Yaqinda XDPning Jizzax viloyat Kengashi tomonidan «Imkoniyati tengsiz ayollar» nomli forum o‘tkazildi.
Forumdan asosiy maqsad - nogironligi bo‘lsada, kasbiy rivojlanish orqali o‘zini band qilgan va yutuqlarga erishgan xotin-qizlar ishtirok etdi. Ularning shaxsiy, kasbiy va ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirish, har tomonlama rivojlanishiga yordam berish, o‘qish, tadbirkorlik, innovatsiya va yetakchilik sohalarida o‘z potensialini to‘liq amalga oshirishlari uchun qo‘llab-quvvatlash forumning asosiy maqsadi bo‘ldi. Mazkur tadbirda deputatlar, viloyatdagi bir qator davlat va nodavlat hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Bu yerda har xil hayot tajribasiga, turli imkoniyatlarga ega bo‘lgan, ammo bir maqsad — ilg‘or jamiyat qurish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish orzusida kelgan ayollarni ko‘rdim. Forum «Imkoniyati cheksiz ayollar» deb nomlangani bejiz emas. Chunki haqiqatda ham, bu yerdagi har bir ayol — o‘ziga xos salohiyat va kuch sohibi.
Shuningdek, hayotda ko‘plab to‘siqlarga qaramay, o‘z orzulari sari qat’iyat bilan intilgan, turli sohalarda muvaffaqiyat qozongan, jamiyatimizda faol ishtirok etayotgan nogironligi bor ayollarni chin ma’noda matonat va jasorat timsollari deyish mumkin.
Ularning iroda, sabr va hayotga bo‘lgan muhabbati — hammamiz uchun katta namuna. Ular bizga bir narsani yorqin ko‘rsatdi: inson imkoniyati tanasi bilan emas, qalbi, aqli va yuragidagi orzulari bilan cheksiz bo‘larkan.
Har bir ayolning o‘ziga xos yo‘li va qissasi borligini anglashimiz kerak. Zotan, turlilik — jamiyatimizning boyligidir. O‘tkazilgan tadbir ana shunday turli imkoniyatli, ammo birlashgan qalblar bayrami bo‘ldi!
Vatanga bo‘lgan mehru muhabbati shunchalar yuksakki, sovg‘alarida Vatan ramzlari bor zominlik Sevara Musayevaning.
Jizzaxlik Malika Egamqulova o‘z qo‘llari bilan oyoq kiyimlarini to‘qiydi. Uning mahsulotlari nafaqat qulay va arzon, balki sog‘lik uchun foydali, hattoki milliylik bor ularda!
Ulbusin Qo‘shboqova, Gulchehra Ikromova, Gulsara To‘ychiyeva singari yana ko‘plab qo‘li gul, ijodkor qalbi, fitratida shukri bor ayollarimizning har birlari tahsinga sazovorlar!
O‘tkazilgan forum, ishonchim komilki, bu ayollar uchun yangi ruh va yangi g‘oyalarni boshlab beradi. Qaniydi «Ish yo‘q, pul yo‘q», deb o‘tirgan «boqimandalar»ga ibrat bo‘lsa...
Nodira Alimova,
«Qalb nuri» markazi direktori.