Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash – doimiy vazifa

 

Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishida davlat va jamiyatimiz ravnaqi bilan bog‘liq muhim vazifalar hamda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda deputatlar dastlab Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-noyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash, bu jarayonda Xalq demokratik partiyasi deputatlik korpusining faol ishtirokiga erishish masalalari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Ta’kidlandiki, yig‘ilishda belgilagan vazifalar partiyamizning muhim dasturiy maqsadlari amalga oshishiga, elektorat manfaatlari himoyasiga xizmat qiladi. Shuning uchun jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish borasida katta mas’uliyat turganligi, real natijalar uchun qat’iy va amaliy harakat qilish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda fraksiyamiz rahbari Ulug‘bek Inoyatov kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, muhtoj aholi vakillari manfaatlarini himoyalash borasida muhim natijalarga erishilayotgani, shu bilan birga, hali oldinda dolzarb vazifalar turganligini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, videoselektorda ko‘rsatilgan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab olish, eng muhimi, har bir chora-tadbirdan real natija bo‘lishiga e’tibor qaratish zarurligi bildirildi.

Navbatda muhokama qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan atroflicha muhokama etildi. Loyihaga ko‘ra, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki odometr uskunasi almashtirilganligi haqida avtotransport vositasini realizatsiya qilishdan oldin xaridorni xabardor etmaslik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Deputat Jamol Achilovga ko‘ra, odometr ko‘rsatkichini soxtalashtirish natijasida avtomobilning yangi egasi avtomobil holati haqida noto‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lish holatlari yuzaga kelmoqda. Shu tufayli qo‘shimcha texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlarni almashtirish kechikib, bu esa mulkdor va boshqa yo‘l harakati qatnashchilarining hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymoqda. Shu bois tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritishni davrning o‘zi talab qilmoqda.

Qonun loyihasining ijtimoiy ahamiyatiga ham alohida e’tibor qaratilgan holda, loyiha ma’qullandi.

Deputatlar har bir qonun loyihasi yuzasidan fraksiyaning aniq pozitsiyasini bildirdi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish