Buxoro viloyat kengashi tomonidan Buxoro tuman Yoshlar markazida "Ijtimoiy tashabbuslar kuni" aksiyasi tashkil etildi.
Tadbirda ishtirok etgan yoshlar o‘z loyihalari, ijtimoiy tashabbuslari va yangicha g‘oyalari bilan qatnashib, mas’ullarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Jumladan, tashabbuskor yoshlarimizdan Jaxongir Nazarov bugungi kunda dunyo bo‘yicha eng dolzarb ekologik muammolardan biri hisoblanayotgan plastik ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan tashabbusi bilan tanishtirdi.
Ushbu global muammoni kamaytirish maqsadida loyihada xazon barglaridan qog‘oz olish orqali ekologik toza qog‘oz paketlar ishlab chiqarish taklif etilmoqda. Bunda kuz faslida yig‘iladigan xazon barglari maxsus texnologiya asosida qayta ishlanib undan ekologik toza qog‘oz olinadi. Keyin olingan qog‘ozdan kundalik savdo va maishiy foydalanish uchun qog‘oz paketchalar ishlab chiqiladi. Bunday paketchalar tabiiy parchalanadi, qayta ishlashni talab qilmaydi va albatta tabiiy resurslar(daraxt)ni tejashga xizmat qiladi.
Yana yoshlar faolimiz Mirzohid Narzullayev shifokor bemorga yozadigan retseptni QR kod tizimi orqali amalga oshirish tashabbusni taklif qildi.
Bunda har bir shifokor bemor uchun elektron retsept tuzadi va u QR kod ko‘rinishida bemorning elektron tibbiy kartasiga biriktiriladi. Bemor dorixonada QR kodni skaner qilish orqali dorixonachi ham qaysi dorini berishini, uning dozasi va qo‘llanish tartibini ham aniqlaydi.
Mazkur tizim qo‘lda yoziladigan retseptlardagi xatoliklarga barham beradi. Ya’ni dorixonachi QR kod skanerlash orqali qaysi dorini berishi kerakligi haqida aniq ma’lumot oladi. Shu bilan birga bemorlar dori vositalarini to‘g‘ri qabul qilishi uchun ko‘rsatmalar oladi, bu esa davolanish sifatini oshiradi.
Bugun jamiyatimizda dunyoqarashi keng, bilimli yoshlar yetarlicha. Ularning tashabbuslarini doimiy tinglashimiz, qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Aynan yoshlarning tashabbuslari jamiyatimizga yangilik, yengillik olib kiradi.