Hayot bilan hamnafas bo‘lmagan qonunlar uzoq yashamaydi
Hayot bilan hamnafas bo‘lmagan qonunlar uzoq yashamaydi

 

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qizg‘in davom etgan muhokamalar chog‘ida deputatlar fikr bildirdi, elektorat manfaatlariga oid masalalarda savollar o‘rtaga tashlandi. Aksariyat xalq vakillari parlamentda ko‘rib chiqilayotgan masalalar muhimligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, qaror qabul qilishda shoshilmaslik kerakligiga urg‘u berdi. Mohiyat chuqur o‘rganilib, hayotdan ajralmaydigan, voqeliklar ko‘lami va haqiqatga yaqin me’yorlardan iborat qonunlar qabul qilinishi zarurligi ta’kidlandi. Zero, parlamentga kirib kelayotgan har bir loyihada inson manfaati ustuvor bo‘lmas ekan, qonunlar hayotdan ajralib qolishi mumkin.

 

Fraksiya havolaki normalarni tanqid qildi

Kun tartibiga ko‘ra, dastlab ikkinchi o‘qishda muhokama qilinayotgan qonunlarga navbat berildi. Ikkita o‘qish orasidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida ma’lumot olgan parlament a’zolari qonun loyihasini moddama-modda ko‘rib chiqdi. Tabiiyki, ushbu jarayon ham qizg‘in savol-javoblar bilan kechdi. Biroq «Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi deputatlar diqqat markazida bo‘ldi.

Aytish kerakki, avvalroq mazkur masala O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ham ko‘rib chiqilgan edi. Fraksiya a’zolari qonun loyihasining mazmun-mohiyati, ijtimoiy ahamiyati va amaliy natijalarini chuqur tahlil qildi.

Ta’kidlandiki, mazkur loyiha aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami uchun ijtimoiy ish tizimini joriy etishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, ijtimoiy ishchi vazifasi, uning majburiyatlari, jamiyatda tutgan o‘rni va aholining ehtiyojmand qatlamlari bilan ishlash usullari huquqiy jihatdan belgilab beriladi. Fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasi partiya elektorati bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga ko‘rsatilayotgan yordamlarning aniq va manzilli bo‘lishida prinsipial ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.

Qayd etilishicha, endilikda mamlakatimizda ijtimoiy xodimning huquqiy maqomi belgilanib, ularning faoliyati uchun munosib sharoit yaratish hamda qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Bu esa partiya elektorati muammolari aniqlanishi va samarali yechim topishiga xizmat qiladi.

Qonun loyihasining yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ijtimoiy xizmatlar birlamchi, ixtisoslashgan va yuqori ixtisoslashgan turlarga ajratilmoqda. Ya’ni, ijtimoiy xizmatlar fuqaroning uyida, mahallasida, ijtimoiy obyektlarda hamda onlayn shaklda ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda. Deputatlar ijtimoiy faoliyatning xalqimizga yaqin bo‘lishi muhimligini qayd etdi. Ayniqsa, nogironligi bor shaxslarga qulay va professional xizmat ko‘rsatilishiga e’tibor qaratildi.

Palata majlisida ham fraksiya a’zolari qonun loyihasi bo‘yicha ayrim aniqlashtiruvchi savollar va taklif-mulohazalarini bildirishdi.

Xususan, O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov qonun loyihasi yurtimizda ijtimoiy sohada olib borilayotgan islohotlarga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli ekaniga e’tibor qaratdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb e’lon qilinishi natijasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani yagona davlat siyosatini olib borishga xizmat qilmoqda. Muhokama qilingan qonun loyihasi esa konseptual jihatdan bu islohotlarning yanada samarali ishlashiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, qonunning maqsadi juda ustuvor bo‘lib, matniga e’tibor qaratilsa, bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Shu nuqtai nazaridan tanqidiy jihatdan ba’zi masalalarga e’tibor qaratildi.

Birinchidan, loyiha matni o‘qilganda ijtimoiy ish to‘g‘risidami yoki ijtimoiy xodimni qo‘llab-quvvatlash haqidami degan ikkilanish hosil bo‘lmoqda. Qonunda aholi manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan normalar aniq ko‘rsatilmasdan ma’muriy tartib-tamoyillarni o‘z ichiga olmoqda. Aslida bu turdagi qonunlar ijtimoiy og‘ir vaziyatga tushgan aholi manfaatlariga yordam yoki ijtimoiy xizmat va ulardan foydalanish shartlarini belgilashi kerak.

Ikkinchidan, qonunda maxsus vakolatli organ va uning vazifalari aniq yoritilgan. Lekin xalqimiz, xususan, elektoratimizni asosan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmat va yordamlar qiziqtiradi. Qonun loyihasini fraksiyada muhokama qilish jarayonida ijtimoiy xodimning mahalla darajasida 100 dan ortiq ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Ammo bu xizmatlar qonunda ko‘rsatilmagan.

Uchinchidan, asosiysi va eng muhimi, ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan moddalarga e’tibor qaratish zarur. Biroq moddalar havolaki tarzida bayon etilgan. Xususan, 10-modda — ijtimoiy ish joriy etilgan muqobil shakllar; 36-modda — ijtimoiy himoyaga muhtoj oilani aniqlash, hisobga olish va chiqarish; 38-modda — ijtimoiy xizmat va yordamni ijtimoiy shartnoma asosida ko‘rsatish, shuningdek, ko‘plab moddalarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, deb ko‘rsatilgan.

Fraksiya fikriga ko‘ra, bu qonun loyihasining kelajakda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashiga shubha uyg‘otadi. Shundan kelib chiqib, ikkinchi o‘qishgacha bildirilgan e’tirozlar inobatga olinishi, qonunning matni qayta ko‘rib chiqilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan holatga keltirilishi kerakligi qayd etildi.

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita bilan izchil hamkorlik qilinishi aytildi. Yuqoridagi asoslarga ko‘ra, loyiha konseptual ravishda qo‘llab-quvvatlandi.

 

Javobgarlik hamma uchun barobar bo‘lishi kerak

Yoqilg‘i-energetika manbalari inson uchun suv va havodan keyin zarur bo‘lgan eng muhim vositalardan, hatto hayotiy ehtiyojlardan hisoblanadi. Shu bois yer yuzida ushbu masalalar kun tartibining asosiy mavzulardan biri sifatida muhokama qilib kelinadi.

Masalan, o‘tgan yili noyabr oyida mamlakatimizda «Mintaqaviy energetika islohotlari: tartibga solish amaliyotini kuchaytirish» mavzuida sammit bo‘lib o‘tgan edi. Unda mamlakatimiz, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya ekspertlari tartibga soluvchi islohotlar asoslari, energetika bozori dinamikasi, barqaror energiyaga o‘tish, sanoatda raqamlashtirish va innovatsiyalar kabi masalalarni muhokama qilgan. Bundan ko‘rinadiki, tizimdagi islohotlar qonunchilikni takomillashtirish, zamonga moslashtirishni talab etadi.

Shundan kelib chiqib, qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritish zarurati tug‘ildi. Palata majlisida bu boradagi yangi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Avvalroq fraksiya yig‘ilishida ham «Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilingandi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatimizda energetika sohasini modernizatsiya qilish, energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda hisob-kitob tizimini shaffoflashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, sohada yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklarga qarshi samarali kurashish, javobgarlikni kuchaytirish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish dolzarb vazifalardan biriga aylangan.

Bundan tashqari, huquqni qo‘llash amaliyoti shundan dalolat bermoqdaki, tadbirkorlik subyekti tomonidan elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, tabiiy gazdan yoqilg‘i yoki xom ashyo sifatida foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etilsa, javobgarlikka faqat tashkilotlarning mansabdor shaxslari tortilmoqda. Bu borada huquqbuzarlik sodir etgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni esa javobgarlikka tortish asoslari belgilanmagan.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2024-yilda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan energiyani behuda sarflash bilan bog‘liq 17,6 mingta, gazdan yoqilg‘i yoki xom ashyo sifatida foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 7,6 mingta holat aniqlangan. Biroq amaldagi qonunchilikka muvofiq ushbu huquqbuzarliklar subyekti sifatida faqat mansabdor shaxslar nazarda tutilgan, shu sababli, yakka tartibdagi tadbirkorlarni javobgarlikka tortish mexanizmi mavjud emas.

Shu bilan birga, O‘zenergoinspeksiyaning ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatlari qonun hujjatlarida aniq belgilab qo‘yilmagan. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga ham ushbu sohada ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berilmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Loyiha bilan O‘zenergoinspeksiyaning ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolati aniq belgilanmoqda. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga esa yoritish uchun elektr energiyasidan behuda, xo‘jasizlarcha foydalanish huquqbuzarligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolatini berish taklif etilmoqda.

Energiya samaradorligini ta’minlash, energiya resurslaridan behuda foydalanishning oldini olishga qaratilgan choralar nazarda tutilmoqda. Ya’ni, bu boradagi huquqbuzarliklar bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkorlar ham ma’muriy huquqbuzarlik subyekti sifatida qayd etilmoqda. Bundan tashqari, elektr energiyasi, gaz va suv tarmoqlariga qonunga xilof ravishda ulanib, ularni o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Bo‘lib o‘tgan savol-javoblarda amaldagi mavjud jazo choralarining nega oshirilayotgani, loyihaning tushuntirish xatida bunga yetarlicha asos keltirilmagani muhokama qilindi. Shuningdek, deputatlar qonun loyihasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Loyihada nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollar ko‘tarildi.

Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib, mazkur hujjat sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning profilaktikasini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Qonun ijodkorlari ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik jarayonida bugun ko‘tarilgan masalalar yuzasidan hamkorlikda ish olib borishini aytganidan so‘ng loyiha qo‘llab-quvvatlandi.

Majlisda shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valuta hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida»gi hamda «Xalqaro metrik Konvensiyaga (Parij, 1875-yil 20-may, 1907-yil 17-oktabrdagi, 1913-yil 11-oktabrdagi va 1921-yil 6-oktabrdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalari bilan) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida»gi qonun loyihalari birinchi o‘qishda muhokamadan o‘tkazildi. Savol-javoblar, fikr-mulohazalar asosida mazkur masalalar ham ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullandi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 25.6.2025, №25

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish