Har gal saylov okrugida saylovchilar bilan uchrashuvlar yangi g‘oya va kelgusi faoliyatimizdagi rejalarimizni ham belgilashga asos bo‘ladi. Aytish kerakki, bu galgi uchrashuvlar, o‘rganishlar, targ‘ibot hamda nazorat-tahlil tadbirlari ham juda samarali kechdi.
Dastavval, Denov tumanidagi Sina hududiy tug‘uruq bo‘limining yangi qurilgan binosida bo‘ldik. O‘tgan safardagi uchrashuvlarimizda pudratchi, loyihachi, buyurtma beruvchilar bilan suhbat o‘tkazilib, qurilishni o‘z muddatida va sifatli tarzda amalga oshirish bo‘yicha deputatlik nazoratiga olgan edik. Ta’kidlash kerakki, kompleksda zamonaviy tarzda qurilish ishlari amalga oshirilgan. Endi binoni talab darajasida jihozlash masalasi ham deputatlik nazoratiga olindi.
So‘ng, tumandagi “Sina” mahallasi hududida qurilayotgan ko‘prik va “Dashti chinor” mahallasi Ushor va Sina qishloqlari hududidan oqib o‘tuvchi “Obidara” soyining sel suvlari oqibatida yemirilgan 900 metr qismini sel suvlaridan muhofaza qilish inshootining qurilish jarayonlarini o‘rgandik. Mazkur qurilish ishlari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun tegishli tavsiyalar berildi.
Kelib tushgan murojaatlarda sel toshqini natijasida “Sina” va “Fayzobod” mahallalarini bir-biri bilan bog‘lovchi ko‘prik buzilgani aytilgan edi. Masalani joyiga borgan o‘rganib, ko‘prikni qayta qurish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborishga qaror qildik.
Uchrashuvlar davomida “Sina”, “Dahana”, “Mehnatobod”, “Sohibkor” mahallalarida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining yo‘nalishlar kesimida ijro etilish holati, maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari hamda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligi o‘rganildi.
“Mehnatobod” mahallasidagi 11-sonli oilaviy poliklinika va tuman tibbiyot birlashmasi, tug‘uruq bo‘limida “DMED” yagona axborot tizimidan foydalanish, korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik kabi masalalar o‘rganildi, bemorlar va fuqarolar bilan muloqot olib borildi.
Shuningdek, tumandagi 57, 60 va 91-sonli maktablarning boshlang‘ich sinflari tahsil oladigan qo‘shimcha binolar holati ko‘rib chiqildi. jarayonda aholi tomonidan ushbu qo‘shimcha binolar o‘rniga alohida yangi bino qurish zarurligi bo‘yicha murojaat qilindi. Mazkur murojaat bo‘yicha mas’ul idoralar bilan bog‘lanib, maslaga ijobiy yechim topish masalasini muhokama qildik.
Xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari, mahalla yettiligi va saylovchilar bilan uchrashuvlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va bu borada qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati, maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari, ayni paytda quyi palata muhokamasida bo‘lgan qonun loyihalari va qabul qilingan qonunlar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
Shu bilan birga, aholi muammolari o‘rganildi, bir qator takliflar olindi. O‘rganilgan masalalarning ijro etilishi ustidan deputatlik nazorati o‘rnatildi. Aholi muammolarini hal etish va takliflarni o‘rganib chiqish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.