Baxshisi bor elning botiri ko‘p bo‘lar
Baxshisi bor elning botiri ko‘p bo‘lar

 

Ochiq osmon ostidagi betakror muzey shahar – qadimiy Xivada o‘tkazilgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali va Prezidentimizning festival ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi biz kabi ijod ahlini behad to‘lqinlantirgani rost.

Baxshichilik san’ati xalqlarning milliy o‘zligini, tili va hayot tarzini, an’ana va urf-odatlarini ifoda etadigan umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrli. Baxshining shirali ovozi va do‘mbirasidan taralayotgan ohanglarda insoniy sof tuyg‘ular ulug‘lanadi. yozma manbalar bo‘lmagan qadimgi davrlardayoq ajdodlarimiz og‘zaki ijod orqali avlodlarga mardlik, yaxshilik, halollik, vatanparvarlik, do‘stlik ibratini yetkazgan. Shu jihatdan, baxshilar ezgulik elchilari bo‘lgan va hamisha e’zozlangan.

Biroq globallashuv zamoniga kelib ushbu tarixiy san’at biroz unutilgandek bo‘ldi. Ayniqsa, yoshlarda bunga qiziqish, rag‘bat go‘yo yo‘qolgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Surxondaryoda baxshichilik maktabi tashkil etilgani bu yo‘nalishda yangi davrni boshlab berdi. 2018-yil 1-noyabr kuni sohaga doir tarixiy hujjat – Prezidentimizning «Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ilk bor Surxon elida o‘tkazilgan bo‘lsa, 2021-yilda, ta’bir joiz bo‘lsa, bu xalq bayramiga Qoraqalpoq zamini mezbonlik qildi.

Shubhasiz, har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali sharq xalqlari folklor san’atining ushbu yetakchi janrini keng targ‘ib qilish, folklor an’analari va qadriyatlarini saqlash, o‘rganish, targ‘ib etish, rivojlantirish va baxshichilik san’atining mohir ijrochilarini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, yosh avlod qalbida baxshichilik san’atiga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, mardlik, halollik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga va ajdodlar merosiga yuksak sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutayotir.

Tobora xalqaro nufuzi ortib borayotgan mazkur anjuman bu yil ko‘hna Sharq gavhari – betakror Xorazm diyorida o‘tkazilgani unga alohida ruh va mazmun bag‘ishladi. Zotan, davlatimiz rahbari tabrigida qayd etilganidek, bu o‘lkaning dostonchilik maktabi g‘oyat qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, «Lazgi» kabi dunyoga mashhur mumtoz kuy-qo‘shiqlar, go‘zal raqslar aynan ana shu azim daryodan oziqlanib kelmoqda.

Men ham yoshligimdan san’atga, baxshichilikka qiziqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanidagi 16-bolalar musiqa va san’at maktabining baxshichilik va sozandalik bo‘limida tahsil olganman. Ushbu san’at yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga musharraf bo‘ldim.

Albatta, bu ham davlatimiz tomonidan ushbu san’at yo‘nalishiga berilayotgan yuksak e’tiborning natijasi deb bilaman.

Qoraqalpoq dostonlari ijrochilik uslubining o‘zi ikki yo‘nalishga bo‘linadi. Qahramonlik dostonlarini yakka holda qo‘biz cholg‘usi jo‘rligida, ichki ovozda kuylovchilar jirov deb ataladi. Olamo‘ynoq dutori (qoraqalpoqlar chaladigan metall torli dutor shunday ataladi) ni chalib, ochiq ovozda lirik dostonlarni kuylovchilarni «baqsi» deyishadi. Ularga an’anaviy uch torli g‘ijjak va bulamon cholg‘uchilari jo‘r bo‘ladi. Quvonarlisi, bugungi kunda ko‘plab yoshlarimiz xalq dostonlari va qo‘shiqlarini kuylab, elsevar baxshilarimiz yo‘lini davom ettirib kelmoqda. «Ko‘hna Sharq gavhari» deb nom olgan qadimiy Xorazm diyorida o‘tkazilgan navbatdagi festivalda bu yana bir bor o‘zining amaliy tasdig‘ini topdi.

Dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan 200 ga yaqin vakil ishtirok etgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali barchamizning qalbimizda uzoq vaqt muhrlanib qoladigan tarixiy voqeaga aylandi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Xurliman NIYETBAYEVA,

«Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti sovrindori,

O‘zXDP faoli.

«O‘zbekiston ovozi», 30.4.2025, №17

 

 

 

 

 

 

Teglar

Men OʻzXDPni tanladim Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish