Hamjihatlik va barqarorlik ramzi
Hamjihatlik va barqarorlik ramzi

 

30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni

O‘zbekiston azaldan o‘zining do‘stlik, birodarlik va bag‘rikenglik an’analari bilan nom qozongan betakror Vatan. 130 dan ortiq millat va elatlar bir oila farzandidek hamjihat yashayotgan muqaddas zamin. O‘zaro hurmat asosiga qurilgan mustahkam rishtalar. Tinchlik, millatlararo totuvlik, birdamlik, mehr-muruvvat kabi oliy qadriyatlarga sadoqat ko‘rsatib kelayotgan qariyb 38 million xalq. Bularning barchasi har birimizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Til, madaniyat, an’ana, urf-odatlar, liboslar bir-biridan farq qilsa-da, Vatan yagona va maqsadlar mushtarak. 16 ta diniy konfessiya, 157 ta milliy-madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati o‘z faoliyatini samarali davom ettirmoqda.

Asosiysi, ularning barchasi mamlakat taraqqiyoti, ertangi avlod istiqboli uchun bel bog‘lagan. Ta’lim-tarbiya, zamonaviy kasb-hunarlarga ishtiyoq, ilmiy izlanishlar, sport, san’at, iqtisod, siyosat, madaniyat, umuman, barcha sohalarda yuksak marralarni egallamoqda. Xususan, mamlakatimizdagi davlat ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari 7 tilda olib boriladi. Qardosh tilli maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilar davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda.

Hududlarda faoliyat yuritayotgan «Do‘stlik uylari» turli millatga mansub fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlashda muhim o‘ringa ega. Davlat siyosatidagi ustuvorliklardan biri esa ko‘pmillatli xalqimiz – mamlakatning eng katta boyligi, yurtimizdagi millatlar va konfessiyalararo hamjihatlik – barcha yutuq hamda marralarning mustahkam asosi ekanidir.

Aytish o‘rinliki, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda erishilgan katta yutuq va natijalar, o‘zgarish va yangilanishlar jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda. Yurtimiz taraqqiyoti uchun amalga oshirilayotgan, e’tiroflarga sazovor bo‘layotgan ana shunday ezgu ishlarda har bir vatandoshimizning hissasi bor.

Yana bir muhim jihat. Turli millatlarni birlashtiruvchi omillardan biri umumiy bayramlar, tantanalarning birgalikda nishonlanishidir. Ana shulardan biri BMT Bosh Assambleyasi rezolutsiyasi bilan e’lon qilingan Xalqaro do‘stlik kuni hisoblanadi va u to‘rt yildirki, O‘zbekistonda keng nishonlanib kelinmoqda.

 

Tolerantlik g‘oyasi mustahkam taraqqiyot asosi

Irina TOKAREVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Hozirgi zamonaviy jamiyatda tolerantlik g‘oyasi millatlararo va konfessiyalararo totuvlik negizida quriladi. Shuningdek, insoniyat, xalqlar va millatlarning ijtimoiy-falsafiy merosiga tayanuvchi mustahkam poydevor sifatida namoyon bo‘ladi. «Tolerantlik tamoyillari deklaratsiyasi»da shunday ta’kidlangan: «Tolerantliksiz tinchlik bo‘lmaydi, tinchliksiz esa taraqqiyot va demokratiya bo‘lishi mumkin emas». Demak, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik – millatlararo tolerantlikning asosidir.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida boshlangan islohotlarning eng ustuvor vazifalaridan biri – jamiyatda millatlararo totuvlik va tolerantlik muhitini yanada mustahkamlashdir. Mamlakatimizda 30 iyul – «Xalqlar do‘stligi kuni» sifatida keng nishonlanishi ham ana shu maqsadga xizmat qiladi. Jamiyatimizda shakllangan tolerantlik muhiti xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda.

Tarix shuni ko‘rsatadiki, faqat yaratuvchanlik, o‘zaro tushunish va umumiy manfaatlar yo‘lida birgalikda mehnat qilish insonni rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqishi mumkin. Shu jihatdan qaralganda, g‘oyaviy jarayonlar ahamiyati ortib bormoqda. Chunki zamonaviy dunyodagi eng muhim vazifa – innovatsion ilmiy-tadqiqotlar va yutuqlar orqali yuksak marralarga erishar ekanmiz, bu jarayonda ruhiy-ma’naviy qadriyatlarni yo‘qotmaslikdir.

Ayni shu ma’noda insonlarni millati, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va boshqa jihatlaridan qat’iy nazar birlashtiradigan Xalqlar do‘stligi kunining missiyasi alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur sananing ma’nosi jamiyatimizda mavjud do‘stlik va birdamlik muhiti – tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishning asosiy omili hisoblanishi bilan tavsiflanadi.

Bu yo‘nalishdagi ishlarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tuzilgan 65 ta parlamentlararo hamkorlik guruhlari ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Ular O‘zbekiston bilan do‘stlik rishtalari bog‘lagan mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Oliy Majlis deputatlari tarkibida mamlakatimizda yashovchi turli millat vakillari faoliyat yuritmoqda.

Ta’kidlash kerakki, «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» tamoyili asosida millatlararo totuvlik va do‘stlikni saqlash – mustaqillik yillarida ko‘p millatli xalqimiz qo‘lga kiritgan eng qimmatli yutuqlardan biri. Jamiyatdagi tinchlik va totuvlik – mamlakatning tashqi va ichki siyosatida, iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi yutuqlarini ta’minlovchi asosiy omil va mustahkam poydevordir.

Shu bilan birga, Xalqlar do‘stligi kuni nafaqat bayram, balki mamlakatning madaniy merosi xilma-xilligini namoyon qilish imkoniyati hamdir. Ushbu kunda xalq hunarmandchiligi ko‘rgazmalari, milliy badiiy jamoalar konsertlari, milliy hunarmandchilik va oshpazlik bo‘yicha mahorat darslari tashkil etiladi.

Bayram munosabati bilan butun mamlakat bo‘ylab tantanalar, uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkaziladi. Keng ko‘lamdagi ko‘rgazmalar va teatr tomoshalari bo‘lib o‘tadi. Shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi madaniyat va dam olish bog‘larida, maydonlarda turli millat vakillari, madaniy markazlar hamda do‘stlik jamiyatlari faollari ishtirokida «Xalqlar do‘stligi» festivallari o‘tkazilmoqda. Demak, mamlakatimizdagi ko‘pmillatli xalqimiz yanada jipslashmoqda, yangi rishtalar, istiqbolli rejalar tug‘ilyapti.

 

Ko‘pmillatli, bag‘rikeng, mehmondo‘st zamin

Iba NARIZOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Konstitutsiyamiz talablariga muvofiq, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va dinlararo hamjihatlik izchil ta’minlanmoqda. Inson huquq va erkinliklari, irqi, jinsi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qaramasdan, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi himoya qilinadi.

Shuningdek, millatlararo hamjihatlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini jamiyatda qaror toptirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi islohotlarning ham ustuvor maqsadi sifatida belgilangan. Bu islohotlar inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, uning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgandir.

Bunga Navoiy viloyati misolida nazar solsak. Bugungi kunda viloyatimiz hududida turli millat vakillari teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib davlat boshqaruvi organlari hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib kelmoqda. Xususan, Konimex tumanida ham qozoq, o‘zbek, qoraqalpoq, tatar, koreys millatiga mansub fuqarolar ahillikda yashaydi. Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhiti va ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida qozoq, qoraqalpoq milliy madaniy markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Turli millat vakillarining urf-odatlari hamda an’analari o‘ziga xosligini saqlash, kelajak avlodga meros qilib qoldirish va rivojlantirish maqsadida korxona-tashkilot hamda muassasalarda milliy tadbirlar o‘tkazilib boriladi.

Qolaversa, boy tarixiy merosimiz, madaniyatimiz va san’atimiz xorijlik sarmoyadorlar hamda sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda. Olis cho‘l hududida ochilgan sayyohlik turlari mehmonlarga xizmat qilyapti. Bu vaziyatda ko‘pmillatli fuqarolarning tafakkuri, turmush tarzi va fe’l-atvoridagi bag‘rikenglik tamoyillari shubhasiz muhim o‘rin tutadi.

Tuman iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya hajmini oshirish maqsadida qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy, siyosiy, diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan qozoq milliy cholg‘u asbobi bo‘lgan «Do‘mbira» bellashuvida tuman yoshlari ishtirok etib, ikki mamlakat do‘stligini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shdi. Qator milliy an’analar va sport o‘yinlari avloddan avlodga meros bo‘lib kelmoqda.

Yana bir gap. Bu rishtalarni qarindoshlik munosabatlari bilan bog‘lab, yanada mustahkamlash yaxshi an’anaga aylangan. Turli millat vakillari o‘rtasida tuzilgan nikoh nafaqat baxtli oila qo‘rg‘oni, balki jamiyatda mustahkam tirgak, tinchlikni ta’minlovchi vosita sifatida ham ahamiyatlidir.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bir hafta davomida yurtimizda o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy va ommaviy tadbirlar — haligacha hech bir davlat tomonidan ilgari surilmagan tashabbusdir. Bunday ezgu g‘oyani amalga oshirish butun insoniyat uchun millatlararo totuvlikning qayta baholanishiga, turli millat va elat vakillarining tinch-totuv hayotini saqlash zarurligini yanada chuqur anglashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu tashabbus O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va ijobiy imijini mustahkamlashga ham hissa qo‘shadi. Shundan kelib chiqib, ta’kidlash joizki, eng katta boylik, eng yuksak qadriyat – jamiyatimizdagi millatlararo do‘stlik va hamjihatlikdir.

