O'ZB  |   ÐÓÑ  |   ENG
Bugun 22 Fevral, 2012 y. ÷àñû äëÿ ñàéòà html

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2009 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovdagi

SAYLOVOLDI DASTURI

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘zining dasturiy maqsadlarini, birinchi navbatda, O‘zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasining ijtimoiy ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi.

Mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashning bugungi bosqichida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar samaradorligi, ko‘p jihatdan butun xalqning ushbu jarayonlar maqsad va vazifalarini to‘g‘ri tushunishiga bog‘liq. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fuqarolik jamiyati qaror topishida muvaffaqiyatga erishish va barqaror iqtisodiy rivojlanish siyosatining so‘zsiz sharti sifatida mamlakatda fuqarolar tinchligi va millatlararo, dinlararo totuvligini mustahkamlashda ishtirok etishni o‘zining ustuvor siyosiy vazifasi deb biladi.

Ushbu ustuvor yo‘nalishlarga muvofiq, O‘zXDP faoliyati «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni qoidalariga asoslangan holda bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tish davrida jamiyat va davlatning alohida qo‘llab-quvvatlashiga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini har tomonlama hisobga olish, ifodalash va himoya qilishga yo‘naltirilgan.

Eng avvalo, bu – iqtisodiyotda band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan kishilardir. Shuningdek, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalar, imkoniyatlari cheklangan odamlar va pensionerlar ham shular jumlasidandir.  Shu  bilan birga  aholining  nochor qatlamlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi hamda  ularning ijtimoiy ta’minotini amalga oshiruvchi  byudjet sohasi xodimlari   ham O‘zXDPning doimiy elektorati hisoblanadi.

O‘zbekiston XDP ushbu kishilarning ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqib, davlat hokimiyati saylanma organlari deputatlik korpusidagi o‘z vakillarining sa’y-harakatlarini mamlakatdagi ijtimoiy barqarorlik vaziyatini yanada mustahkamlash, jamiyatda fuqarolik xulq-atvori standartlari va me’yorlarini qaror toptirish, aholining ayrim qatlamlarida hamon davom etib kelayotgan ijtimoiy boqimandalik kayfiyatlarini to‘liq va uzil-kesil yengib o‘tish uchun qaratishga tayyor.

Ushbu maqsadlar yo‘lida O‘zbekiston XDP 2010-2015 yillarda o‘z  sa’y-harakatlarini   dasturiy  faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari deb hisoblagan   quyidagi vazifalarni hal etishga qaratadi:

 IQTISODIY  ISLOHOTLARGA —  IJTIMOIY SAMARADORLIK

O‘zbekiston XDP Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va joylardagi hokimiyat vakillik organlaridagi o‘z vakillari orqali davlatimiz rahbarining mamlakatimizning o‘sib borayotgan  iqtisodiy salohiyatidan aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, uning kam ta’minlangan guruhlari turmush darajasini yaxshilashda foydalanishga qaratilgan siyosatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Partiya qo‘shimcha ijtimoiy va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan kishilar safining bosqichma-bosqich kamayib borishini jamiyat farovonligi o‘sishining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri deb hisoblaydi.

O‘zbekiston XDP iqtisodiyotda bozorning cheksiz hukmronligi to‘g‘risidagi  g‘oyalarga qarshidir. Bozor iqtisodiyoti tanlangan yo‘lga muvofiq, xususiy manfaatlarga emas, balki ijtimoiy yo‘naltirilgan va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan bo‘lishi lozim.

Partiya aholi ko‘pchiligining manfaatlarini ko‘zlab, iqtisodiy o‘sishning uzoq muddatli maqsadlarini tanlashda va kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning boshqaruvchilik rolini mustahkamlashni strategik ustuvor vazifa sifatida e’tirof etadi.

O‘zbekiston XDP o‘zining siyosiy manfaatlarini 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturi va inqirozdan keyingi innovatsion rivojlanishning qator  ustuvor vazifalarini amalga oshirish bilan bog‘laydi. Bular:

— aholining real daromadlari ortishini kafolatlaydigan barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;

— qo‘shimcha ravishda yangi barqaror, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlari tashkil etish;

— ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqariladigan sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat hamda nooziq-ovqat mahsulotlar bilan yetarlicha ta’minlash;

— aholiga yuqori darajali, maqbul ijtimoiy va kommunal xizmat ko‘rsatishni ta’minlovchi yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishga mutanosib zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish.

