Xalq demokratik partiyasi so‘l qanot partiya sifatida davlat tashkilotlari va mansabdor shaxslarning fuqarolar oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish, bu borada deputatlik hamda jamoatchilik nazoratini izchil olib borish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Kuz-qish mavsumida kommunal ta’minot muntazamligini ta’minlash, aholiga, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish dolzarb masaladir. Shundan kelib chiqib, Xalq demokratik partiyasi deputatlari Toshkent viloyatining 22 ta tuman-shahrida kommunal sohadagi xizmatlarning sifati va samaradorligini o‘rgandi.
Mazkur o‘rganish natijalari Nurafshon shahrida viloyatda kommunal sohaga mas’ul tashkilotlar mutasaddilari, elektorat va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq muhokama etildi. Aniqlangan muammoli holatlar, yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha amaliy muloqot tashkil etildi.
Jamoatchilik eshituvi tartibidagi yig‘ilishda Toshkent viloyatida kommunal xizmatlar ko‘rsatishga mas’ul idoralar mutasaddilari elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va ko‘mir ta’minoti holati haqida axborotlarini taqdim etishdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida kuz-qish mavsumiga jadal tayyorgarlik ko‘rilgan, ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalarida joriy va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan.
Ko‘p qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash doirasida viloyat bo‘yicha 242 dona ko‘p qavatli uyning tom qismi, 538 ta kirish yo‘laklari, 368 ta elektr shit, 118 dona yerto‘la qismidagi muhandislik tarmoqlari ta’mirlanib, shay holatga keltirilgan.
Gaz xo‘jaligining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi bo‘yicha berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha gaz quvurlari to‘liq ta’mirlangan, xususan, markazlashgan 2 ta qozonxona mukammal, markazlashgan yana 17 ta qozonxona joriy ta’mirlangan.
Umuman, kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar taqdim etgan aksariyat ma’lumotlarda asosiy rejalar 100 foiz va undan yuqori sifatda bajarilgani ko‘rsatilgan. Bu quvonarli, albatta. Lekin kuz-qish mavsumi qisqa emas, real hayotda yuzaga keladigan muammoli holatlarni xalqimiz oldida hisobdorlikni his qilib hal etish zarur bo‘ladi, deyildi jamoatchilik eshituvida.
Shuningdek, viloyatda ko‘mir bilan ta’minlanish holati o‘rganish davrida 53 foizni tashkil etgani holda, bu ko‘rsatkich mos ravishda Bo‘ka tumanida 34, Piskent tumanida 42, Parkent tumanida 44, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlarida 46, Yangiyo‘l tumanida 65 foizni tashkil etgan.
Ichimlik suvi tarmoqlari mukammal ta’mirlanishi bo‘yicha Zangiota tumanida ko‘rsatkich 24, Qibray tumanida 48, Nurafshon shahrida esa 44 foizni tashkil etgani qayd qilingan.
O‘rganish jarayonida ko‘ringan kamchiliklarni hal etish bo‘yicha Xalq demokratik partiyasining tuman, shahar, shuningdek, viloyat Kengashlaridagi deputatlari tomonidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborilgan.
Yig‘ilishda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashni ta’minlash, kommunal xizmatlarni uzluksiz va sifatli ko‘rsatish borasidagi masalalar mutasaddilar ishtirokida jamoatchilik vakillari ko‘z o‘ngida muhokama etildi.
Mas’ul tashkilotlar rahbarlariga iste’molchilar murojaatlari asosida kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yuborilgan deputatlik so‘rovlariga tezkor ravishda javob yuborish, amaliy choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi.
Xalq demokratik partiyasi deputatlari va faollaridan iborat ishchi guruhlar respublikamizning boshqa hududlarida ham o‘rganish va deputatlik nazorati tadbirlarini davom ettirmoqda.