O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faoliyatini kuchaytirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish borasida tashabbuskorlikni oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Partiyamizning viloyatdagi faxriylari va faollari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish, murojaatlarni samarali hal etish, saylovchilar bilan muloqotni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etilib, taklif-mulohazalarini bildirishdi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. O‘zXDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi vazifasiga Sarvarbek Sultonov nomzodi ilgari surildi. Uning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha turli vazifalarda samarali faoliyat olib borgani, xususan, Shirin shahar va Mirzaobod tumanlarida hokim vazifalarida ishlab, o‘ziga xos tajriba to‘plagani, hamkor tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlashda tashabbuskor ekani haqida fikrlar bildirilib, nomzod qo‘llab-quvvatlandi.
Boshqa mas’uliyatli ishga o‘tganligi munosabati bilan Sherali Mamadetsoyev o‘z arizasiga ko‘ra O‘zXDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi vazifasidan ozod etildi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Akmal Tursunboyev, respublika “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi O‘tbosar Abdiyev, partiyamiz faoli, Boyovut tumanidagi “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jumaboy Rahmonqulov va boshqalar Sherali Mamadetsoyev partiya viloyat kengashi raisi sifatida samarali faoliyat yuritganini e’tirof etishdi hamda yangi rahbar Sarvarbek Sultonov ishiga muvaffaqiyat tilashdi.
Safdoshlarimizga yangi vazifalarda omad va shijoat tilab qolamiz.