Yangi o‘zgarishlar bilan yuzma-yuz
Yangi o‘zgarishlar bilan yuzma-yuz

 

Xorazm buyuk tarixga ega, ilm-u ma’rifat beshigi sanalgan muazzam go‘sha. Asrlar osha ko‘hna zaminimizning muhim savdo-iqtisodiy va madaniy markazlaridan biri sanalgan, jahonga dong‘i ketgan olim-u fozillar, sarkardalar, hofiz-u shoirlar vatani bo‘lgan bu voha solnomasida mustaqillik yillari alohida o‘rin tutadi. Binobarin, o‘tgan davrda bu yerda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. Ulkan bunyodkorliklar, yaratuvchanlik ishlari amalga oshirildi. Bunday keng qamrovli yangilanish viloyatning eng chekka, olis hududlarini ham qamrab oldi. Ayniqsa, so‘nggi sakkiz-to‘qqiz yil ichida barcha sohada o‘sish sur’ati sezilarli oshdi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, Xorazm shonli tariximiz va yangi islohotlar tutashgan chorrahaga aylandi.

Joriy yil may oyining ilk kunlarida Prezidentimiz Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida erishilayotgan salmoqli natijalarni e’tirof etar ekan, logistika zanjiridan uzoqda, tabiiy resurslari cheklangan bu diyorda birgina 2024-yilning o‘zida 7 mingta yangi tadbirkorlik subyekti ish boshlagani, 1 ming 700 ta korxona faoliyati tiklangani, natijada 290 ming aholi bandligi ta’minlanganiga urg‘u berdi.

Darhaqiqat, 2024-yili Xorazmda “kichik va o‘rta biznes yili” bo‘ldi, deyish mumkin. Yalpi hududiy mahsulot hajmi sezilarli darajada ortib, iqtisodiy faoliyatning barcha yo‘nalishlarida ijobiy o‘sish dinamikasi qayd etildi. Sanoatda ishlab chiqarish hajmi ortayotgani, qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanish, qurilish sohasidagi yuqori sur’at va xizmatlar ko‘lamining kengayishi shular jumlasidan.

Investitsiya muhitini yaxshilash, ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlash orqali Xorazmda yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Jumladan, viloyatga jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar natijasida 250 dan ziyod xorijiy kapital ishtirokida yangi korxonalar ishga tushirildi.

Ushbu korxonalarning faoliyati mahalliy iqtisodiyotni jonlantirish bilan birga, minglab ish o‘rinlarining yaratilishiga olib keldi. Umumiy qiymati 4 trillion so‘mlik yirik loyihalar tufayli 16 mingdan ziyod kishi doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Shuningdek, mahalliylashtirish dasturlari orqali hududda ishlab chiqarilayotgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar turlari keskin ko‘paydi. Bu esa tashqi iqtisodiy qaramlikni kamaytirishda muhim qadam bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Aholining turmush darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ham kutilganidek samara berayotganini aytib o‘tish joiz. Asosiysi, viloyatda kambag‘allik darajasi 14,1 foizdan 11,9 foizga, ishsizlik esa 5,8 foizga tushdi.

 

Farovon hayot asosi

Chindan ham, yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Xorazm ham yil sayin chiroy ochib bormoqda. O‘ziga xos va o‘ziga mos shaharsozlik, me’morchilik an’analari asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xalqimizning yaratuvchanlik salohiyati hamda iqtisodiyotimiz qudratini ko‘z-ko‘z etmoqda. Zamonaviy infratuzilmalarga ega yangi manzillar oilalarning farovon hayot kechirishiga xizmat qilyapti.

Bilamizki, aholi soni tobora o‘sib borayotgani fonida odamlarning birlamchi hayotiy talab va ehtiyojlari ham yil sayin ortmoqda. Yangi uy-joylar-u yangi ta’lim maskanlari va tibbiy muassasalarni barpo etishdan tortib, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, yo‘lsozlikkacha butun boshli tizimlarda qo‘shimcha quvvatlarni yaratishga zarurat bor. Shundan kelib chiqqan holda Xorazmda bunyodkorlik ishlari yildan-yilga jadallashyapti. Misol uchun, o‘tgan yili voha bo‘ylab 30 ta maktab, 15 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 15 ga yaqin tibbiyot muassasasi va qariyb 70 ta ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi. Besh yarim mingta xonadonga mo‘ljallangan uy-joylar foydalanishga topshirildi. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida yuzlab ko‘p qavatli ko‘rkam uylar qurib bitkazildi.

Viloyatda yaqin yillargacha jiddiy muammo bo‘lib kelgan va odamlarda haqli e’tirozlarni keltirib chiqargan ichimlik suvi ta’minotida ham oldga siljish kuzatilyapti. Bugungi kunda hudud aholisini toza obihayot bilan ta’minlash darajasi 91,2 foizga yetkazilgani buning isboti. Xuddi shunday, energiya ta’minotini sifat jihatidan yaxshilash, yangi yo‘llar va ko‘priklar qurish orqali yo‘lsozlikdagi kamchiliklarni bartaraf etish sa’y-harakatlari o‘z mahsulini bermoqda. Buxoro–Urganch–Xiva temir yo‘lining elektrlashtirilishi va tezyurar poyezdlar qatnoviga start berilishi xorazmliklar hayotida yana bir quvonchli yangilik bo‘ldi. Urganch shahrida jamoat transportini yaxshilash maqsadida olib kelingan zamonaviy avtobuslar aholiga qulaylik yaratdi.

Viloyatning tuproq-iqlim sharoiti murakkab. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ilg‘or yondashuvlarni joriy qilishni taqozo etadi. Shu ma’noda, hozirda 56 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilayotgani, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari qayta qurilib, 152 ta suv inshooti yangidan barpo etilgani hamda ta’mirlangani, 52 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilangani sohibkor-dehqonlar uchun har taraflama madad bo‘ldi.

 

Sayyohlar oshiqadigan makon

Xorazm o‘zining betakror osori-atiqalari, tarixiy obidalari, sharqona bozorlari bilan sayyohlarni maftun etib keladi. 2024-yilda ham Xorazm turizm sohasida jadal rivojlanganining guvohi bo‘ldik. “Xiva – islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilingach, 1,1 million nafar xorijiy va 4 million mahalliy sayyoh Xorazmga tashrif buyurdi. Turizm infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida 45 ta yangi mehmonxona va dam olish maskanlari, qator xizmat ko‘rsatish obyektlari foydalanishga topshirildi. “Xorazm turizm salohiyatida yana bir gavhar” deya ta’rif berilgan “Arda Xiva” xalqaro sayyohlik majmuasi ochildi. Ochiq osmon ostidagi muzey shahar - Xivaning tarixiy qiyofasini saqlagan holda, zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirilgan ushbu turistik markazda muzey, bozor, restoranlar, mehmonxonalar, akvapark va amfiteatr kabi inshootlar sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Xorazmda jami 263 ta madaniy meros obidasi mavjud. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda ular turistik maskanga aylantirilsa, qo‘shimcha daromad va ish o‘rinlari yuzaga keladi.

Xorazm milliy taomlarini targ‘ib etish, mehmon o‘rinlari va transport qatnovlarini ko‘paytirish, yangi ko‘ngilochar va tematik maskanlar qurish, gid va ofitsiantlar tayyorlash hudud turizm salohiyatidan unumli foydalanishning zarur shartlaridandir.

 

Al-Xorazmiy vorislari

Yodingizda bo‘lsa, bundan ikki yil oldin davlatimiz rahbari saylovoldi dasturi bilan Xorazmga tashrifi chog‘ida kelgusida viloyatning “tashrif qog‘ozi” IT sohasi bo‘lishini ta’kidlab, Xorazmda 2024-yildan boshlab “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi amalga oshirilishini aytgan edi. Bu tizim shakl va mohiyatiga ko‘ra, “maktab – oliygoh – IT kompaniyasi”dan iborat yaxlit IT-ta’lim va xizmatlar zanjirini yaratadi.

Shundan so‘ng viloyatda “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasidagi amaliy ishlarga kirishildi. Uning sharofati ila minglab yoshlar dasturlash va frilans faoliyatiga jalb qilindi.

Bu o‘rinda yana bir ma’lumot. Xorazm — O‘zbekiston hududlari orasida raqamlashtirish bo‘yicha yetakchilardan hisoblanadi. Hududda xorijga IT-xizmatlar eksport qiluvchi o‘nlab IT Park rezidenti mavjud bo‘lib, IT-eksportyor korxonalar tomonidan 2023-yil mobaynida IT-xizmatlar eksporti 1,5 mln AQSH dollarini tashkil qilgan. 2024-yilda esa bu raqam 11,1 million AQSH dollariga yetdi. Raqamlarning shu yo‘sinda shiddatli o‘sib borayotgani, tabiiyki, sohada malakali kadrlarga talabni oshiradi. “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi ana shunday mutaxassislarni nafaqat hududiy, balki xalqaro IT-bozoriga yo‘naltiradigan noyob dastur hisoblanadi.

Umuman, Xorazmda o‘sib kelayotgan avlodning manfaatlarini himoya qilish, ularning zamonaviy ta’lim olishi va har tomonlama yetuk bo‘lib kamolga yetishi yo‘lida qilinayotgan mana shunday ezgu ishlarni sanab, adog‘iga yetish qiyin.

Hozirda hududda maktabgacha ta’lim qamrovi 83 foizni tashkil etayotgani (2017-yilga qadar bu ko‘rsatkich 22 foiz bo‘lgan), o‘tgan yilda 7 ming 300 o‘quvchiga mo‘ljallangan yangi maktab binolari qurilib, ta’lim infratuzilmasi mustahkamlangani, maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrovi 56 foizdan oshgani – bularning bari ertamiz egalari bo‘lmish farzandlarimizning baxt-u iqboli yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinayotganini tasdiqlaydi.

Bugun so‘z yuritganlarimiz – Xorazmda odamlarni rozi qilish, yosh-u keksada kelajakka umid va ishonch hissini yanada mustahkamlash, xalqning turmush farovonligini oshirish uchun olib borilayotgan islohotlarga qiyos etganda, daryodan tomchi, xolos. Shunisi aniqki, ayni kunlarda eng aziz va qadrli ayyom – Mustaqilligimizning qutlug‘ o‘ttiz to‘rt yilligini munosib nishonlash tadorigini ko‘rayotgan xorazmliklar marrani bundan-da yuqori olganlar.

Zotan, har birimizning qalbimiz Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun yonib turibdi.

 

Sayyora ABDIKARIMOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 13.8.2025, №32

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish