
Andijon mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan viloyat hisoblanadi. So‘nggi vaqtlarda viloyatda katta o‘zgarishlar va yangilanishlar bo‘y ko‘rsatyapti, hududlar kundan-kunga rivojlanib boryapti. Aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilyapti.
Bugun viloyatda partiyamizning 101 nafar deputati bor. Shundan 15 nafari xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati bo‘lsa, 86 nafari tuman va shahar Kengashlaridagi vakillarimizdir. A’zolarimiz soni 83 ming nafardan ortiq, boshlang‘ich partiya tashkilotlari 1085 tani tashkil etadi. Viloyatdagi bugungi o‘zgarish va yangilanishlarda ularning hissasi borligi quvonarli, albatta.
Anglaganingizdek, mahalliy Kengashlar uchun ajratilgan sahifamizning bu galgi mehmoni O‘zXDP Andijon viloyat kengashi raisi Muqaddasxon Sultonova bo‘ldi.
– Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda XDP katta kuch va salohiyatga ega. Siz yetakchilik qilayotgan partiya tashkiloti ana shu imkoniyatdan qay darajada foydalanmoqda? Ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslar haqida nima deyish mumkin?
– Viloyatimizda mamlakatimiz aholisining 10 foizi istiqomat qiladi. Oxirgi yillarda viloyatimiz katta voqealar, muhim tajribalar markazida turibdi. Bunda deputatlarimizning ham hissasi bor, albatta.
Jamiyatda demokratik iqlimni yuzaga keltirishda kuchli deputatlar muhim rol o‘ynaydi. Kuchli partiya guruhi o‘tkir muammolarni ko‘tarib chiqadi, masala tag-tomiri bilan yo‘q qilinmaguncha tinchimaydi.
Bu yil deputatlikka birinchi saylanganlar allaqachon bu jarayonning sur’ati va mohiyatini tushunib oldilar. Ular hududlarda tajribali, faol deputatlar bilan birlashib, birgalashib, ko‘p xayrli tashabbuslarni ilgari surishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugun mahalliy Kengashlar faollashmoqda. Joylarda ijro tizimida ayrim mudrab yotgan rahbarlar esa ancha sergaklashgan.
Ko‘zga ko‘rinarli muhim tashabbuslarga to‘xtaladigan bo‘lsam, biz bir qator loyihalarimiz bilan mahallalarga, saylovchilar orasiga kirib boryapmiz, ular bilan yelkama-yelka turyapmiz. Mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz faoliyatiga nazar tashlasak, maqtovlar ham, tanqidlar ham bor. Ammo hamma gap harakatda, islohotlar samarasini ta’minlashda.
Avvalo, aytish kerakki, O‘zbekistondagi yangi islohotlar sharoitida partiyamizning dasturiy g‘oyalari va maqsadlari ham chuqurlashdi. Partiyamizning 2024-2029-yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturida mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, ijtimoiy samaradorlikni oshirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim masalalar qamrab olindi.
Mahalliy Kengashlar minbarida deputatlarimiz, faollarimiz muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini erkin bildirmoqda va himoya qilmoqda. Partiya kengashlarining deputatlar bilan aloqasi yanada mustahkamlanmoqda. Xalq dardiga quloq tutish, odamlarning muammolarini o‘rganishda birgalikda faoliyat olib borish yaxshi samara berishi aniq.
Raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, partiyamizdan saylangan deputatlarimiz tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida 50 dan ortiq deputatlik so‘rovlari yuborildi. Bu so‘rovlarning 37 tasi ijobiy hal etildi.
Partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashlari qoshida tashkil etilgan Jamoatchilik qabulxonalariga 678 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning aksariyat qismi, ya’ni, 97 foizi ijobiy hal qilindi.
Ular asosan, kommunal soha, bandlik, ish haqi, nafaqa va pensiyalarni o‘z vaqtida ololmaslik, moddiy yordam, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bank krediti va boshqa masalalar yuzasidandir.
Shuningdek, sessiyalarga kiritilgan masalalarning ijrosi bo‘yicha doimiy ravishda nazorat olib boryapmiz. Sessiyada qabul qilingan qarorlar ijrosini har oyning oxirida alohida yig‘ilishda ko‘rib chiqamiz.
Amaliy ishlarimizga to‘xtaladigan bo‘lsak, biz bir qator loyihalarimiz bilan mahallalarga, saylovchilar orasiga kirib boryapmiz, ular bilan yelkama-yelka turyapmiz.
Masalan, viloyat partiya kengashi tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator loyihalar, forumlar tashkil etildi.
Jumladan, yoshlarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni siyosiy jarayonlarga faol jalb qilish maqsadida «Safimizdagi yoshlar» loyihasi, «Deputat va yoshlar» forumi, «Yosh siyosatchi» ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Andijonlik yigit-qizlar orasida ushbu loyihalarimizga qiziquvchilar juda ko‘p bo‘ldi. Shuningdek, yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirishga qaratilgan press-klublar tashkil qilindi.
Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlar hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarning oldini olish maqsadida «Xotin-qizlarning huquqiy bilimini oshirish oyligi», «Ayollar daftari»da ro‘yxatda turgan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunar o‘rganishga jalb etish maqsadida «Ijtimoiy himoyadan – ijtimoiy faollik sari» loyihasi doirasida 100 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi.
Muhimi, amaliy ishlarimiz orqali odamlarni qiynab kelayotgan qanchadan-qancha masalalar yechim topadigan bo‘ldi. Albatta, bunga erishish bu yo‘ldagi ilk natija bo‘lsa, uning ijrosini ta’minlash muhim va asosiy jarayon sanaladi. Bunda esa biz deputatlar faollik va ziyraklikni boy bermay, nazorat o‘rnatishimiz zarur, deb o‘ylayman.
– Siz viloyat partiya kengashi ishidan shaxsan o‘zingiz qoniqasizmi? Partiya kengashi yo‘l qo‘ygan xatolar sizningcha, nimalardan iborat? Kamchiliklar qanday va qaysi paytda ijobiy tendensiya tomon siljiydi?
– Albatta, ishimizdan qoniqadigan jihatlar juda ko‘p. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, biz aholi bilan muloqotni kuchaytirish, murojaatlarni hal etish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va mahalliy muammolarni hal etish borasida katta sa’y-harakat qilyapmiz. Ammo ayrim masalalarda kamchiliklarimiz ham yo‘q emas. Yanada faol ishlash, katta-katta tashabbuslar bilan chiqish uchun ishga solinmagan imkoniyatlarimiz bor, shundan unumli foydalanishimiz kerak.
Masalan, har bir deputat o‘z saylov okrugida saylovchilar bilan uzluksiz muloqotda bo‘lishi, ularning muammolarini hal etishda tashabbuskor bo‘lishi lozim. Ammo ba’zi hollarda bu muloqot kamdan-kam yoki rasmiylashgan shaklda kechayotganini ko‘ramiz.
Partiya g‘oyalarini jamoatchilikka yetkazishda zamonaviy usullardan kengroq foydalanish zarur. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalardan samaraliroq foydalanish lozim. Bu hozirgi zamon talabi. Ayniqsa, chekka tumanlardagi partiya tashkilotlari bugungi axborot texnologiyalari imkoniyatidan samarali foydalanishi zarur.
Faqat murojaatlarni qabul qilish emas, balki hokimiyat va davlat organlari bilan konstruktiv hamkorlikni kuchaytirish kerak, deb o‘ylayman. Ular bilan hamkorlikda joylarda sayyor qabullarni ko‘paytirsak, aholi muammolari shuncha tez hal bo‘ladi.
Shu bilan birga, partiyamiz safini oshirib borishda faqat son emas, sifatdan jihatdan ham o‘sishga alohida urg‘u berishimiz kerakligini davrning o‘zi talab qilmokda. Shuning uchun ham joriy faoliyatimizda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlarini, xalq orasida obro‘ qozongan jamoatchilik faollarini partiya safiga qabul qilishga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz.
Endi savolingizning ikkinchi qismiga keladigan bo‘lsak, birinchidan, agar deputatlar joylardagi faoliyatini kuchaytirsa va aholi bilan tizimli ish olib borsa, raqamli texnologiyalar imkoniyatidan samarali foydalansak, partiya g‘oyalarining ta’sirchanligi oshadi. Mahalliy partiya kengashlari va deputatlar o‘rtasidagi hamkorlik yanada kuchaysa, tashabbuslar ko‘payadi, deputatlik so‘rovlari orqali aholini qiynayotgan muammolar tezroq hal bo‘ladi.
– Yutuqlar haqida gapirdik, xato va kamchiliklarni aytdik. Keling, endi bevosita partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish masalasiga to‘xtalsak. Bundan keyin nimani kutsak bo‘ladi? Yana bir savol. Yuqorida muammolarni aytdingiz. Xo‘sh, siz bu muammolarni to‘liq bartaraf etishga va’da bera olasizmi?
– Partiyaning jamiyatdagi nufuzini oshirish partiya faollari, undan saylangan deputatlarning Saylovoldi dasturga asosan olib borayotgan amaliy ishlariga bog‘liqdir.
Shuning uchun biz partiyamiz Saylovoldi dasturi va 2024-2029-yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturi ijrosiga jiddiy kirishganmiz.
Shuningdek, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini jonlantirishga e’tibor qaratyapmiz. Bu partiyamiz dasturiy maqsad va g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, a’zolarimiz, xayrixohlarimiz safini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, yoshlarning muammolarini hal qilishga yo‘naltirilgan loyihalarni ko‘paytirish, ularning siyosiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Masalan, o‘tgan yil mobaynida «Safimizdagi yoshlar» hamda «Yosh siyosatchilar maktabi» loyihalari doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda 4 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi, 3326 nafar yoshlar partiya safiga qabul qilindi.
Hozir partiya safini kengaytirish, saylovchilar mehrini qozonish, aholiga yanada yaqinlashish bo‘yicha katta loyihalar ustida ishlayapmiz. Asosiy maqsadimiz mazkur loyihalarni samarali amalga oshirib, yil yakunigacha partiyamiz a’zolari sonini ko‘paytirishdir.
Muammolar bor va ularni birdaniga to‘liq bartaraf etish oson emas. Lekin partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish uchun bor kuch-imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalangan holda qat’iy harakat qilamiz.
Siyosatda real yondashuv asosiy tamoyillardan biri bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Men har qanday muammoni bir zumda hal qilib qo‘yish mumkin, deb va’da bermayman. Ammo bir narsani aniq ayta olaman – biz bu muammolarni bosqichma-bosqich hal qilamiz.
Umuman olganda, kamchiliklar ustida ishlab, partiya tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari nufuzini oshirish bo‘yicha qat’iy rejalarimiz bor. Imkoniyatlarimiz ko‘p, vakolatlarimiz ham yetarli. Ishonamanki, rejalarimizning barchasi amaliy natijalarimizda aks etadi.
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Laziza SHEROVA suhbatlashdi.
«O‘zbekiston ovozi», 9.7.2025, №27