Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoyasi bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflar olindi

 

Bugungi kunda dunyoda taxminan 1 milliarddan ortiq nogironligi bo‘lgan insonlar bor. Yurtimizda ham ular 1 million nafardan ortiqni tashkil qiladi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, teng imkoniyat va qulay muhit yaratish muhim vazifa.

Ma’lumki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatimiz siyosiy hayotida nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashni maqsad qilgan yagona siyosiy partiyadir. Mazkur partiya poytaxtimizda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari: ijtimoiy himoya va qonuniy kafolatlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazib, murojaatlar, taklif-mulohazalarni tingladi.

Davra suhbatida nogironligi bo‘lgan shaxslar partiyaning Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlardagi deputatlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Nogironlar jamiyati Markaziy boshqaruvi, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari bilan bevosita muloqotga kirishdi.

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, partiya tashabbusi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq manfaatlarini ta’minlash yo‘lida erishilgan natijalar, oldinda turgan vazifalarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya va “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun normalarining hayotga to‘liq va samarali tatbiq etilishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Muloqotda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy hayotga integratsiyasiga to‘siq bo‘layotgan omillar, inklyuziv jamiyat yaratish, bu boradagi dasturlarni yanada yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalarda infratuzilma obyektlarining nogironlar ehtiyojlariga mos emasligi, inklyuziv ta’lim va mehnat imkoniyatlarining cheklangani, ayrim hollarda ijtimoiy notenglik holatlari kuzatilayotgani aytildi.

Tadbir yakunida nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish, qulay muhit yaratishga qaratilgan milliy standartlarni ishlab chiqish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va partiyaviy yondashuv asosida yangi tashabbuslar ishlab chiqishga kelishib olindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish