E’tiborsizlik – sukut, sukut esa jinoyatga sheriklik bilan teng
E’tiborsizlik – sukut, sukut esa jinoyatga sheriklik bilan teng

 

Har gal Farg‘onadan Toshkentga xizmat safari bilan yo‘lga chiqqanimda, “Qamchiq” dovonidagi, xalqimiz tilida “pereval”dagi savdo va ovqatlanish nuqtalarida tinmay ishlayotgan o‘spirinlarga ko‘zim tushadi.

Kuni kecha ham shunday manzaraning guvohi bo‘ldim. Yo‘l yoqasidagi oshxonalarda bolalarning tun yarmida ham ofitsiantlik qilayotganiga duch keldim. Buyurtma berish bahonasida ular bilan bir necha daqiqa suhbatlashdim. Biri ta’tildan foydalanib, ishlayotgani va oilasiga yordam berayotganini aytsa, yana biri “maktab formasi”ni sotib olish uchun pul topish ilinjida bu yerga kelganini ta’kidladi. Suhbat asnosida bildimki, ularga arzimas maosh beriladi, qo‘shimcha haq yoki imtiyozlar haqida-ku, gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Ular yozning issig‘i, qishning sovug‘iga qaramasdan, tog‘ yo‘li bo‘ylab kelayotgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishadi. Savol tug‘iladi: ular qonuniy ishlayaptimi? Bu bolalarning mehnat huquqlari himoya qilinyaptimi?

“Qamchiq” orqali poytaxt va vodiy viloyatlariga har kuni minglab odamlar o‘tadi. Tabiiyki, ular orasida mehnat munosabatlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilot vakillari ham bor. Ammo nega ular bu manzaraga befarq qaramoqdalar?

Agar har birimiz shunday holatni ko‘rib, kamida “Bu bola nega tungi smenada ishlayapti?”, “U mehnat shartnomasiga egami?”, “Ta’limi-chi, sog‘lig‘i-chi?” kabi savollar bilan ish beruvchilarga yuzma-yuz bo‘lsak, bir kun kelib javobgarlikni anglagan ish beruvchi bu bolalar mehnatidan foydalanishda vijdonan yondashgan va bolalar huquqiga hurmat kuchaygan bo‘lardi.

Ba’zi tadbirkorlar ayni holatni “yordamchi qo‘l”, “oilasiga yordam beryapti”, deb oqlashga urinishadi. Ammo biz haqiqiy yordamni qonunga asoslangan mehnat, ta’lim imkoniyatlari va bolalarning kelajagini ta’minlash orqali berishimiz mumkin.

Bu yerda masala faqat ishbilarmonlikda emas, insonparvarlik, insof va vijdon haqida ketmoqda. Biz tadbirkorlardan qonunga bo‘ysungan holda, vatanparvarlik va odob-axloq me’yorlariga muvofiq harakat qilishlarini kutamiz. Jamiyatning ishonchi va hurmatini qo‘lga kiritish qilayotgan foydadan ham muhim ekanini anglash payti keldi.

Bolalarning hayoti haqida so‘z borganda e’tiborsizlik – sukut, sukut esa jinoyatga sheriklik bilan teng. Unutmaslik kerakki, voyaga yetmaganlar mehnati faqat qonun emas, balki millat kelajagi masalasi hamdir.

Yosh organizmga tushayotgan og‘ir jismoniy zo‘riqish, muntazam rejimsiz ish va stresslar keyinchalik salomatlik bilan bog‘liq talay muammolariga olib kelishi shubhasiz. Bolalar organizmi hali shakllanish jarayonida. Biz bugun pul topyapti, deb xursand bo‘layotgan bola ertaga bir umrlik jarohat yoki ruhiy og‘riqlar bilan yashashi mumkin.

Bu yo‘sinda mehnat huquqlari buzilgan bolalarning bilim olish imkoni o‘z-o‘zidan cheklanadi, kambag‘allik davrini uzaytiradi, jamiyatda teng huquqli a’zo bo‘lib shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Bola mehnati ortidan kelgan pul hech qachon u yo‘qotgan imkoniyatlarni qoplay olmaydi.

Yana bir taassufli tomoni, turistlar buni qanday qabul qiladilar? “Qamchiq” yo‘lidan kuniga yuzlab xorijiy turistlar ham o‘tadi. Ular uchun har bir taassurot – O‘zbekiston haqidagi umumiy tasavvurning bir bo‘lagi. Bugungi global dunyoda mamlakat imiji - bu sarmoya, o‘zaro hamkorlik, xalqaro munosabatlar uchun asosiy omillardan biri.

Biz o‘zi kim bo‘lishni istaymiz? Qonuni bor, ammo unga amal qilmaydigan bee’tibor odamlarmi? Yoki qonuniylik, insonparvarlik va adolatni qadrlaydigan xalqmi?

Voyaga yetmagan bolalarning mehnatiga sukut saqlamaslik ijtimoiy mas’uliyat va insoniylik mezoni hisoblanadi. Keling, bu masalada hamjihat bo‘laylik.

 

Shohruh O‘KTAMOV,

O‘zXDP Farg‘ona viloyat Kengashi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi

Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari.

«O‘zbekiston ovozi», 6.8.2025, №31

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Yoshlar qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish