Islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilishi muhim

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Deputatlar ta’kidlaganidek, Davlat budjetining ijtimoiy yo‘naltirilganligi islohotlarning samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi «Tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va uni amalga oshirish mexanizmlari alohida muhokama qilindi.

Ma’lumki, qarorga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari har yili «Tashabbusli budjet» jarayonlari doirasida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan ikkita loyihani (har mavsumda bittadan) saylovchilarning manfaatlarini inobatga olgan holda, «Ochiq budjet» axborot portalida tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Deputatlar tomonidan tanlangan loyihalar «Ochiq budjet» axborot portalida avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi va ushbu loyihalar respublika budjetidan moliyalashtiriladi.

Yig‘ilishda deputatlar joriy etilayotgan yangi amaliyot saylovchilar va deputatlar o‘rtasida amaliy muloqotning yanada natijali bo‘lishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Partiya dasturi va elektorat manfaatlariga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda deputatlar bevosita faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘layotgani ham qayd etildi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish