Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyamiz deputatlari Ulug‘bek Shermatov va Qizilgul Qosimova Toshkent viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlar davomida qonunchilikdagi yangiliklar keng jamoatchilikka tushuntirildi hamda targ‘ibot ishlari olib borildi.
Xususan, yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, tashabbusli budjet doirasida g‘olib bo‘lmagan loyihani deputat tashabbusiga ko‘ra g‘olib deb e’lon qilish, ushbu jarayonlar ustidan parlament nazoratini olib borish va budjet so‘rovini shakllantirish tartiblari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tegishli qaror ijrosi, deputatlarning jarayondagi ishtiroki hamda loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, fraksiyamizning yana bir a’zosi Zokirjon Zohidov Rishton tumanida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish, aholi muammolarini aniqlash va ularga yechim topish maqsadida bir qator ijtimoiy soha obyektlarida o‘rganish olib bordi.
Xususan, oilaviy shifokorlik punktlari faoliyati hamda “Anhor bo‘yi” mahallasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, mavjud shart-sharoitlar atroflicha o‘rganildi.
Uchrashuvlar davomida fuqarolar tomonidan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, dori-darmon ta’minotini tartibga solish, yangi ish o‘rinlari yaratish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qator taklif va murojaatlar bildirildi.