
Yaʼni, partiyamiz mamlakatning tobora yuksalayotgan iqtisodiy salohiyati aholining kam taʼminlangan qatlamlari turmush darajasi va hayot sifatini oshirish uchun xizmat qilishi kerak, deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan yaxshilash maqsadida ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqib, zarur choralar ko‘rilishi kerak.
Joriy yil 4 avgust kuni qabul qilingan “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari himoyasi yanada kengaymoqda.
Unda xodim va ish beruvchi o‘rtasida samarali, adolatli hamda o‘zaro manfaatli mehnat munosabatlari tizimini yaratish nazarda tutilmoqda. Buning uchun xodimning kasbiy malakasi ham inobatga olinadi. Shu maqsadda endilikda kasblarga o‘qitish bilan bir qatorda xususiy sektor ishtirokida malaka oshirish tizimini joriy etish belgilanmoqda.
Bilamizki, kadrlar salohiyati va tajribasi tashkilot-muassasa faoliyatida hal qiluvchi omillardan sanaladi. Аgar ular o‘z ehtiyojlariga muvofiq malakali kadrlar bilan taʼminlansa, rivojlanadi. Farmonda mazkur masala ham chetda qolmagan. Inson resurslarini boshqarish va mehnat muhofazasi sohasini rivojlantirish esa hujjatning muhim jihatlaridan yana biri.
Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 sentyabrdan ish beruvchilar uchun joriy etilgan ayrim talablar olib tashlanadi. Xususan, bandlik organlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlariga yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi. Qolaversa, bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risida hisobotlarni majburiy taqdim etish tizimiga ham barham beriladi. Mazkur tartib shaffoflikka, vakant o‘rinlar uchun xodimlarni tanlashdagi sog‘lom raqobatga xizmat qiladi. Bundan tashqari, 2025 yil 1 noyabrdan boshlab xo‘jalik yurituvchi subʼektlar faqatgina nogironligi bo‘lgan shaxslar, Kambag‘al oilalar reestridagi oilalar aʼzolari, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxirasini shakllantiradi. Ushbu tartib xodimlar soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga qo‘llaniladi va zaxira o‘rin xodimlar umumiy sonining uch foizidan oshmasligi kerak. Byudjet tashkilotlari va davlat ulushi 5 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalarda esa xodimlari soni 20 nafardan ortiqligi va ularning 7 foizidan oshmasligi zarur ekani qayd etilgan. Majburiy zaxiraga qo‘shimcha ravishda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar va odam savdosi qurboni bo‘lgan shaxslar ham kiritiladi.
Yana bir masala. Ishsizlik nafaqasi endi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Bunda ishsizlik nafaqasi so‘nggi besh yilda kamida 18 oy ishlagan va mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng 6 oy ichida murojaat qilgan shaxslarga beriladi. Mablag‘ summasi fuqaroning o‘rtacha oylik ish haqi hisobidan aniqlanadi va 3 oy davomida to‘lanadi. Masalan, birinchi oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75, ikkinchi va uchinchi oylarda esa 50 foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan holda to‘lovlar amalga oshiriladi. Bundan ko‘rinadiki, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarda adolat mezonini mustahkamlash bilan bir qatorda, ijtimoiy himoya masalalariga alohida o‘rin berilgan. Аsosiysi, hujjat ijrosi tomonlar manfaatlarini birdek himoyalashga yo‘naltiriligani bilan ahamiyatlidir.
Erkin GАDOEV,
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy
masalalar qo‘mitasi raisi: