Fuqarolarning hayot xavfsizligiga befarq qarab bo‘lmaydi
Fuqarolarning hayot xavfsizligiga befarq qarab bo‘lmaydi

 

Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi Farobiy ko‘chasida issiq suv quvuri yorilib ketishi oqibatida noxush hodisa ro‘y bergani haqidagi videoli xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi, turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘ldi.

Toshkent shahridagi issiqlik ta’minoti tizimiga javobgar bo‘lgan Veolia Energy Tashkent kompaniyasi izohiga ko‘ra, isitish mavsumiga tayyorgarlik doirasida belgilangan jadvalga muvofiq Olmazor tumanidagi Farobiy va Shifokorlar ko‘chalari kesishmasida joylashgan issiqlik tarmog‘i uchastkasida mexanik mustahkamlik sinovlari o‘tkazilayotgan paytda quvurda yorilish yuz bergan. Shuningdek, xabarda jabrlanganlar yo‘qligi, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar qoplanishi aytilgan.

Jamoat xavfsizligi, fuqarolar hayoti va mol-mulki daxlsizligiga bepisandlarcha berilgan kompaniya izohi jiddiy xavotir va qat’iy savollarni o‘rtaga chiqardi.

Izohdan kelib chiqadiki, kompaniya istagan vaqtda istagan hududda fuqarolar xavfsizligini himoyalash choralarini ko‘rmasdan sinov o‘tkazishi mumkinmi?

Mas’uliyatsizlarcha o‘tkaziladigan bunday sinovlar inson o‘limiga olib kelishi mumkinligi, bugungi hodisada baxtli tasodif tufayligina hech bir fuqaroga jiddiy ziyon yetmaganini tushunish qiyin bo‘lmasa kerak.

Agar kompaniya quvurlarning mustahkamligini tekshiruvchi sinovlar o‘tkazayotgan bo‘lsa, quvurning yorilib ketishi ehtimolini ham albatta o‘rganib chiqqan bo‘lishi kerak. Unda nega kompaniya fuqarolarning xavfsizligiga tahdid soladigan sinovlar o‘tkazayotganda bu haqda mahalliy jamoatchilikni, Favqulodda vaziyatlar vazirligini ogohlantirmagan?

Og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan sinovlar xo‘jasizlarcha o‘tkazilmasligi shart. Sinov o‘tkazishning tartib va me’yorlariga qat’iy amal qilinishi, bunday tartiblar yo‘q bo‘lsa, zudlik bilan ishlab chiqilishi zarur.

Shu nuqtai nazardan ro‘y bergan ko‘ngilsiz hodisa bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi hamda Bosh prokuratura o‘z munosabatini, huquqiy xulosasini berishi kerak, deb hisoblaymiz.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 3 nafar fuqaro yengil tan jarohati olgani va ularga voqea joyida tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilgani haqida xabar berdi. Bu hodisadan ziyon ko‘rgan har bir fuqaroga qonunchilik muvofiq tartibda yordam ko‘rsatilishi, zararlar o‘rni qoplab berilishi zarurligini bildiramiz.

Bunday ko‘ngilsiz va kutilmagan hodisalar keng jamoatchilikda xavotir uyg‘otadi, ijtimoiy kayfiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatiga olib kelishi mumkin.

Mutasaddi vazirlik-idoralardan vaziyatni nazoratga olishini so‘rab qolamiz.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish