O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy himoyaning tizimli bo‘lishi kambag‘al, kam daromadli va ehtiyojmand oilalarni barqaror daromadga erishishida asosiy poydevor vazifasini o‘taydi, deb hisoblaydi. Shu sababdan partiya ijtimoiy himoya tizimining izchil va manzilli bo‘lishi uchun kurashadi.
Partiyaning Sirdaryo viloyat kengashi tomonidan “Ijtimoiy himoyadan barqaror daromad sari” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida ham viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi, oldinda turgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yil 1-noyabriga qadar “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan 18 025 ta oilaning ijtimoiy ahvoli o‘rganilib, ulardan 8 007 tasi daromadi kambag‘allik chegarasidan yuqori bo‘lgani uchun reyestrdan chiqarildi. Hozirda reyestr 10 018 ta oila bor va viloyatda kambag‘allik darajasi 4,4 foizni tashkil etmoqda. Reyestrdagi oilalarning 2 107 tasi qizil, 7 911 tasi sariq toifaga kiradi.
Inson ijtimoiy xizmatlar markazi hamda ijtimoiy xodimlarga fuqarolardan 143 432 ta arizalar kelib tushgan bo‘lib, ularning 106 709 tasiga belgilangan muddatlarda xizmat va yordamlar ko‘rsatilgan.
Sirdaryo viloyatida “Kambag‘al oilalar reyestri”da turgan 10 mingdan ko‘proq oilaga ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Afsuski, shu oilalardan 372 tasi boquvchisini yo‘qotgan, 323 tasida oila a’zosi jazoni ijro etish muassasasida qolayotgan bo‘lsa, oila a’zosi psixiatriya dispanserida bo‘lgan oila 696 tani tashkil etayotgan ekan. Albatta, bunday raqamlar hammani o‘yga toldiradi, asosiysi, mas’ul vazirlik-idoralar, mahalliy ijro hokimiyatidan, deputatlardan ham katta mas’uliyat talab qiladi.
Muammolar bilan yuzma-yuz qolayotgan oilalar uchun alohida-alohida yondashuv kerakligi, bunda boquvchisini yo‘qotgan oilaga bir-ikki martalik yordamdan ko‘ra, shu oiladagi mehnatga qobiliyatli biron a’zoni, farzandini kasb-hunarli qilish oilaning hayotini tubdan o‘zgartirishi mumkinligi aytib o‘tildi.
Viloyatda “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga ko‘rsatilgan xizmatlarda bandlik va daromadni oshirish, doimiy ishga joylashtirish va ta’lim yo‘nalishidagilar qariyb 30 mingtani, ya’ni salmoqli qismni tashkil etmoqda. Bu kam daromadli oilalar harakatga kelayotgani, davlatga ham, o‘ziga nisbatan ham talabchanligi oshayotganini bildiradi. Bu kambag‘allikni qisqartirish uchun eng muhim omil.
Odamlar ishlashga, turmushiga o‘zgartirishga intilayotgan ekan, davlat tashkilotlari, hokimliklar, hududlardagi vazirliklar mutasaddilari talabga loyiq ishlashi zarur. Afsuski, partiya deputatlik guruhlari kambag‘allik bilan bog‘liq dasturlar ijrosini, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamlar holatini o‘rganganda, yuzaki, mas’uliyatsiz yondashilgan holatlarga ham duch kelayotgani aytilib, befarqlik holatlariga nisbatan murosasiz bo‘lish kerakligi ta’kidlandi.
Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi deputatlik korpusi Sirdaryo viloyatida kambag‘allik va bandlik masalasida manzilli, qat’iy deputatlik nazoratini o‘rnatishi, ijtimoiy himoyaga tizimli yondashuvni qo‘llab-quvvatlashi ma’lum qilindi.