Qancha yig‘ilish o‘tkazilgani emas, qanday natijaga erishilgani muhim
Qancha yig‘ilish o‘tkazilgani emas, qanday natijaga erishilgani muhim

 

Keyingi yillarda mahalliy davlat boshqaruvini demokratlashtirish, hududlar taqdiri bilan bog‘liq qarorlarni bir kishi emas, ko‘pning fikri bilan qabul qilish bo‘yicha ancha natijalarga erishildi. Xalq deputatlari Kengashlari hozir eng muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishda ko‘plab vakolatlarga ega bo‘ldi. Chunki kuchli fuqarolik jamiyatini qaror toptirish uchun avvalo, mahalliy kengashlar kuchayishi kerak. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Agar mahalliy Kengash kuchaymasa, islohotlar natijasi ko‘rinmaydi.

Shunday muhim pallada mahalliy Kengashlardagi Xalq demokratik partiyasi deputatlari nimalar bilan mashg‘ul, ularning mahalliy Kengashlar sessiyalarida tashabbuskorligi qanday?

Savollarimizga farg‘onalik faollarimiz javob berishdi.

 

Shohruh O‘KTAMOV,

O‘zXDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi:

– Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat, tuman va shahar Kengashlarida O‘zXDPning 115 nafar deputati faoliyat olib bormoqda.

Bir narsani ishonch bilan ayta olaman, partiya guruhlarimizning xalq orasida ham, deputatlar orasida ham obro‘si yaxshi. Deputatlarimiz doimiy komissiyalar, hokimlik va ijro organlari rahbarlari oldida o‘z so‘ziga va mustahkam pozitsiyasiga ega.

Joriy yilning o‘tgan davrida deputatlar tomonidan jami 329 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan bo‘lsa, ularning 291 tasi ijobiy hal etildi. Deputatlik nazorati orqali 78 ta masalada o‘rganish olib borildi. Ularning asosiy qismi sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik, uy-joy bilan ta’minlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalari – bu jamiyat hayotining yuragi, aholining muammolari hal bo‘ladigan, orzu-maqsadlari ro‘yobga chiqadigan minbardir. Bu yerda har bir deputatning ovozi muhim, fikri, munosabati tinglanadi.

Ushbu jarayonda deputatlarimiz, faollarimiz muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini erkin bildirib, himoya qilmoqda.

Aytaylik, joriy yilning o‘tgan davrida deputatlik nazorati orqali o‘rganilgan 72 ta masala sessiyalar kun tartibiga olib chiqildi. Shuningdek, deputatlik guruhlari tashabbusi bilan sessiya qarorlari doirasida 59 nafar mansabdor shaxslarning xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda hisoboti eshitildi.

Masalan, yaqinda xalq deputatlari Beshariq tumanidagi partiyamiz deputatlik guruhi tomonidan davlatimiz rahbarining “Aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar salohiyatini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmasi rahbari L.Jo‘rayevning hisoboti eshitildi.

Kengash qarori bilan har bir oilaviy poliklinika va shifokor punktiga eng kerakli uskuna va jihozlar yetkazib berish bo‘yicha taklif kiritib borish, bunda ekspress laboratoriyalarni to‘liq yangilash, aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishiga zamin yaratish vazifasi yuklatildi.

Aytish kerakki, bugungi kunga qadar deputatlik guruhlari tomonidan ish rejada belgilangan vazifalarning 90 foizi muvaffaqiyatli bajarildi.

 

Shavkatjon ERMATOV,

xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari:

– Saylovchilar bilan uchrashish, ularning muammolarini o‘rganish maqsadida chekka qishloqlarga ko‘p boramiz. Odamlarning murojaatlari asosida yoki o‘zimiz ko‘rgan, kuzatgan kamchiliklar, muammolar yuzasidan takliflar tayyorlaymiz, mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga deputatlik so‘rovlari jo‘natamiz.

Bir misol, joriy yilning 20 iyun kuni “Ijtimoiy himoya” milliy agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Salimovga Prezidentning 2023 yil 27 dekabrdagi «O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi bo‘yicha Farg‘ona viloyatida bajarilgan ishlar yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborildi. Natijasida elektoratimiz vakillari bo‘lgan 10 nafardan ortiq o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi.

Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin. Endi tasavvur qiling, har bir tuman, shahar, viloyatning qanchadan-qancha deputati, xalq saylagan vakillari bor. Hamma yuragi yonib ishlasa, ishonchni oqlash uchun behalovat bo‘lsa, qanchadan-qancha murojaatlar hal bo‘ladi, odamlarni o‘ylantirayotgan ko‘pdan-ko‘p masalalar yechiladi. Shunday masalalar borki, vaqt ham, katta mablag‘ ham talab etmaydi. Shunchaki e’tiborning o‘zi uni hal qilish uchun yetarli. Faqat deputat saylovchilari uchun jon kuydirsa bo‘ldi.

 

Obloberdi OLIMOV,

xalq deputatlari Quva tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari:

– Viloyatimizda sessiya kun tartibiga masala olib kirishda mahalliy Kengashlardagi doimiy komissiyalarning o‘rni ham muhim ahamiyatga ega. Chunki deputatlik guruhining o‘rganish yakunlari bo‘yicha qarori dastlab doimiy komissiyaga taqdim etiladi. Komissiyalar ko‘rib chiqiladigan masalaning mohiyati, dolzarbligi va uning aholiga ta’sirini chuqur tahlil qiladi. Shundan so‘ng ushbu masalani Kengash kun tartibiga kiritadi.

Masalan, yaqinda xalq deputatlari Quva tuman Kengashining “Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari” bo‘yicha doimiy komissiya yig‘ilishida O‘zXDP deputatlari tashabbusi bilan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonunning tumandagi ijrosi muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, tuman vasiylik va homiylik ro‘yxatida 133 nafar vasiylikdagi, 91 nafar homiylikdagi, 7 nafar oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari — jami 231 nafar bolalar bo‘lib, ularning yig‘ma jildlari shakllantirilganligi aniqlangan.

Shuningdek, joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, tumanda 66 nafar ota-onasining qaramog‘isiz qolgan bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida ularning 47 nafariga vasiylik, 19 nafariga homiylik tayinlangan.

Shu bilan birga 22 nafar bolalar ota-onasi qaramog‘iga qaytarilgan. Bundan tashqari, bolalar huquqlarini ta’minlash masalasida sud jarayonlarida 40 marotaba ishtirok etilgan. Bu orqali o‘zaro ajralgan holda yashayotgan ota-onalarning farzandlarini ko‘rish, bolaning yashash joyini belgilash bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga xulosalar taqdim etilgan.

Tumanda 6 ta holatda O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 77-moddasiga asosan voyaga yetmagan bolalarning yaqin qarindoshlari (bobo, buvi, aka, uka va boshqalar) bilan ko‘rishib turishini ta’minlash maqsadida Quva tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, Bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho’basining qarorlari qabul qilingan.

O‘rganish natijalari tahlil qilinib, xalq deputatlari Quva tuman Kengashining o‘n ikkinchi sessiyasida ko‘rib chiqildi.

Qancha yig‘ilish o‘tkazilgani emas, qanday natijaga erishilgani muhim. Xo‘sh, biz natijalarni qanday aniqlaymiz? Joylarda o‘tkaziladigan partiya faollari, deputatlar ishtirokidagi uchrashuvlar, muloqotlar jarayonida aholining fikrlari, murojaatlari o‘rganiladi. Ko‘rilgan masalalar bo‘yicha qayta o‘rganish olib boriladi, sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgan masalalar ijrosi jadallashtiriladi.

 

***

Bir qarashda deputatlik guruhlari shunchaki 10-15 nafar deputatlar birlashmasi, 2-3 oyda biron bir masalasini muhokama qiluvchi jamoadek ko‘rinadi. Aslida esa uning mas’uliyati, saylovchilar oldida burchi katta. Ular hududlardagi aholini o‘ylantirayotgan masalalarni yaxshi bilishi, ularni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar, mutasaddilar oldiga vazifalar qo‘yishi, muammolar yechimi bo‘yicha aniq takliflar bildirishi kerak bo‘ladi. Ularning tashabbusi bilan sessiyalarda ko‘rilgan masalalar ham shunchaki qog‘ozlarda qolib ketishi kerak emas. Ijrosi nazoratga olinib, amaliy ishlar natijasi ko‘rinishi zarur.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 1.10.2025, №39

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish