Hamkorlikning zamonaviy formulasi
Hamkorlikning zamonaviy formulasi

 

Vashingtonda Amerika Qo‘shma Shtatlari hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bir davra atrofida yig‘ilishi mintaqamiz uchun katta ahamiyatga ega.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birdamlikdagi sa’y-harakatlari natijasida hamkorlik uchun mustahkam siyosiy va huquqiy poydevor yaratildi. Erishilgan kelishuvlarning fuqarolar va biznes uchun aniq natijalarga aylanishi bu jarayonning eng muhim vazifasidir.

Unda iqtisodiy, resurs, tranzit va siyosiy jihatdan muhim mavzular ko‘rib chiqildi. AQSH tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik masalalari va tranzit yo‘llari muhokama qilindi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar aloqalar uchun ma’naviy va siyosiy kuchli signal. Iqtisodiy bitimlar: sarmoya, logistika, raqamli transformatsiya, resurslar sohasida hamkorlik uchun imkoniyatlar ochildi.

Sammitda davlatimiz rahbari mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish, ekologiya, transport va ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

“S5+1” bugun nafaqat mintaqadagi siyosiy jarayonlar, balki global barqarorlik masalalarida ham muhim rol o‘ynay boshladi. Yetakchilar iqtisodiy barqarorlikdan xavfsizlikkacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarda yakdil fikr bildirmoqda. Markaziy Osiyoning har bir davlatini yagona manfaat-barqaror rivojlanish, tinchlik va farovonlik yo‘li birlashtiradi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, O‘zbekiston AQSH bilan ochiq va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga, shuningdek, Markaziy Osiyoni barqaror taraqqiyot hududiga aylantirishga katta ahamiyat bermoqda.

O‘zbekistonning eng katta yutug‘i uning ko‘p qirrali diplomatiyasida. Davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, tenglik va muvozanat prinsiplari bugun xalqaro munosabatlarda namuna bo‘lmoqda. AQSH ham reallikni tan olgan holda, mintaqani mustaqil siyosiy markaz sifatida qabul qilayapti, uni global hamkorlikda teng sherik sifatida ko‘rmoqda.

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari tarixiy burilish nuqtasida turibdi. Darhaqiqat, mintaqa endi raqobat yoki bo‘linish maydoni emas, balki umumiy manfaatlar va taraqqiyot yo‘lida birlashayotgan, o‘z ovoziga ega bo‘lgan hudud sifatida shakllanmoqda. Eng muhimi, bu jarayon tashqi bosimlar ta’sirida emas, balki mintaqa yetakchilarining siyosiy irodasi va xalqlarimizning ezgu intilishlari natijasida yuz bermoqda.

“S5+1” – nafaqat siyosiy muloqot, balki taraqqiyot va hamkorlikning zamonaviy formulasi!

 

Sayyora Imomova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish