Fraksiyamiz a’zosi Ulug‘bek Shermatov Toshkent viloyati Toshkent tumanida fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazib, hududdagi korxona va tashkilotlar, ijtimoiy obyektlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganishlar davomida Kadastr agentligining tuman bo‘limida yer hisobini yuritish, kadastr ma’lumotlarini raqamlashtirish, davlat kadastri axborot tizimlarini takomillashtirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari bilan tanishdi.
Shuningdek, “Oqtosh” mahallasi mahalla yettiligi bilan uchrashib, ularning aholi bilan ishlash tizimi, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi hamda davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligi bo‘yicha faoliyatini tahlil qildi. Mahallada istiqomat qiluvchi va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro‘yxatida turuvchi M. Turdiyeva xonadonida bo‘lib, oilaning yashash sharoiti, ijtimoiy holati va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni o‘rgandi.
Shu bilan birga, mahalla hududida joylashgan oilaviy shifokorlik punktida aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmatlar sifati, moddiy-texnik baza, dori-darmon ta’minoti hamda shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarining ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar va o‘rganishlar yakunida aholi vakillarining muammo va takliflari tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.