
Yoshlar mamlakat taraqqiyotining eng katta va muhim resursi hisoblanadi. Yigit-qizlar ilm olishi, hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, qo‘yingki, o‘zini har tomonlama rivojlantirishi uchun sharoit va imkoniyat yaratish strategik vazifadir.
Yoshlar kunida o‘tkazilgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada yangi tashabbuslar, qat’iy vazifalar qo‘yilgani bejiz emas. Millionlab yoshlarimizni ruhlantirish, qo‘llab-quvvatlash, ilm-ma’rifatga, kasb-hunar va faol mehnatga rag‘batlantirish davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari zimmasiga birdek jiddiy mas’uliyat yuklaydi.
Iqtisodiyotimizning yanada tez sur’atlar bilan o‘sib, imkoniyatlarimiz kengayishida yoshlarning hissasi, ahamiyati ortib borishi muhim. Buning uchun, avvalo, barcha hududlarda va sohalarda yoshlar bilan tizimli muloqot qilish, ularni tushunish, tinglash, taklif-tashabbuslariga yo‘l ochib berish kerak. Uchrashuvda mazkur yo‘nalishda ikkita masalaga e’tibor qaratildi.
Birinchidan, viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga o‘z farzandidek qarab, sog‘ligi, o‘qishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yoshlarga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan axborotlar, turli voqea-hodisalar ko‘paygan zamonda ular bilan yaqin muloqot qilishning ahamiyati katta. Buni oilamiz, farzand va nabiralarimiz misolida har birimiz yaxshi anglaymiz, albatta.
Yoshlar bilan doimiy muloqot platformasi yo‘lga qo‘yilishi, maktab, oliygoh, o‘quv va kasb markazlari, tadbirkorlarni boshini qovushtirib, yoshlarga ko‘maklashadigan tizim qilinishi natijalar yaxshilanishiga, hududlarda ijtimoiy muhit izchillashishiga, asosiysi, yigit-qizlarda qat’iyat va faollik kuchayishiga zamin bo‘ladi.
Buning yana bir muhim jihati, jamiyatimizda qanday oilada, qanday ijtimoiy vaziyatda bo‘lishiga qaramay, barcha yoshlarni tinglash, ularga teng imkoniyatlar yaratish, bir xil ko‘z bilan qarash ko‘nikmasi rivojlanadi. Xalq demokratik partiyasi uchun yoshlarning huquqlari va imkoniyatlari tengligi erishish prinsipial masala hisoblanadi.
Ikkinchidan, yoshlarning o‘zaro bir-birini tushunishi, doimiy muloqotda bo‘lishi, yangi imkoniyatlar sari birgalikda intilishi dolzarb masala. 9 mingdan ziyod mahallada yoshlar yetakchilari tayinlangani bu borada zarur ijtimoiy institut vazifasini bajarmoqda.
Ammo, tan olish kerak, bu institutni yanada rivojlantirish, qamrovini kengaytirish, ayniqsa, hayotga, yoshlarning kundalik turmushiga yaqinligini oshirish zarurati ham bor. Ularning maktab, texnikum, til va kasb markazlari bilan ham ishlashi real yaqinlik va o‘zaro bog‘liqlikni oshiradi.
Dunyoning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy muhiti barcha sohada mezonlar o‘zgarayotgani, talablar va raqobat oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Yoshlarimiz ana shu mezonlarga mos ilm olishi, hunar o‘rganishi, samarali mehnat qilib, natijalarga erishishiga ko‘maklashish davlatning, hammamizning burchimizdir.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.