltinchi ustuvor yo‘nalishda zamonaviy davlat boshqaruvini ta’minlash va adolatli sud-huquq tizimi ta’minlanishi belgilandi.
2026-yildan Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi. Endi barcha davlat idoralarning 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 240 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.
Shu bilan birga, sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan izchil islohotlar davom ettirilib, odil sudlovni jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etish boshlangan. Endi tergov jarayonlarini ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari kuchaytiriladi. Kelgusi yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari ham beriladi.
Umuman olganda, Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalar yurtimizni yanada taraqqiy ettirish, aholi turmush farovonligini yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, odamlarni hayotdan rozi qilishga xizmat qiladi.
Dilbar MAMAJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.