Toshkent shahrida pullik avtomobil to‘xtash joylari uchun to‘lov qilmaganlikka ma’muriy jarima joriy etish to‘g‘risidagi Toshkent shahar hokimligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida taqdim etilgan loyiha keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xalq demokratik partiyasi mazkur loyihani quyidagilarga ko‘ra qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq, Toshkent shahar hokimligi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyektlar ro‘yxatiga kirmaydi. Kodekslarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihalari faqat Konstitutsiyada belgilangan subyektlar tomonidan kiritilishi mumkin. Ikkinchidan, mazkur loyiha bilan pullik avtomobil to‘xtash joylarining xususiy operatori tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha fuqarolik-huquqiy majburiyatini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llash nazarda tutilishi qonunchillikka zid. Fuqarolik kodeksiga muvofiq, pullik “parkovka” uchun haq to‘lash majburiyati foydalanuvchi va “parkovka” operatori o‘rtasidagi munosabatlardan kelib chiqadi, mazkur munosabatlar o‘zining huquqiy tabiatiga ko‘ra fuqarolik-huquqiy munosabatlar hisoblanadi. Bu vaziyatda to‘lovni undirish uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutish emas, balki qonunchilikda belgilangan tartibni qo‘llash, ya’ni to‘lanmagan mablag‘ni “parkovka” operatori sud orqali undirish chorasini ko‘rishi lozim. Uchinchidan, ma’muriy javobgarlik choralari (jarimalar) davlat organi tomonidan faqat ommaviy va umumiy manfaatlarni himoya qilish uchun qo‘llanilishi mumkin. Tijoriy tuzilma daromadlarining undirilishini kafolatlash uchun davlatning majburlov kuchidan foydalanish huquqiy davlat prinsiplariga ziddir. To‘rtinchidan, shahar hokimligining izohidagi pullik “parkovka”lar uchun atigi 2-3 foiz haydovchi pul to‘layotgani haqidagi iddao haqiqat ekanligiga jamoatchilikda katta shubha bor. Chunki, Xalq demokratik partiyasi avval ham ta’kidlaganidek, pullik to‘xtash joylari uchun to‘lovlar va davlat budjetiga tushumlar haqidagi ma’lumotlar hokimlik tomonidan shu vaqtga qadar umuman ochiqlanmagan. Xalq demokratik partiyasi ijro hokimiyati idoralarini jazolash va jarima undirish bilan emas, balki aholiga munosib sharoit yaratish bilan shug‘ullanishga chaqiradi.