O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan joylarda aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar samaradorligi muntazam o‘rganilib, natijalari tahlil etib borilyapti. Jumladan, kuni kecha Sirdaryo viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda tuman va shahar bo‘limlarida tahliliy o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganishlar davomida viloyatda aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishida aniq reja ishlab chiqilgani va u 6 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘ldi. 2025 yilning orta qolgan 9 oyi davomida viloyatda 98 847 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash reja qilingan bo‘lib, amalda 109 430 nafar aholi bandligi ta’minlangan. Bu reja 110 foizga bajarilganini anglatadi.
Shu bilan birga, o‘rganishlar davomida bir qator muammolar ham aniqlandi. Xususan;
Mehnat bozoridagi talab va taklif o‘rtasida nomutanosiblik mavjud. Ya’ni, viloyatda ish qidirayotgan fuqarolarning malakasi ish beruvchilar talab qilayotgan kasblardan farq qilmoqda. Bunda kasb-hunar o‘quv muassasalarida ta’lim berilayotgan yo‘nalishlar mehnat bozori ehtiyojlariga to‘liq mos kelmayotgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, iqtisodiy faollik past bo‘lgan hududlarda ish o‘rinlari yetishmasligi, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani kuzatildi.
Shuningdek, aholi o‘rtasida kasbiy malaka va ko‘nikmalarning pastligi, ayniqsa, qishloq hududlarida yashovchi yoshlar va xotin-qizlar zamonaviy mehnat bozori talab qiladigan kasb va ko‘nikmalarga yetarlicha ega emas. Raqamli ko‘nikmalarning yetishmasligi ham ishga joylashish imkoniyatlarini cheklayotgani aniqlandi.
Xulosa qilib aytganda, Sirdaryo viloyatida aholi bandligini ta’minlash borasida muayyan yutuqlarga erishilgan. Bu katta natija. Lekin shu bilan birga o‘rganishlar sohada muammolar borligini, ularni bartaraf etishda mutaxassislar ishtirokida tizimli chora-tadbirlar, manzilli yondashuvlarga ehtiyoj sezilayotganini ham ko‘rsatmoqda.