Partiya bu kabi muhim ijtimoiy vazifalarni hal etishga faol ko‘maklashib, joylarda ularning izchil bajarilishiga har tomonlama harakat qiladi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlarining kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hududiy dasturlarini ishlab chiqish, qabul qilish va ijro qilinishidagi faol ishtirokini ta’minlash  — O‘zXDPning kelgusi davrdagi strategik siyosiy vazifasi hisoblanadi.

Ushbu masalalarda partiya shiori:

Mamlakatning  har bir fuqarosi yurtimiz iqtisodiy ravnaqiga ko‘maklashishi shart!

 MANZILLI  IJTIMOIY HIMOYA SAMARADORLIGI UCHUN

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholi zaif qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab quvvatlaydi va shu maqsadda:

  sog‘liqni saqlash, madaniyat, uy-joy-kommunal xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy ta’minot sohasida davlat minimal ijtimoiy standartlarini ishlab chiqish va joriy etish tashabbusi bilan chiqish;

— o‘z tomorqalarida va dehqon xo‘jaliklarida qoramol boqish bilan band bo‘lgan hamda kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan aholini mehnat daftarchalari, tegishlicha aholi uchun yosh bo‘yicha belgilangan pensiya bilan ta’minlash to‘g‘risida qabul qilingan qarorlarning so‘zsiz bajarilishiga ko‘maklashish;  

— muhim ijtimoiy dasturlarni va aholining ijtimoiy himoyalanganligi darajasi oshishida ijtimoiy institutlarning faol ishtirok etishini rag‘batlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga ko‘maklashish;

— ijtimoiy sohadagi yuqorida aytib o‘tilgan vazifalarni amalga oshirilishini ta’minlovchi yangi me’yoriy hujjatlarni qabul qilish tashabbusi  bilan chiqish niyatidadir.

Ushbu masalalarda partiya shiori:

  Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari ijtimoiy himoyasiga  — ustuvorlik!

 ODAMLARNING YANADA FAROVON YASHASH UCHUN  MEHNAT QILISHGA INTILISHI HAR TOMONLAMA  QO‘LLAB-QUVVATLANSIN

O‘zbekiston XDP qonunchilik tomonidan berilgan imkoniyatdan foydalanib, quyidagi masalalar bo‘yicha choralar ko‘rilishiga ko‘maklashadi:

— mehnat resurslari rivojlanishi hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlarida ularga bo‘lgan ehtiyojni o‘rta muddatli va uzoq muddatli prognozlashtirish tizimini takomillashtirish;

— mintaqalar iqtisodiyoti, ijtimoiy infratuzilmasi va mehnat resurslarini muvozanatli kompleks rivojlantirishning o‘rtacha muddatli inves­titsiya dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish asosida bandlik borasidagi mintaqaviy siyosat samaradorligini yanada oshirishni ta’minlash;

— aholi bandligi borasidagi  davlat va hududiy dasturlar ijrosining samaradorligini ish o‘rinlarini ko‘payishi va iqtisodiyotda band bo‘lganlar sonining o‘sishi ko‘rsatkichlari asosida baholashga o‘tish;

— qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratayotgan korxonalarga soliq, moliyaviy imtiyozlar hamda boshqa yengilliklar berilishiga erishish;

— xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, shu jumladan  kasanachilik shakllarida mehnatini tashkil etishning qonun bilan belgilangan kafolatlarini yanada  rivojlantirish;

  davlat va xo‘jalik boshqaruvi mahalliy organlari hamda mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalarning, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni inobatga olgan holda, aholini, shu jumladan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini egallagan mutaxassisliklariga muvofiq ish bilan to‘liq ta’minlanishi uchun mas’uliyatini oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish va qonun bilan mustahkamlash;

— yangidan tashkil etilayotgan ish o‘rinlarida mehnatga haq to‘lashning o‘rtacha darajasi ushbu hududdagi aholining o‘rtacha ish haqiga muvofiq bo‘lishiga erishish.

O‘zbekiston XDP qishloq aholisining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va qishloq aholi punktlarida zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish bo‘yicha  mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlarning xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish orqali  aholi bandligini oshirishga qaratilgan choralar  bilan bir vaqtda olib borilishini muhim deb hisoblaydi. 

O‘zbekiston XDPning fikricha, yangidan tashkil etilayotgan ish o‘rinlarida mehnatga haq to‘lashning o‘rtacha darajasi ushbu hududdagi aholining o‘rtacha ish haqiga muvofiq bo‘lishiga erishish —mehnatga layoqatli aholining muhim ijtimoiy kafolatidir.

Ushbu vazifalarni hal etish maqsadida O‘zXDP O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga, «O‘zbekiston Respublikasida aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga hamda mehnat munosabatlari, ish bilan bandlik, mehnatga haq to‘lash va xodimlarning ijtimoiy sug‘urtasi masalalarini tartibga soladigan boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi bilan chiqish niyatida.

Ushbu masalalarda partiya shiori:

Ishga  layoqatli  har bir fuqaro o‘z oilasi va Vatan ravnaqi uchun mehnat qilishi lozim!

 IJTIMOIY XIZMAT KO‘RSATISH — YUQORI SIFATLI VA BARChA UChUN MAQBUL BO‘LSIN

O‘zbekiston XDP hokimiyatning barcha darajalardagi vakillik  organlarida o‘z vakillariga ko‘rsatilgan ishonchdan foydalanib:

— tegishli davlat qarorlarida nazarda tutilgan aholining tibbiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich tashkil etishni yakuniga yetkazish;

— onalar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash;

— oliy ta’lim muassasalarida korxonalarning buyurtmasi bo‘yicha to‘lov-shartnoma asosida mutaxassislar tayyorlash amaliyotini kengaytirish;

— yosh oilalarga, shuningdek, chekka aholi punktlarida ishlayotgan o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlariga uy-joy sotib olish va qurish uchun imtiyozli qarz mablag‘lari hamda kreditlar ajratishning huquqiy asosini yaratish;

— qishloq yoshlarining oliy pedagogika,  tibbiyot­ va boshqa  o‘quv muassasalariga kirishi uchun shart-sharoitlar yaratish;

— qishloq hududlarida uy-joy qurishni kengaytirish, namunali loyihalar bo‘yicha yangi qurilgan yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun imtiyozli kreditlar berish jarayonida  ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar huquqini muhofaza  qilish borasidagi davlat qarorlarining joylarda bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga ko‘maklashish.

 O‘zXDP         «Fuqarolarning majburiy tibbiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini ishlab chiqish, shuningdek, «Fuqarolarning sog‘ligini saqlash to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga hamda sog‘liqni saqlash, ta’lim va aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning boshqa turli shakllarini tartibga soladigan qonun hujjatlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi bilan chiqish niyatida.

Ushbu masalalarda partiya shiori:

Fuqaro davlatning ravnaqi uchun qayg‘uradi, davlat  fuqaroning farovonligi uchun g‘amxo‘rlik qiladi!

 IJTIMOIY MAQBUL KOMMUNAL XIZMATLARNING YUQORI SIFATLI BO‘LISHI UCHUN

O‘zbekiston XDP hokimiyatning saylanma organlaridagi o‘z vakillariga tayanib, quyidagilarga erishish uchun harakat qiladi:

— qishloq aholisining uy-joy – maishiy  sharoitlarini shahar darajasigacha yetkazish bo‘yicha qabul qilingan davlat qarorlarining samarali bajarilishini ta’minlash uchun davlat mahalliy va xo‘jalik boshqaruvi organlari, kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalar va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining javobgarligini oshirish;

— uy-joylarni saqlash va ulardan foydalanish uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati a’zolarining mustaqilligi va mas’uliyatini oshirish;

— sohada raqobat muhitini rivojlantirish, shu jumladan energiyaning muqobil va tiklanadigan manbalarini hamda resurslarni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llashga o‘tish hisobiga kommunal xizmatlar  tannarxi pasaytirilishi va  tariflarning tegishlicha barqarorlashtirishni       ta’minlash;

— turar-joy fondini tegishli hisobga olish asboblari bilan jihozlash haqidagi davlat qarorlarining mahalliy boshqaruv organlari va kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan bajarilishining nazoratini kuchaytirish;

 O‘zXDP         aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan huquqni qo‘llash amaliyotining doimiy monitoringini olib boradi.

O‘zbekiston XDP, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga, «Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari to‘g‘risida»gi, ­«Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi tashabbusi bilan chiqish niyatida.

Ushbu masalalarda partiya shiori:

O‘zXDP uy-joy-kommunal sohada ijtimoiy mas’uliyatli raqobat muhitini yaratish  tarafdori!

 USTUVOR IJTIMOIY DASTURLAR BAJARILISHINING SAMARADORLIGI OSHIRILSIN

O‘zbekiston XDP «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining huquqiy mexanizmlariga tayanib, davlat hokimiyatining saylanma organlaridagi o‘z vakillari orqali quyidagilarga erishishga intiladi:

— mamlakatda amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning normativ asosini tashkil etadigan davlat qarorlarining joylarda aniq ijro etilishi yuzasidan davlat boshqaruvi mahalliy organlari xodimlari mas’uliyatini oshirish;

— aholining ehtiyojmand qatlamlari va guruhlarini aniq tarzda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadigan maqsadli davlat dasturlari bajarilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati tizimini takomillashtirish;

— «Qonunlar va boshqa davlat qarorlari ijrosining jamoatchilik monitoringi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish, O‘zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida»gi, «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish.

Ushbu masalada partiya shiori:

Biz — barcha uchun majburiy bo‘lgan qonunlar tarafdorimiz!

 TENG HUQUQLI MULOQOT VA O‘ZARO MANFAATLI HAMKORLIKKA YO‘NALTIRILGAN TASHQI SIYOSAT UCHUN

O‘zbekiston milliy manfaatlarimizga asoslangan, muvozanatli tashqi siyosatni amalga oshirmoqda. Ushbu siyosat jahonda adolatli siyo­siy va iqtisodiy tartib o‘rnatish, Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga yo‘naltirilgan. Partiya O‘zbekistonning BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlardagi faoliyat doirasida ushbu masalalarni hal qilishdagi samarali ishtirokini davom ettirish tarafdori.

Partiyamiz bundan buyon ham O‘zbekistonning bosh­qa davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan siyo­siy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalardagi munosabatlari  o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqli muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik, harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik va boshqa umume’tirof qilingan xalqaro huquqiy tamoyillarga asoslanishini yoqlaydi.

O‘zXDP xalqaro tashkilotlar va donor tuzilmalari bilan aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlari, bolalar, jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar huquqlari himoyasini ta’minlash bo‘yicha  hamkorlikni yanada rivojlantirishni muhim deb biladi.

* * *

Saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashiga erishish uchun mamlakatimizdagi boshqa partiyalar bilan sog‘­lom raqobat kurashida g‘alabaga intilayotgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qonunchilik palatasida munosib o‘rin egallash niyatidaki, bu nufuzli parlament fraksiyasini tashkil etish imkonini beradi. Shu bilan bir qatorda, partiyamiz davlat hokimiyati mahalliy vakillik idoralarida yetakchi o‘rin egallash uchun ham  kurashmoqda.

Bu o‘z navbatida,  davlat hokimiyatining saylanadigan organlari ishida faol ishtirok etish orqali partiya dasturiy maqsadlarini   amalga oshirish va O‘zbekiston XDPning partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiluvchi qonunlar va boshqa davlat qarorlarini qabul qilish va samarali bajarilishini ta’minlashga ta’sir ko‘rsatish imkonini beradi.

O‘zXDP — bu  o‘zaro hurmat, fuqarolik tashabbusi va yangi bunyodkor g‘oyalar partiyasi! Bizga ovoz bering!