 

Farzandlarimiz o‘z ona tilida ta’lim olmoqda

Serikbay USENOV,

Respublika qozoq milliy-madaniy markazi rahbari:

— Markazimiz 1992 yilda tashkil etilgan va 33 yildan buyon millatimiz madaniyati, o‘zagini avlodlarga yetkazishda bosh-qosh bo‘lib kelmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda 813 mingdan ziyod qozoq millatiga mansub fuqaro istiqomat qiladi. 361 ta qozoq tilidagi maktab, 7 ta viloyatdagi oliy ta’lim dargohlarida qozoq tili va adabiyoti kafedralari hamda fakultetlari farzandlarimizning bilim olishi uchun faoliyat ko‘rsatmoqda. Til yo‘qolsa, millat yo‘qoladi, degan gap bor. O‘g‘il-qizlarimiz o‘z ona tilida 11 sinfni bitirib, oliygohlarda ham o‘z ona tilida imtihon topshirib, ta’limning keyingi bosqichini davom ettirmoqda. Tabiiyki, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar uchun yaratilgan sharoitlardan millatdoshlarimiz ham to‘laqonli foydalanib kelmoqda.

Ikkinchi bir jihati, turli adabiyotlar o‘zbek tilidan qozoq tiliga va aksincha, qozoq tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, maktablarga berilyapti. Ya’ni, jamoat fondlari, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Yozuvchilar uyushmasi kabi bir qator tashkilotlarning ko‘magi bilan 44 mingdan ortiq nusxada kitob chop etildi va ta’lim muassasalariga topshirildi.

Yuqorida aytib o‘tganlarim markazimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning bir yo‘nalishi, xolos. Nega bu masalaga urg‘u berganimga kelsak, chunki ta’limdan boshqa najot yo‘q. Bilimli inson hech qachon xor bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, yigit-qizlar ongiga milliy qadriyat va an’analar, yashab turgan mamlakati hamda undagi islohotlar haqida o‘z ona tilida singdirib borish eng to‘g‘ri yo‘l, deb bilaman. Sababi, bu do‘stlikni mustahkamlashga, tenglik va adolatning ta’minlanishiga, alaloqibat, osoyishtalikning bardavomligiga xizmat qiluvchi muhim qadam sanaladi. Zero, faqatgina tinchlik hukm surgan joyda rivojlanish bo‘ladi, jamiyat taraqqiyotga yuz tutadi. Biz esa bu borada yelkadosh, hamqadam va hamnafas bo‘lish orqali munosib javob qaytarishga bor kuchimizni safarbar etamiz.

 

Do‘stlikda chegara bo‘lmaydi

Mobil MAGAMEDOV,

Respublika ozarbayjon milliy-madaniy markazi rahbari:

— Xalqlar do‘stligi kuni mana 4 yildirki, nishonlanib kelinadi. Quvonarlisi, ushbu sanaga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratiladi. Har bir dastur yil sayin yangilanib, qamrovi ortib bormoqda. Ozarbayjon milliy-madaniy markazimizning yana 5 ta hududda filiali mavjudligi esa bizga ko‘rsatilayotgan e’tibor ifodasi, deb bilaman.

Turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Do‘stlik uylarida esa har bir millat uchun alohida joylar ajratilgan bo‘lib, unda madaniyat markazlari o‘z an’analariga muvofiq ko‘rgazmalar tashkil qilmoqda. Yoshlar o‘z ona tilida iqtidorlarini, salohiyatini namoyish qilmoqda. Qo‘l mehnati bilan tayyorlangan hunarmandchilik buyumlari ham milliyligimiz timsoli sifatida ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Umuman olganda, ushbu bayramni har bir millat vakili qatorida ozarbayjonlar ham hayajon va intiqlik bilan qarshi oladi. E’tiborlisi, Xalqlar do‘stligi bayramining davlatimiz mustaqilligi kuni oldidan nishonlanishida ham katta ramziy ma’no mujassam.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda yashaydigan barcha millat yoshlari o‘rtasida do‘stlik rishtalari mustahkamlanishida juda muhim. Bizning madaniy markaz esa ushbu masalaga alohida urg‘u beradi. Davlatimiz tomonidan milliy-madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarining qo‘llab-quvvatlanishi xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish hamda jamiyat hayotining turli sohalaridagi yutuqlarni targ‘ib etishning eng samarali usullaridan sanaladi.

So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar mazmuni va sifati sezilarli darajada yaxshilandi. Bugun mamlakatimizda nafaqat boshqa millat vakillarining munosib sharoitlarda yashashi, balki ularning tili, adabiyoti va an’analarini rivojlantirishga ham keng imkoniyatlar berilmoqda. Muhimi, bularning barchasi qonun bilan kafolatlangan.

Bilasizmi, do‘stlik va birodarlik shunday tushunchaki, yo‘llar va yillar unga ta’sir o‘tkaza olmaydi, masofa tanlamaydi, til, din yoki irq bilan chegaralanmaydi. Xalqlar do‘stligi kuni va u bilan bog‘liq tadbirlar esa ushbu rishtalarning yanada jipslashishi, mustahkamlanishi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali oliy ma’naviy fazilatlar, o‘zaro hurmat, mehr, e’tibor, qadr-qimmat va bag‘rikenglik yanada jonlanadi. Mazkur omillar O‘zbekiston taraqqiyoti va farovonligi poydevori sanaladi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 30.7.2025, №30

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish