Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi QL–142-sonli O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Mazkur hujjat qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va chegaralardagi huquqiy aniqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyihada jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat mexanizmlari belgilanayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga ushbu toifadagi shaxslar zimmasiga ular ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlarga vaqti-vaqti bilan borib turish va ro‘yxatdan o‘tish majburiyatini yuklashni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Fraksiya a’zosi Dilbar Mamajonova mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlarini belgilashni aniq nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilishi lozimligini ta’kidladi. Zero, ayni shu masalada amaliyotda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlari hamda nazorat subyektlarining bu yo‘nalishdagi vazifalari belgilanmaganligi ushbu sohada tomonlarning o‘zaro munosabatlarida ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Fraksiya a’zolari loyihani bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi bilan Vengriya o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya loyihasi ham muhokama qilindi.
Ushbu hujjatning asosiy maqsadi – xalqaro maydonda butun insoniyat uchun xavf soluvchi jinoyatlar, xususan, terrorizm, odam savdosi kabi ko‘rinishlarga qarshi kurashishda a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlik qilishning yangicha mexanizmlari, shuningdek, xalqaro jinoyatchilarni ushlab berish tizimiga oid yangicha yondashuvlarni takomillashtirishga qaratilgan.
Deputat Zulayho Akramovaning fikriga ko‘ra, bu hujjat O‘zbekistonni jinoyatchilikka qarshi kurashishda dunyo miqyosidagi ishtiroki uning xalqaro maydondagi obro‘siga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Fraksiya a’zolari har bir qonun loyihalari bo‘yicha o‘zlarining kengaytirilgan, asoslantirilgan taklif va tavsiyalarini bildirib o‘tishdi. Zero, bildirilgan har bir taklif va tashabbuslarning ortida mamlakatimizning rivojlanishga xos yondashuvlar, muhimi, uning fuqarolari manfaatlari yotibdi.
Muhokamalar yakunida kun tartibida ko‘rilgan loyihalar bo‘yicha fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.