Faol ishtirok va tashabbuskorlikka o‘tish vaqti keldi
Faol ishtirok va tashabbuskorlikka o‘tish vaqti keldi

 

Bugun biz yashab turgan siyosiy muhitda xalq partiyalardan shunchaki shior va balandparvoz gaplar emas, aniq harakat hamda natija kutyapti. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun partiyamiz – bu so‘z emas, umid, tayanch va yechim manbai bo‘lishi zarur.

Shu nuqtai nazardan, partiya kengashlari o‘z vazifasini qayta ko‘rib chiqishi, faqat ma’ruzalar yoki yig‘ilishlar tashkil qiladigan emas, balki joylarda muammoni aniqlaydigan, tahlil qiladigan va yechimiga ko‘maklashuvchi amaliy ish yuritishi talab etiladi. Buning uchun partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir nechta jihatlarni sanab o‘tmoqchiman.

Bugun odamlar turmush tarzi, daromadi, xizmatlar sifatining yaxshilanishini, bunda esa partiyaning amaliy yordamini his qilishni istaydi. Shuning uchun kengashlar harakat qiluvchi, ta’sir ko‘rsatuvchi markaz bo‘lishi talab etiladi.

Ayni paytda, aholi muammosi haqida gapirish emas, uni hal etish uchun mexanizmni taklif qilish muhim. Shu bois partiyaning hududiy kengashlari tanqid va tahlil qilishi, tashabbuslar taklif etishi, jamoatchilik bilan ishlaydigan ta’sirchan organga aylanishi ko‘zlangan maqsadlarga yanada yaqinlashtiradi. Xususan, muammolarni aniqlash-tahlil qilish-yechim ishlab chiqish-jamoatchilikka yetkazish zanjiri amal qilishi darkor. Bu aholiga ko‘proq yoqadi va manfaatli bo‘ladi.

Jamiyatdagi muammolarga munosabat bildirish kerak, deyiladi. Albatta, munosabat bildirishi kerak, lekin bu bilan cheklanmasdan deputatlik nazorati va boshqa ta’sir qilish mexanizmlarining ishlashi dolzarblik kasb etadi.

Samaradorlikka erishishning yana bir yo‘li saylov okrugini partiya uchun jonli muloqot maydoniga aylantirish orqali amalga oshadi. Muhimi, bu faqat rasmiy uchrashuvlar bilan cheklanmasdan, aholi dardini eshitish, muammolarni ildizi bilan aniqlash va yechim taklif etish jarayoniga aylanishida, deb hisoblayman.

Misol uchun, 2025-yilning birinchi yarmida viloyatimizda 452 dan ziyod fuqaro bilan sayyor qabullar o‘tkazildi, 1702 ta murojaat qabul qilindi, ularning 89 foizga yaqini ijobiy hal etildi. Bu raqamlar ijobiy, ammo xalq ishonchi va kutilayotgan natijaga erishish uchun yetarli emas. Biz har bir okrugni partiya hayotining asosiy nuqtasiga aylantirishimiz shart.

Endi muxolifat masalasiga to‘xtalmoqchiman. Sir emaski, parlamentdagi partiyamiz fraksiyasi ushbu tamoyilning amaliy ifodasini namoyon qilmoqda. Joylarda ham partiya kengashlari va deputatlik birlashmalari tuman va shahar hokimiyati qarorlarini tahlil qilishi, ijro organlari mansabdor shaxslarining eshituvlarini o‘tkazishi, deputatlar orqali muammolarni kun tartibiga ko‘tarishi lozim. Ana shunda partiyaning haqiqiy pozitsiyasi, kuchi va tashabbuslari namoyon bo‘ladi.

Partiyaning qanchalik kuchli bo‘lishi esa faqat markazdagi qarorlarga emas, joylardagi partiya tashkilotlari qanday harakat qilayotganiga bog‘liqdir. Agar kengashlar xalqqa yaqin bo‘lsa, partiya ham xalqqa yaqinlashadi. Kengashlar muammolarga yechim topsa, partiyaga ishonch ortadi. Demak, partiya kengashlari o‘zgarishining, xususan, siyosiy namoyonkorlikdan – amaliy ta’sirga, passiv kuzatuvdan – faol ishtirokka, tashabbuskorlikka o‘tish vaqti keldi. Faqat shundagina partiyamiz haqiqiy ijtimoiy kuchga aylanadi.

 

Zulfiya TO‘YYEVA,

O‘zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 23.7.2025, №29

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Plenum Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish