Deputatlarimiz hududlarda fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda

 

Hammaga ma’lumki, har oyning so‘ngi haftasida Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari hududlarga chiqib, saylovchilar bilan uchrashuvlar, ijtimoiy soha obyektlarida o‘rganishlar o‘tkazadi. Fraksiyasimiz a’zolari I.Tursunov va O.Iminov partiyamiz hududiy mas’ullari bilan birgalikda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 171 umumta’lim maktabida bo‘lishdi.

O‘rganishlarda aniqlanishicha, maktabda rus tili, matematika, fizika, ximiya, biologiya fanlaridan o‘qituvchi yetishmaydi. Shuningdek, oylik maosh pastligi uchun farroshlar ham yetarli emas.

Aniqlangan muammolarni bartaraf etish borasida maktab jamoasidan ham takliflar olindi. Maktab jamoasining aytishicha, bugungi kunda maktabning sig‘imi mavjud o‘quvchilarni to‘liq qamrab ololmayapti. Shuning uchun qo‘shimcha bino qurib, sinfxonalar sonini ko‘paytirish evaziga qamrovni oshirish mumkinligini bildirishdi. Asosiysi, qo‘shimcha bino qurish uchun maktab hududida yetarlicha yer mavjud.

Deputatlarimiz aniqlangan muammo va ularning yechimi uchun bildirilgan takliflarni shakllantirib, mutasaddi idoralar bilan bog‘lanib, ijobiy yechim topishga qaror qilishdi.

Fraksiyamizning boshqa a’zolari J.Ochilov va A.Nurmatov Toshkent viloyatida bo‘lib, Qibray tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi, aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va markaz xodimlari tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmat va yordamlarning sifati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, markaz tomonidan ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash kabi yordamlar o‘z vaqtida ko‘rsatilib kelinmoqda.

Deputatlarimiz shuningdek, aholi vakillari bilan muloqot o‘tkazib, mehnat faoliyatini kengaytirish istagidagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish yuzasidan tavsiyalar berdi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish