Fraksiyamiz qonun loyihasini shartli ravishda ma’qulladi

 

Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomini belgilash hamda bir martalik plastik mahsulotlarni olib kirish va sotishni tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonuni loyihasi muhokamadan o‘tdi.

Qonun loyihasi bilan ekologik toza hududlar tushunchasi kiritilib, ular jumlasiga ekologik tizimlarni saqlab qolish, tabiat obyektlari bilan bog‘liq moddiy madaniy meros obyektlarini asrash va ularga salbiy texnogen ta’sirning oldini olish tartibi belgilanmoqda.

Mazkur loyiha bo‘yicha uzoq munozaralar bo‘ldi. Xususan, fraksiya a’zosi Sh.Nazarov qonun loyihasining texnik jihatlari, xususan, asosiy tushunchalar to‘liq yoritilmagani haqida e’tirozlarini aytib o‘tdi. Deputatning fikricha, loyiha, avvalo, uning ijrochilari uchun tushunarli bo‘lishi lozim. Agar loyiha kiritilgan tartibda qabul qilinsa, ertaga amaliyotda katta bo‘shliqlar, muhokamali masalalar yuzaga kelaveradi.

Loyihada ekologik toza hududlarning rejimini buzganlik uchun ma’muriy jazo choralari belgilanmoqda. Jumladan, ekologik toza hududlarning rejimini buzish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Deputatlar jarimalarni qo‘llashda aniq mexanizm ishlab chiqilishi kerakligi, belgilanmagan joyga bitta plastik buyum tashlagan odam o‘rmonga o‘t qo‘ygan bilan bir xil jarimaga tortilmasligi, har bir harakat ijtimoiy darajasidan kelib chiqib baholanishi kerakligini ta’kidlashdi.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasiga ko‘plab takliflar va o‘zlarining o‘rinli e’tirozlarini bildirishdi.

Deputatlar tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish hamda moddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash muhimligini hisobga olib, ko‘rsatilgan kamchiliklarni ikkinchi o‘qishga qadar to‘g‘rilash sharti bilan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullashdi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish