O'ZB  |   ÐÓÑ  |   ENG
Bugun 22 Fevral, 2012 y. ÷àñû äëÿ ñàéòà html

O‘ZBEKISTON XALQ DEMOKRATIK PARTIYASI DASTURI

O‘zXDPning 2005 yil 2 iyuldagi V qurultoyida qabul qilingan

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy adolat hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va yordamga muhtoj fuqarolari, ya’ni:

- o‘z oilasini boqish uchun doimiy ish va barqaror daromadlar manbaiga ega bo‘lmagan mehnatga qobiliyatli aholi;

- ishga joylashishda qiyinchiliklarga uchrayotgan va tegishli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar;

- olinayotgan pensiya va ijtimoiy nafaqalar darajasi turmush kechirishi uchun etarli bo‘lmagan pensionerlar, nogironlar, ko‘p bolali oilalardagi ayollar va aholining boshqa zaif qatlamlari;

- asosiy daromadni mehnatdan oladigan, ishda va mehnatga haq to‘lashda talablari ish beruvchilar oldida ishonchli himoya qilinishiga muhtoj odamlar manfaatlarini ifoda etadi va himoya qiladi.

O‘zbekiston XDP ularni o‘z elektorati, deb hisoblaydi va ularning manfaatlarini ko‘zlab davlat tomonidan ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatning izchil yuritilishiga erishish uchun harakat qiladi, saylov kampaniyalari davrida ishsizlik, ijtimoiy adolatsizlik va qashshoqlik bilan hech ham kelisholmaydigan barcha ezgu niyatli kishilar uni qo‘llab-quvvatlashlariga umid bog‘laydi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovlarda shunday mavqeni egallashga harakat qiladiki, u keyinchalik o‘z elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, davlat hokimiyati tizimini shakllantirish va uning ishiga kuchli ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini bersin.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yaqin besh yildagi bosh vazifasi – hokimiyat partiyasiga aylanib,hukumat va davlat hokimiyati mahalliy organlarini shakllantirishga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini qo‘lga kiritishdir.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining kelgusi saylovlardagi maqsadi – Qonunchilik palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat, tuman va shahar Kengashlarida ko‘pchilik o‘rinlarni egallashdir. Bu bilan u qonun va boshqa davlat qarorlarini o‘z elektorati manfaatlarini inobatga olgan holda qabul qilish, o‘z odamlarini partiya oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun qonunchilik va ijroiya hokimiyatga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Partiya xalqimizni o‘z ortidan ergashtira olishiga va uning qo‘llab-quvvatlashiga erishishiga qattiq ishonadi, buning uchun o‘zida katta kuch sezadi. Bunday kuch va ishonch manbalari nimada?

Birinchidan. Partiyaning ijtimoiy negizi – ko‘p bolali oilalar,nogironlar, kam ta’minlanganlar, pensionerlar, ma’lumoti va kasbi yo‘q kishilar. O‘zbekiston XDP turli sabablar bois bozor islohotlariga tayyor bo‘lmagan bu odamlar qanday yashayotganligidan xabardordir. U mamlakatda qanday o‘zgarishlar ro‘y bergani va o‘tish davrida kam ta’minlangan, daromadi past kishilar qanday qiyinchiliklarga duch kelib, davlatga moddiy jihatdan qaram bo‘lib qolgan odamlar, ya’ni o‘zining asosiy ijtimoiy bazasi, elektorati deb hisoblayotgan aholi qatlamlarining ehtiyojlarini yaxshi biladi. Partiya ularga yordam ko‘rsatishga doir aniq dasturga egadir. XDP bozor iqtisodiyoti zarurligini tan olgan holda, insoniy qiyofaga ega bo‘lgan ijtimoiy bozor tarafdoridir. Va u ushbu odamlarning yaxshi yashashi uchun nimalar qilinishi kerakligini biladi.

Ikkinchidan. Partiya mehnatga qobiliyatli aholining ish bilan to‘liq bandligini ta’minlanishini eng muhim vazifa deb hisoblaydi. Bu muammo bilan doimiy ravishda shug‘ullanib kelayotgan O‘zbekiston XDP uning mohiyatini yaxshi biladi. Ish bilan bandlik muammolari bozor, talab va taklif qonuniyatlari bilan bog‘liq bo‘lsa-da, bunda ishsizlikning bo‘lishi muqarrar emas. Muhimi, ishsiz qolish fojiaga aylanmasligi kerak. Kishilar kelajakka, istiqbolga ishonchlarini yo‘qotmasinlar. Partiya bu muammoning keskinligini bartaraf etish va uni kompleks hal etish yo‘lini biladi. Partiyamizning ushbu masaladagi bosh shiori: Ish va farovonlik – barcha uchun!

Uchinchidan. Partiya ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari bilan bevosita shug‘ullanishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan. Partiya milliy g‘urursiz va milliy an’analar qo‘llab-quvvatlanmasdan kelajak yo‘q, deb hisoblaydi. Xalq ichida bo‘lib kelayotgan partiya shuni yaxshi tushunadiki, odamlarning ma’naviyatsizligi ularni engil-elpi ekstremistik shiorlar, «xalifalik» va «demokratik inqiloblar» haqidagi uydirmalar bilan chalg‘itadigan, mamlakatni halokatga etaklovchi har qanday salbiy kuchlar tuzog‘iga ilintirishi mumkin.

Partiya yuksak ma’naviyatni shakllantirishga qaratilgan ishlarda yosh avlodni tarbiyalayotgan o‘qituvchilar, millat sog‘lig‘ini muhofaza qilayotgan shifokorlar hamda ma’naviyat egalari bo‘ladigan yoshlarni o‘zining asosiy tayanchi, deb hisoblaydi.

Partiya bu ishni kelajak uchun, yoshlarning yuksak ma’naviyatga ega bo‘lishlari, ular va keyingi avlodlar jamiyatda mavjud ma’naviy qadriyatlarni meros qilib olishlari uchun olib boradi.

Partiyamiz yuksalishining poydevorini tashkil etuvchi, uning kelgusida etakchilikka erishishiga ishonch tug‘diruvchi uch asosiy tamal toshi mana shular.

XALQ DEMOKRATIK PARTIYASINING MAFKURASI – IJTIMOIY ADOLAT, IJTIMOIY BIRDAMLIK, DEMOKRATIYA VA OZODLIK MAFKURASIDIR

O`zbekiston XDPning ijtimoiy adolat va ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar manfaatlarini himoya qilishga bel bog`lagani uning mamlakat siyosiy kuchlari so‘l qanoti bo`lishligini belgilaydi.

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi O`zbekistonning mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatanimizning gullab-yashnashini ta`minlash, mamlakatda fuqarolik va millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik, har bir oila va butun xalq farovonligiga erishish kabi umummilliy manfaatlarni o‘z mafkurasi va siyosiy faoliyatining poydevori, deb biladi.

Xalqimizning mustaqillik va ozodlik, tenglik va adolat, tinchlik va totuvlikka azaliy intilishlari partiyamiz mafkurasining tabiiy sarchashmalaridir. U xalqimizga hamisha xos bo`lgan va bugun ham uning mentalitetini belgilaydigan hamjihatlik, jamoaviylik printsiplariga tayanadi, zero ular davlat hamda jamiyat rivojlanishining hozirgi o`tish davridagi qiyinchiliklarni engishda matonat va mardlik manbaidirlar.

Bunda partiya butun jahon demokratik harakati so`l qanotida qabul qilingan TENGLIK, OZODLIK, ADOLAT, BIRDAMLIK, DEMOKRATIYA VA INSON HUQUQLARI, TINCHLIK prinsiplari hamda xalqimizga xos bo`lgan milliy va umuminsoniy gumanistik hamda demokratik qadriyatlargaamal qiladi.

Partiyamizning ijtimoiy ideali – O‘zbekistonda sotsial demokratik davlatni bunyod etishdir. «XXI asrda kuchli O`zbekiston!» g`oyasi partiyaning bu maqsadga erishishdagi asosiy g‘oyasi hisoblanadi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining fikricha, kuchli O‘zbekiston:

Bu – boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarda yaxshi qo`shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik printsiplariga rioya qilib, o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, umumqabul etilgan xalqaro huquq me`yorlariga muvofiq, mustaqil tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat yuritayotgan, jahon hamjamiyatida e`tirof etilgan nufuzli davlat;
Bu – ishonchli tarzda ta`minlangan va professional himoya qilinayotgan milliy xavfsizlik, hududiy butunlik va mamlakat chegaralarining daxlsizligi, fuqarolarning jinoyat va zo‘ravonlikdan ishonchli himoyasi;
Bu – nafaqat Konstitutsiya tomonidan kafolatlangan, balki jahonda umume`tirof etilgan insonning asosiy huquq va erkinliklariga og`ishmay rioya qilinayotgan, oilalar va bolalar xotirjam yashayotgan, erkaklar va ayollar tengligi amalda mavjud bo‘lgan demokratik huquqiy davlat va rivojlangan fuqarolik jamiyati;
Bu – jahon hamjamiyatida umume`tirof etilgan demokratik printsiplar asosida shakllanayotgan xalq nazoratidagi va xalq oldida hisobdor, ma`muriy-buyruqbozlik boshqaruv tizimi qaytalanishidan xoli etilgan ta`sirchan davlat hokimiyati;
Bu – ichki bozorni mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar bilan to`ldirilishini to`la ta`minlaydigan, tashqi bozorga yuksak tayyorlik darajasidagi raqobatbardosh mahsulotlarni etkazib beradigan va ishga qobiliyatli jami aholini to`laqonli va munosib haq to‘lanadigan ish bilan ta`minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan, bir yoqlama xomashyo ishlab chiqarishga yo`naltirilganlikdan batamom xalos bo`lgan va ijtimoiy bozor iqtisodiyoti qonunlariga mos muttasil rivojlanayotgan xalq xo`jaligi majmui;
Bu – aholining maqsadli ijtimoiy himoya, ijtimoiy yordam va ijtimoiy ta`minot, shu jumladan, pensiya ta`minotiga muhtoj bo`lgan barcha qatlamlarini, ularning hayotiy ehtiyojlarini to`laqonli qoniqtirishni etarli darajada ta`minlashni kafolatlaydigan kuchli ijtimoiy siyosat;
Bu – tarixiy madaniy an`analar, xalqning boy ma`naviy merosiga tayanadigan va hozirgi zamon sivilizatsiyasining eng yaxshi yutuqlarini qamrab oladigan yuksak ma`naviy barkamollik va madaniyatlilik darajasi;
Bu – kelgusi avlodlar oldida o‘z ma`suliyatini anglagan, hayotning tabiiy asoslarini saqlashda namuna bo`layotgan, yoshlarga ishonchli kelajak, keksalarga tinchlik va farovonlikni ta`minlovchi mamlakatdir.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bu maqsadlarni mamlakatimizning mustaqil rivojlanish yillarida yaratilgan zamin va shart-sharoitlar asosida amalga oshirish mumkin, deb hisoblaydi. Bunga erishish O‘zbekistonning har bir fuqarosiga uning yuqori ma`lumotliligi va to`laqonli kasbiy bandligi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, har bir oila uchun jahonning rivojlangan davlatlari erishgan ko‘rsatkichlardan qolishmaydigan daromadlar darajasi kafolatlangan obod va farovon mamlakatda yashayotganligi bilan faxrlanish tuyg`usini tug`diradi.

O‘zbekiston XDP mafkurasida olg‘a surilayotgan ijtimoiy adolat va ijtimoiy birdamlik, demokratiya va ozodlik qadriyatlari Sotsialistik Internatsionalning asosiy printsiplari va mafkurasi bilan hamohangdir. Ular xalqimiz manfaatlari, intilishlari va orzulariga javob beradi.

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholi orasida siyosiy va ma`rifiy ishlarni olib borishda sotsial demokratiya mafkurasiga tayanish va shu mafkuraga asoslangan amaliy harakatlar unga jamiyatning boshqa siyosiy kuchlari bilan kurashda etakchilikka erishish imkoniyatini berishiga ishonadi.

SIYOSIY RAQOBAT VA G‘OYALAR KURASHI
Xalq demokratik partiyasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasini o‘zining asosiy siyosiy raqibi deb hisoblaydi.

O‘zbekiston XDP mazkur partiya rioya qilayotgan liberalizm g‘oyalarining hozirgi zamon demokratik harakatida, xususan, rivojlangan mamlakatlarda muhim rolü o‘ynayotganini e`tirof etadi. Shu bilan birga, partiyamiz ularni ideallashtirish mumkin emas, deb hisoblaydi va o‘z siyosiy raqiblari bilan g‘oyaviy maydonda faol kurashadi. Bu kurash O‘zLiDePning jamiyatimizning muhim ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini echish bo‘yicha yondashuvlarini tanqid qilish asosida olib boriladi.

Chunonchi, O‘zLiDeP iqtisodiyotda erkin bozor tarafdoridir. Lekin, ko‘p odamlar, xususan qishloqda yashayotganlar turli sabablarga ko‘ra bozor islohotlariga tayyor bo`lmagan bizning mamlakatimizda erkin bozor qoidalarini tatbiq etish to`g`ri bo`ladimi? Ularda doimiy ish, demak ishonchli daromad manbai ham yo`q. Erkin bozorning ayovsiz qonunlari qaror topgan sharoitda bunday kishilar boy bo`la olmaydilar, aksincha, ularning ahvoli yomonlashadi.

Shuning uchun O`zbekiston XDP siyosiy raqibining ushbu g`oyasiga muqobil tarzda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishning strategik yo`li negizida ijtimoiy bozor iqtisodiyoti g`oyasi yotmog`i kerak, deb hisoblaydi. Bozor iqtisodiyoti, eng avvalo, ijtimoiy tus olishi uchun uni qonun bilan belgilangan moliyaviy va soliq vositalari orqali tartibga solish talab qilinadi. Xuddi shu yo`l bilan davlat eng yuqori daromadlarning bir qismini ijtimoiy xarajatlarni solidar moliyalashga qaratadi. Bu eng yuqori va eng past daromadlar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishning samarali mexanizmlaridan biridir.

Liberal demokratlarning ishsizlikni bartaraf etishga oid takliflari ham O‘zbekiston XDPga uncha ma`qul emas. Ish bilan band bo`lmagan aholini faqat tadbirkorlikka tortish yo‘li bilan bu masalani hal qilish mumkinmi? Ishsizlarning, ayniqsa qishloq aholisining hammasi ham tadbirkor bo‘lishni istarmikan? O‘zbekiston XDP, yo‘q, hammasi istamaydi deb hisoblaydi. Ko‘plab fuqarolarning tirikchilik tashvishida O‘zbekiston shaharlaridagi «mardikor bozor»lariga chiqishlari yoki mamlakat tashqarisiga chiqib ketayotganligi sir emas.

Ularning ko‘pchiligiga ish joyi, yaxshi haq to‘lanadigan doimiy ish kerak. Qishloq aholisini ijtimoiy himoyalash nuqtai nazaridan qaraganda, shunday ish joylarini yaratishni rag‘batlantirish va qishloq joylarida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish davlatning eng muhim vazifasi bo‘lmog‘i lozim.

Liberalizmning asosiy printsiplaridan biri individualizm kontsepsiyasidan kelib chiquvchi shaxs erkinligining ustuvorligi hisoblanadi. Bu g‘oya mamlakatimizda qaror topgan mahallaviy jamoaviylik va ijtimoiy birdamlik kabi tarixiy an`analariga mos tusharmikan? O‘zbekiston XDP bizning sharoitimizda xalqimizning mentalitetiga yaqin bo‘lgan ijtimoiy birdamlik va jamoaviylik printsiplari jozibaliroq, deb hisoblaydi.

Davlat va jamiyat qurilishi masalalarida liberal-demokratlar o‘zini o‘zi boshqaradigan kuchli fuqarolik jamiyatinikuchli davlat hokimiyatining muqobili deb biladilar. Ma`lumki, XX asrda bu g‘oya davlatning asta-sekin barham topishi va ijtimoiy o‘zini o‘zi boshqarishga to‘la o‘tilishi nazariyasida mujassamlangan edi. O`zbekiston XDP bunga qo‘shilmaydi. Partiyamizning sotsial demokratik jamiyat to‘g‘risidagi kontsepsiyasiga ko‘ra, davlat va jamiyatbir-birini to‘ldiruvchi institutlardir. Shuning uchun XDP rivojlangan fuqarolik jamiyatiga tayanuvchi, xalq nazorati ostidagi va xalq oldida hisobdor bo‘lgan kuchli va ta`sirchan davlat hokimiyati kontsepsiyasini ma`qul ko‘radi.

Ijtimoiy farovonlik manbalariga liberal-demokratiyaning munosabatini ham partiyamiz ularning muayyan kamchiligi, deb hisoblaydi. Liberallar jamiyat baxt-saodatining asosini mulkdorlarning eson-omonligi tashkil etadi, degan tezis bilan chegaralanib, daromadlarni ijtimoiy to`g`rilash, aholining boylar va kambag`allarga ajralishining oldini olish masalasida aniq takliflar bermaydilar.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zLiDeP bilan g‘oyaviy kelishmovchiliklarining asosiylari shulardan iborat. Partiya a`zolari bularni nafaqat bilishlari, balki o‘zimizning qarashlarimizni ularga qarshi qo‘yishlari lozim. Eng asosiysi, joylardagi faollarimiz, boshlang`ich partiya tashkilotlari va davriy matbuot nashrlarimiz liberal demokratiyaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi muammolarini hal etishga yondashuvlarini asosli tanqid qilish bilan birga partiyamiz g‘oyalarining afzalligi va maftunkorligini xalqqa ishonarli tarzda tushuntirishlari kerak. Shunday qilinmasa, kelgusi saylovlarda XDPning g‘alaba qozonishi qiyin.

MAMLAKAT BOSIB O‘TGAN YO‘LGA BAHO VA PARTIYANING POZITSIYASI

Xalq demokratik partiyasi mustaqillik yillarida mamlakat rahbariyati tashabbusi bilan boshlangan va xalq tomonidan qo`llab-quvvatlangan islohotlar bosh yo`liga muvofiq yurtimizda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma`naviy sohalarda keng qamrovli o`zgarishlar yuz berganligini ta`kidlaydi.

O`zbekiston jahon hamjamiyatida e`tirof etildi. Olib borilayotgan mustaqil tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy aloqalar, xalqaro terrorizmga qarshi kurashdagi faol ishtiroki, Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari bo`yicha tashabbuskorligi uning obro‘si yanada oshishiga, jahonning boshqa mamlakatlari bilan ikki tomonlama va ko`p tomonlama munosabatlarning muttasil rivojlanishiga ko`mak bermoqda.

Mamlakatda demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining konstitutsiyaviy va huquqiy negizi yaratildi. Hozirgi zamon saylov tizimi vositasida shakllanayotgan ko‘ppartiyaviylik asosidagi vakillik parlament demokratiyasi izchil rivojlanmoqda. Butun dunyoda e`tirof etilgan insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya qilishning huquqiy kafolatlari va amaliy mexanizmlari takomillashib bormoqda. Mamlakat mustaqilligi va suvereniteti, sarhadlari va hududiy butunligini himoya qilishga qodir Qurolli Kuchlar vujudga keltirildi.

O‘zbekistonda iqtisodiy munosabatlar va mulk munosabatlari yangi tizimini shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi iqtisodiy islohotlarning muhim natijasi bo`ldi. Iqtisodiyotning barcha jabhalarida nodavlat sektori muttasil rivojlanmoqda. Unda bugungi kunda yalpi ichki mahsulotning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i ishlab chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, partiya o‘tgan yillar mobaynida islohotlarning ijtimoiy yo`nalishdagi qismini amalga oshirish unchalik to`liq bo`lmadi, deb hisoblaydi. Bunga faqat u yoki bu «ob`ektiv» sabablargina emas, balki birinchi navbatda, markaziy va mahalliy davlat hokimiyati hamda boshqaruvi faoliyatidagi aniq kamchiliklar xalal berdi.

Chunonchi, Qonunchilik sohasida inson ijtimoiy huquqlari va erkinliklari bilan bog‘liq qator konstitutsiyaviy qoidalarni amalga oshirishning qonunchilik mexanizmlarini yaratish masalalari e`tibordan chetda qoldi. Masalan, respublikamiz xususiyatlarini hisobga olgan holda, tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdorini aniqlashning maqbul mexanizmlari yaratilmagan. Ijtimoiy jabhalar faoliyatini belgilovchi ayrim qonunchilik hujjatlarida aniqlik etishmaydi, ularga ko‘plab boshqa hujjatlarga murojaat qilish to‘g‘risidagi me`yorlar kiritilgan. Amalda, bu qonun bilan tartibga solinadigan ko‘plab ijtimoiy muhim muammolarning yo`riqnomalar va boshqa qonunosti hujjatlar orqali yo‘naltiriladigan masalalar toifasiga o‘tishiga olib kelmoqda. Bunday qonunosti hujjatlarning ko‘p qismida ularning bajaruvchilari foydasiga izoh berilgan, qonunlarda ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha cheklovlar kiritilgan.

Hukumat darajasida ishsizlikni bartaraf etish, qishloq joylarida ishlab chiqarish, ijtimoiy va kommunal infratuzilmalarni oldindan rivojlantirish va mamlakatda mavjud bo‘lgan kambag‘allikni engishning bosh yo‘lini belgilaydigan boshqa qator asosiy yo‘nalishlarga doir muammolar yuzasidan maqsadli dasturiy hujjatlarni tegishli darajada ishlab chiqib, amalga oshirish ishlarining samarasi etarli emas.

Joylardagi davlat hokimiyati organlari faoliyatida hukumat qarorlarini bajarishda rasmiyatchilik va byurokratizm hollari hali ham ko`p uchraydi. Davlat apparati xodimlarida ma`muriy-buyruqbozlik ish uslublariga moyillik saqlanmoqda, malakaning pastligi, ish ko`zini yaxshi bilmaslik, intizomsizlik hollari uchrab turadi. Korrupsiya, poraxo‘rlik, mansabdorlarning beboshligi va ta`magirlik hali ham ular orasida uchrayotgan jiddiy illatlardir.

Partiya davlat hokimiyati organlari faoliyatidagi ushbu kamchiliklar oqibatida hozirgacha quyidagi muammolar o‘z echimini topmagan, deb hisoblaydi:

Mehnatga layoqatli aholining ochiq va yashirin ishsizligini aniqlash. Bugungi kunda bu narsa, ayniqsa agrar sektorda juda o‘tkir muammo bo‘lib qolmoqda. Chunki bu erda shirkat xo‘jaliklarini fermer xo`jaliklariga aylantirish jarayonida shirkat a`zolarining katta qismini ishdan bo‘shatishga to‘g‘ri kelmoqda. Ular yangi tashkil etilayotgan fermer xo`jaliklarida hamisha ham o‘zlariga ish topolmayotirlar, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidan tashqarida esa, ularning ishga joylashishi uchun samarali yordam ko‘rsatilmayotir, natijada iqtisodiyotda band bo`lmagan aholi salmog‘i oshib bormoqda.
Ishga qobiliyatli aholining har yilgi o‘sishi va har yili tashkil etilayotgan yangi ish o`rinlari soni orasidagi farq saqlanib qolmoqda. Bu esa mehnat resurslari ortiqcha bo‘lgan mintaqalarda ish o‘rinlari etishmasligining oshishiga olib keladi. Doimiy ishga ega bo`lmagan kishilarning mamlakat ichkarisi va tashqarisiga tashkillashtirilmagan mehnat migratsiyasi kengayib bormoqda.
Mamlakat rahbariyati tomonidan qo‘yilgan uy-joy – kommunal islohotlarining bosh vazifasi – asosiy kommunal xizmatlarda ishlab chiqarishni monopoliyadan chiqarish va bu sohada raqobat muhitini yaratish masalasi hal etilmay qolmoqda. Ayni paytda, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanmayotir.
Uy-joy-kommunal xizmati sohasidagi tariflar siyosati ustidan moliyaviy va monopoliyaga qarshi nazoratning susayganligi. Keyingi yillarda kommunal xizmatlar narxlarining o‘sishi o‘rtacha ish haqi oshirilishi sur`atlaridan ko‘pincha ortiq bo‘lmoqda. Bu esa, aholi kam ta`minlangan qismining kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlari oshishiga olib kelmoqda.
Joylardagi ijroiya hokimiyat organlari kam ta`minlangan ko‘p bolali oilalardagi xotin-qizlar ahvolini yaxshilash to‘g‘risida etarli qayg‘urmayotirlar. Ularning ta`lim olishi, kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirish, mehnatini engillatish masalalariga, shuningdek, ayollarni jamoat ishlarida erkaklar qatori faol ishtirok etish uchun jalb qilishga kam e`tibor berilmoqda.
Bu muammolar, birinchi navbatda, XDPning ijtimoiy tayanchi hisoblangan, partiya manfaatlarini himoya qiladigan aholining ijtimoiy zaif qismi ahvoliga ta`sir ko‘rsatmoqda.

Shu bois, partiya parlament, hukumat, davlat hokimiyati mahalliy organlari yuqorida sanab o‘tilgan va boshqa ijtimoiy muammolar yuzasidan samarali choralarni tezkorlik bilan ko‘rishlari lozim, deb hisoblaydi va, o‘z navbatida, ixtiyoridagi mavjud qonuniy vositalar orqali, shunga erishishga harakat qilmoqchidir.

INSON FAROVONLIGI – XALQ DEMOKRATIK PARTIYASI SIYOSATINING BOSH MAQSADI

O‘zbekiston aholisini bugungi kunda oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mollarini fiziologik me`yorlar darajasida iste`mol qilish uchun etarli daromadga ega bo‘lmagan qismining kambag‘alligi bartaraf etilmaguncha, eng muhim umummilliy manfaatlardan biri – Vatanimizning gullab yashnashiga erishish mumkin emas.

Partiya, inson va uning oilasi sog`ligi va farovonligi uchun shart bo`lgan tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori, ya`ni, eng kam iste`mol savatchasiga kiruvchi oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan iborat turmush darajasini ta`minlovchi, jahonda umume`tirof etilgan inson huquqlarining mamlakatimizda ro‘yobga chiqarilishini, bu masaladagi bosh mo`ljal, deb hisoblaydi.

Bu vazifani hal etish uchun partiya, birinchi navbatda:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 39-moddasining tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori to`g`risidagi qoidasini amalga oshirish mexanizmini qonunchilik vositasida belgilash;
davlat statistika hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari tomonidan eng kam iste`mol savatchasi, tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori, aholining haqiqiy daromadlari darajasini aniqlaydigan, O‘zbekiston sharoitlariga to‘g‘ri keladigan hozirgi zamon uslublarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
daromadi har bir oila a`zosi boshiga tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdoridan past oilalar qonun bilan belgilangan tartibda ijtimoiy yordam olishi, bunday oilalarning mehnatga qobiliyatsiz a`zolari esa tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdorini kafolatlovchi ijtimoiy ta`minotga ega bo‘lishi;
hukumat tomonidan ish haqi, pensiya, nafaqa va ijtimoiy yordamning boshqa turlari eng kam miqdorini tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori darajasiga etkazishga mo‘ljallangan o‘sishning o`rta muddatli davlat dasturi qabul qilinishiga erishishga harakat qiladi.
Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar nuqtai nazaridan buning uchun, aholi jon boshiga hisoblaganda, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotning yillikhajmini ikki barobar oshirishni ta`minlash talab etiladi. O‘zbekiston XDP, hozirgi paytda erishilgan yillik iqtisodiy o‘sish sur`atlari ikki barobar oshgan taqdirda, mamlakatda 2010 yil oxirigacha shunday darajaga erishsa bo‘ladi, deb hisoblaydi.

Partiya bu vazifalarni hal etish uchun davlatning makroiqtisodiy siyosati quyidagilarni ta`minlashi zarur, deb hisoblaydi:

uchta bir biriga bog‘liq masalani hal etishni ko‘zda tutgan agrar sohani rivojlantirishga kompleks yondashish – fermer xo‘jaliklarini muttasil rivojlantirish; ish bilan band bo‘lmagan qishloq aholisining agrar sohaga bosimini pasaytirish; qishloqda sifat bo‘yicha shahar darajasiga yaqinlashtirilgan bozor, muhandislik, kommunal va ijtimoiy infratuzilmalarni yaratish;
mehnatga qobiliyatli barcha aholining ish bilan to‘laqonli bandligini ta`minlash;
aholining zaif qatlamlarini maqsadli ijtimoiy himoyalashning samaradorligini oshirish.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yuqorida zikr etilgan makroiqtisodiy siyosat ustuvorliklarga urg`u berish, nafaqat mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilishini kuchaytiradi, balki davlat byudjetining daromad qismini ham sezilarli ravishda mustahkamlaydi, deb hisoblaydi.

PARTIYA AGRAR SIYOSATDA YAXSHI YASHASH UCHUN ODAMLARNING ISHLASHGA TAYYOR EKANLIKLARIGA ISHONADI

Partiya agrar siyosatda fermerlarning yuqori sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga bo‘lgan qiziqishi, ularning moddiy farovonligini ta`minlaydigan erdan foydalanishning maqbul tizimi va rag‘batlar, samarali infratuzilma, boshqarish, xo‘jalik yuritish va marketingning ilg‘or uslublarini qo`llashga ko‘maklashish uchun ularni kasbga o‘qitish, tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini yaratish asosida fermer xo‘jaliklarini bundan buyon ham rivojlantirishning bosh yo‘lini qo‘llab-quvvatlab, quyidagilar uchun kurashadi:

Shirkatlarni fermer xo‘jaliklariga aylantirish jarayonida ishsiz qolayotgan kishilarni hisobga olishning mukammal tizimini yo‘lga qo‘yish, tuman va viloyat hokimliklari darajasida ish qidirayotgan bunday kishilar to‘g‘risida ma`lumotlar bankini yuritish.

Qishloq aholisi bandligi muammosini kompleks hal etish:

past daromadli kishilarga maqbul, ularning mehnat va fuqarolik huquqlarining to`laqonli himoyasini ta`minlaydigan ortiqcha qishloq aholisining ichki va tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish;
kasanachilik, kosiblik, xalq hunarmandchiligi rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish va faol rag‘batlantirish, shu jumladan odamlarni kasbga yo`naltirish va kasbga o`qitish;
qishloqda fermer xo‘jaliklari qamrab olmagan iqtisodiy faol kishilarga ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish asoslarini o‘rgatish maqsadida menejment maktablarini ochish va ularni qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi kichik korxonalar tizimi, sexlar, uchastkalar, texnologik tizimlarni tashkil etishga undash, ayni paytda, eng istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun ularga kredit tizimlari va grantlarni ochish;
qayta ishlash korxonalarini tashkil etish loyihalariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb qilish maqsadida qishloq joylarida hozirgi zamon transport, muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlarini oldindan rivojlantirish.
Qishloqda hozirgi zamon ijtimoiy infratuzilma, tibbiyot va savdo tarmoqlarini rivojlantirish, qishloq aholisining tabiiy gaz, sifatli ichimlik suvi, boshqa kommunal xizmatlar bilan ta`minlanishini yaxshilash.

Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va qishloqda yangi ish o‘rinlarini vujudga keltirishga yo‘naltiriladigan daromad va sarmoyalarni barcha soliq va byudjet to‘lovlaridan ozod qilish.

MEHNATGA QOBILIYATLI AHOLINING BANDLIGI, BU – HAMMA UCHUN ISH VA FAROVONLIKDIR

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakat mehnatga qobiliyatli aholisining anchagina qismini qamrab olgan ochiq va yashirin ishsizlik davlatning ijtimoiy himoya tizimi va uning moliyaviy asoslari barqarorligini buzayapti, deb hisoblaydi. Ishlamayotgan kishilar yagona ijtimoiy to`lovlar tizimi va pensiya fondlarini shakllantirishda ishtirok etmaydi. Ular ishsizlar, nogironlar, qariyalar va kam ta`minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladigan ijtimoiy nafaqalarning asosiy iste`molchisidir.

Shu munosabat bilan partiya ishsizlikni yo‘qotish va mehnatga qobiliyatli jami aholining to`laqonli bandligini ta`minlashga erishish, hukumat faoliyatining eng muhim yo`nalishi bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi va shu maqsadda quyidagilarni taklif etadi:

Xomashyoni to`plash va birlamchi ishlov berish bo‘yicha, shuningdek, katta sarmoya talab qilmaydigan kosibchilik, xalq hunarmandchiligi va kasanachilikni rivojlantirish orqali ish o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida e`tibor berish;
Eng avvalo, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash sohasida iqtisodiy konyuktura tebranishlariga tezkorlik bilan munosabat bildiradigan va o‘z faoliyatini tashkil etish uchun resurslarni ko‘p talab qilmaydigan, mehnat qilishning eng qulay jabhalaridan bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hisobiga ish o‘rinlarini yaratishni faollashtirish. Ular ma`lumoti, malakasi va ishlab chiqarish tajribasi etarli bo`lmagan ishga layoqatli aholining anchagina qismini qamrab olishlari mumkin.
Iqtisodiyot va noishlabchiqarish jabhalarining mutaxassislarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida kadrlar tayyorlanadigan kasb va mutaxassisliklar ro‘yxatini, maktablarda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish masalasini va olingan natijalarga ko‘ra, o‘quv jarayonining maqsad va tashkil etilishini qaytadan ko`rib chiqish. Bu bilan o‘quv yurtini bitirgan yoshlarning ishsiz qolmasligiga qo‘shimcha kafolat yaratadi.
Qurolli Kuchlar safidan bo`shayotgan harbiylar, mehnat qobiliyati cheklangan nogironlar, ko`p bolali ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va mehnat bozorida teng raqobat qila olmaydigan boshqa kishilar uchun qonunchilik tomonidan ko‘zda tutilgan ish bilan to‘laqonli bandlik kafolatlarining samaradorligini oshirish;
Pensionerlarning tajribasi va professional malakasidan keng foydalanish, ishga qobiliyatli faol keksa xodimlarni pensiyaga chiqishga majbur qilmaslik, ishlayotgan pensionerlarga yoshga doir pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni to‘liq berish amaliyotiga qaytish;
Yangi ish o`rinlarini yaratayotgan ish beruvchilarga yagona ijtimoiy to‘lovning pasaytirilgan stavkalari tariqasida qo‘shimcha imtiyozlar berishni, ish o‘rinlarini qisqartirayotgan korxonalar uchun esa soliq stavkalarini oshirishni qonun bilanbelgilash.
Agrar sohada mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan oziq-ovqat va iste`mol tovarlari ishlab chiqarayotgan korxonalarda yangi ish o‘rinlarini yaratish loyihalarini moliyalashtirish uchun maxsus investitsiya jamg‘armasini tashkil etish va xuddi shunday tovarlar O‘zbekistonga xorijdan keltirilganda olinadigan boj to‘lovlari, aksiz soliqlari va qo‘shimcha qiymatga soliqdan byudjetga olinadigan tushumlarning bir qismini unga yo‘naltirish lozim.
Tashkillashtirilmagan mehnat migratsiyasini ortiqcha ishchi kuchlariga ehtiyoj kuchli bo‘lgan ichki va tashqi mehnat bozorlariga qayta taqsimlashning samarali qonuniy mexanizmiga aylantirishga qaratilgan ta`sirchan choralarni ko`rish. Buning uchun:

aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilikka, bu jabhadagi me`yoriy-huquqiy yo‘naltirishning samarasini oshiradigan o‘zgartishlar kiritish;
mehnat bozorlari mamlakat aholisi uchun an`anaviy tanish bo`lgan davlatlar bilan hukumat tomonidan mehnat migratsiyasi va mehnatkash-migrantlar ijtimoiy himoyasi sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida ikki tomonlama bitim va boshqa hukumatlararo hujjatlarni tuzish tashabbuslari bilan chiqish;
O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli bo`linmalari orqali vaqtincha ishlash uchun O`zbekiston fuqarolarining chet ellarga chiqib ketishini rasmiylashtirish tartiblarini soddalashtirish va u bilan bog`liq xizmat xarajatlarini sezilarli darajada arzonlashtirish.
KUCHLI IJTIMOIY SIYOSAT – XALQ FAROVONLIGI VA JAMIYAT IJTIMOIY BARQARORLIGINING MUHIM OMILI

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z ijtimoiy siyosatini belgilashda aholining yuksak darajadaijtimoiy himoyalanganligiodamlar farovonligi va jamiyat ijtimoiy barqarorligining ishonchli poydevori ekanligidan kelib chiqadi.

O‘zbekiston XDP maqsadli ijtimoiy siyosat, bu – aholining faqat kam ta`minlangan va ijtimoiy zaif qatlamlariga mo‘ljallangan siyosat, degan jamiyatda mavjud yuzaki tushunchaga qarshidir.

Partiya aholining barcha qatlamlari, barcha ijtimoiy guruhlar ijtimoiy himoyaga muhtoj, deb hisoblaydi. Bunda ijtimoiy siyosatning maqsadliligi, ularning har birining davlat va jamoatchilik tomonidan ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni o`zicha tasavvur etadigan ijtimoiy manfaatlari bilan belgilanadi:

Mehnatga qobiliyatli aholi uchun – odamlarning munosib haq to`lanadigan ishga intilishlarini qo`llab-quvvatlash, ularning shaxsiy tashabbusi va tadbirkorligini rag`batlantirish;
Mustaqil hayotga qadam qo`yayotgan yoshlar uchun – kasb tanlash, ta`lim olishda adolatli, hamma uchun teng va ijtimoiy maqbul sharoitlar yaratish, o‘quv yurtlarini bitirib chiqqandan keyin esa ishsizlikdan ishonchli kafolatlash;
Pensionerlar, nogironlar, qarovsiz qolgan keksalar va bolalar, mehnatga qobiliyatsiz va mehnat qobiliyati cheklangan aholining boshqa qatlamlari uchun – pensiya ta`minoti va ijtimoiy nafaqalarning moslashuvchan tizimi. Bu tizim ularga pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori tayinlanganda ham oziq-ovqat, kundalik zarur buyumlarning to`laqonli iste`moli, uy-joyni saqlash va foydalanishning ijtimoiy maqbulligini, sifatli tibbiy xizmat va ta`limni kafolatlashi kerak.
Partiya ijtimoiy siyosat jabhasida ko‘zlangan mo‘ljallariga etishish maqsadida quyidagilar tarafdoridir:

Ijtimoiy sohalarni moliyalashtirishda hissabay ishtirok etuvchi mulkning barcha shakllaridagi korxonalar uchun soliq imtiyozlari va rag‘batlarning ta`sirchanligini oshirish.
Buning uchun bunday korxonalar tomonidan to‘lanadigan soliqlar va boshqa byudjet to‘lovlari umumiy miqdorining, byudjetning umumiy xarajatlaridagi ijtimoiy sarflar solishtirma hajmiga teng bir qismi, ularning ijtimoiy sohani moliyalashtirishdagi ulushlari miqdoriga kamaytirilishi lozim.

Oziq-ovqat va iste`mol tovarlari importiga boj to‘lovlari, aksiz solig‘i va qo‘shimcha qiymatga soliq stavkalarini qayta ko`rib chiqish. Eng kam iste`mol savatchasiga kiradigan mamlakatda ishlab chiqariladigan yoki xorijdan olib kelinadigan oziq-ovqat va iste`mol tovarlari yuqorida sanab o`tilgan soliqlarga eng kam stavka bo`yicha tortilishi kerak. Bu bilan eng kam iste`mol savatchasi qiymatini tushirish mumkin bo`ladi va davlatning aholi kam ta`minlangan va zaif qatlamlariga tirikchilik uchun zarur eng kam daromaddan oz bo`lmagan miqdorda ijtimoiy pensiya va nafaqalar to‘lash to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy majburiyatlarining byudjetga bosimini kamaytirish imkoniyatini beradi.
Yoshga doir va ijtimoiy pensiya hamda nafaqalar miqdorini oshirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko`rish.
Buning uchun partiya pensiya ta`minoti miqdorini rasman belgilangan tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori bilan muvofiqlashtirilmaguncha, pensiya va ijtimoiy nafaqalarning eng kam miqdorini indeksatsiyalash uchun koeffitsientlarni eng kam ish haqi miqdorining indeksatsiya darajasidan ortiq belgilash, tegishli xarajatlarni byudjetdan moliyalashtirishni taklif etadi.

Xalq ta`limi va sog‘liqni saqlash muassasalarini byudjetdan moliyalashtirishning samaradorligini oshirish.

Pedagoglar va tibbiyot xodimlarining mehnatiga haq to‘lashni oshirib, uni ushbu kasblarning an`anaviy nufuziga mos darajagacha etkazish uchun zarur imkoniyatlarni izlab topish.

Umumta`lim maktablari binolarini saqlash va o‘quv-moddiy bazasini davlat tomonidan moliyalashtirish me`yorlarini shu darajaga etkazish kerakki, buning uchun ota-onalar va homiylar mablag‘larini majburiy jalb etishga zarurat qolmasin. Sog‘liqni saqlash muassasalarida bu me`yorlarni davlat tomonidan aholi barcha qatlamlari uchun to‘laqonli bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish kafolatlangan qonun bilan belgilangan me`yorlar bilan muvofiqlashtirish lozim.

Ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar va bolalikdan nogironlar tarbiyalanayotgan maxsus maktab-internatlar, «Mehribonlik uylari»ni byudjetdan moliyalashtirish, ularda oilaviy tarbiya sharoitlari bilan teng keladigan moddiy-maishiy sharoitlarni yaratish uchun etarli darajada bo‘lishi lozim.

Ta`limni boshqaruvchi tegishli davlat organlarining yoshlarni oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-shartnoma shaklida o‘qitishni tashkil etishga yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqish.

Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-shartnoma shaklida o‘qitish uchun ota-onalar xarajatlarini kamaytirish maqsadida ko‘rilishi lozim bo‘lgan zarur choralar quyidagilar:

korxonalar buyurtmasi bilan mutaxassislarni tayyorlash amaliyotini kengaytirish;

oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-shartnoma shaklidagi o‘qish uchun haq to‘lashga yoshlarga foizsiz kredit berishning ijtimoiy maqbul mexanizmlarni yaratish.

Ipoteka asosida ommaviy uy-joy qurishni kengaytirish, shuningdek, davlat byudjeti va byudjetdan tashqari ijtimoiy fondlar hisobiga ijtimoiy uy-joylarni qurish va uni uy-joyga muhtoj aholining kam ta`minlangan qatlamlariga, ijtimoiy maqbul tariflarga muvofiq, ijaraga berish.

-Tegishli davlat qarorlarida ko‘zda tutilgandek, yaqin ikki yilda uy-joy – kommunal xizmatlarini monopoliyadan chiqarish va raqobat muhitini yaratish.

O‘zbekiston XDP bu masala oxirigacha xal bo‘lganga qadar va tirikchilik uchun zarur eng kam daromad miqdori qonun bilan belgilanmaguncha, aholiga ko‘rsatilayotgan uy-joy-kommunal xizmatlarining narxi va tariflari o‘sishini qat`iy davlat nazorati ostiga olishni va uning ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorining o‘sishi bilan solishtirilishini ta`minlashni taklif etadi.

Partiya asosiy uy-joy – kommunal xizmatlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni tabiiy monopoliyalar jumlasiga qonunchilik tomonidan kiritilishini xato, deb hisoblaydi va bu xatoning zudlik bilan tuzatilishini qatüiy talab qiladi.

Jamiyatda mulkning barcha shakllaridagi korxonalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoatchilik institutlari hamda iqtisodiyot sohasida ishlayotgan faol va o‘ziga to‘q kishilarni muhim ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda keng ishtirok etishga rag‘batlantiradigan ijtimoiy birdamlik munosabatlarini rivojlantirish.
IJTIMOIY DEMOKRATIK DAVLAT VA MAS`ULIYATLI FUQAROLIK JAMIYATINI SHAKLLANTIRISH

Davlat va jamiyat qurilishi sohasida O‘zbekiston XDP quyidagilar tarafdoridir:

Konstitutsiyaviy tuzum, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qodir hokimiyatga ega hamdamuxtor vakillari – deputatlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari orqali xalq oldida hisobdor kuchli ijtimoiy davlatni shakllantirish.
Mamlakatda fuqarolarning ijtimoiy huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalarida haqiqiy vakolatlarga ega rivojlangan o‘zini o‘zi boshqarish institutlari, ijtimoiy faoliyat, ko‘ppartiyaviylik tizimi mavjud bo‘lgan to‘laqonli fuqarolik jamiyatini vujudga keltirish.
Bunda amaliy choralar sifatida partiya quyidagilarni taklif etadi:

davlat boshqaruvi apparati maqomi, davlat xizmatchilari vazifa, huquq va majburiyatlari, kasb malakasini oshirish va yuqori lavozimlarga ko‘tarilishi, ularning mehnat va ijtimoiy huquqlari, shuningdek, ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish uchun mas`uliyat choralarini qonun bilan belgilash;
ijroiya hokimiyat tomonidan nizom, yo‘riqnoma va shunga o‘xshash umumiy tusdagi qonunosti hujjatlarini chiqarish amaliyotini qonun bilan cheklash;
davlat va xo`jalik boshqaruvi apparati xodimlarining beboshligi, to‘rachiligi, poraxo‘rligi va korrupsiyaga qarshi kurashni me`yoriy-huquqiy yo‘naltirishning ta`sirchanligini oshirish;
muhim ijtimoiy muammolar bo‘yicha qarorlar qabul qilish oldidan hukumatning – siyosiy partiyalarning parlament fraksiyalari bilan, hokimliklarning – xalq deputatlari tegishli Kengashlardagi partiyalar deputatlik guruhlari bilan jamoat maslahatlashuvini albatta o‘tkazish to‘g‘risidagi qoidani tegishli qonunchilik hujjatlariga kiritish;
hukumatning parlament palatalari oldida faqat byudjet masalalari bo‘yichagina emas, balki:
har yili – Vazirlar Mahkamasining faoliyat dasturi bo‘yicha,

har yarim yillikda – mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli to‘g‘risida,

zaruratga qarab – muhim milliy dasturlar bo‘yicha muntazam hisobot berishini amaliyotga kiritish;

hokimlar va ularning tasarrufidagi mahalliy ijroiya hokimiyat organlarining xalq deputatlari tegishli Kengashlari sessiyalarida muntazam hisob berishini ta`minlash;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahalla mustaqilligini mustahkamlash, huquq va vakolatlarini kengaytirish, hokimlar va ularga bo`ysunadigan mahalliy ijroiya hokimiyat organlari rahbarlarining o‘z faoliyatlari to‘g‘risida fuqarolar yig‘inlari oldida muntazam ravishda hisob berish to‘g‘risidagi qonunda belgilangan vazifalariga og`ishmay rioya qilish uchun mas`uliyatini kuchaytirish;
kasaba uyushmalari, iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari, pensionerlar, faxriylar, xotin-qizlar, yoshlarning jamoat birlashmalariga Konstitutsiyada belgilangan insonni huquq va erkinliklariga hamda amaldagi qonunchilikka rioya qilinishi ustidan jamoatchilik monitoringini yuritishda haqiqiy vakolatlar berish;
joylarda, tashkiliy-huquqiy birlashtirish yo‘li bilan xalq deputatlari Kengashlari qoshida fuqarolar yig`inlari oqsoqollar kengashlari, respublika “Mahalla”, “Sog‘lom avlod uchun”, “Nuroniy” jamg‘armalari, “Ma`naviyat va ma`rifat” kengashlari, “Kamolot” ijtimoiy yoshlar harakati, xotin-qizlar qo`mitasi, kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va boshqa tashkilotlarning mahalliy bo‘linmalari ishtirokida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish assotsiatsiyalarini tashkil etishni yo‘lga qo‘yish;
kishilarda faol fuqarolik nuqtai nazarini shakllantirish, o‘z konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini idrok etish, ulardan ongli ravishda foydalana olish va ularni sud orqali himoya qilish ko`nikmalarini hosil etishga qaratilgan davlat hamda fuqarolik ta`lim-tarbiya tizimlarini g‘ayrat bilan rivojlantirish;
qonunlarni bajarish, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vazifalarini amalga oshirish, Konstitutsiyada belgilangan inson huquqlari va erkinliklariga og‘ishmay rioya qilish hamda ularni himoya qilishni ta`minlash ustidan faol jamoatchilik nazorati va oshkoralik instituti sifatida mustaqil ommaviy axborot vositalarining keng rivojlanishini izchil ta`minlash.
SAMARALI TASHQI SIYOSAT UCHUN

O‘zbekiston XDP mamlakat tashqi siyosati jahon hamjamiyatida globallashuv jarayonlari tobora rivojlanayotganligi, xalqaro terrorizm va ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, narkotiklar savdosi xavfi oshganligi, yashirin migratsiya xalqaro muammoga aylanganligini to‘liq hisobga olishi lozim, deb hisoblaydi. Bularning barchasi jahon taraqqiyotidagi mavjud muammolarni qayta mushohada qilish va yangi paydo bo‘layotganlariga shunga yarasha munosabatda bo`lishni talab etadi.

Shularni hisobga olib, partiya:

davlat tashqi siyosati o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda, milliy-davlat manfaatlari ustuvorligida belgilanishi;
milliy suverenitetni hurmat qilish, milliy o‘zini o‘zi boshqarish huquqi, nizolarni muzokaralar yo‘li bilan hal etish, xalqaro inson huquqlariga og‘ishmay rioya qilishni tan olish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining tajovuzkor harbiy bloklarga kirmaslik maqsadini ko‘zda tutuvchi Yangi xalqaro iqtisodiy va siyosiy tartibning qaror topishi;
davlat tuzilmalari ustida barpo etilgan va uchinchi davlatga qarshi yo`naltirilgan har qanday integratsiyaning qabul qilib bo‘lmasligi;
Rossiya, Xitoy, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari, Yevropa, AQSH va jahonning boshqa mamlakatlari bilan ustuvor munosabatdan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasining ko`p yo`nalishli tashqi siyosati;
Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari, mintaqaviy tashkilotlar ishtirokchilari (SHHT, MOMT, MDH), YEI mamlakatlari, AQSH, xalqaro tashkilotlar (BMT, YEXHT, NATO) bilan hamkorlikka tayanib, xavfsizlikka tahdidlarni kamaytirish tarafdoridir. Ushbu hamkorlikni mustahkamlash O‘zbekiston Respublikasida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, yuqorida qayd etilgan tuzilmalarni O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslik asosida xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash maqsadiga xizmat qilishi lozim.
Partiya xalqaro huquq me`yorlarining ichki davlat me`yorlariga nisbatan ustuvorligini e`tirof etadi va ularni birxillashtirish tarafdoridir. Shu bilan birga, u xalqaro hujjatlarning barcha qoidalarini ham milliy qonunchilikka ko‘chirib kiritish shart emas, deb hisoblaydi.

Partiya Sotsialistik Internatsionalga kiruvchi partiyalar, demokratik yo‘nalishdagi boshqa partiyalar bilan sotsial demokratiya g‘oyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan ijobiy muloqot olib borishga tayyor.

MILLIY XAVFSIZLIKNI ISHONCHLI TA`MINLASH

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosatini yuqori baholab, ayni paytda, milliy xavfsizlikni ishonchli ta`minlashni dolzarb masala, deb hisoblaydi va davlatning ushbu yo`nalishdagi izchil harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi:

mamlakat tinchligi va osoyishtaligini samarali va ishonchli himoyalashga qodir, harakatchan, tuzilma va son jihatidan ixcham, tarkiban professional, yaxshi ta`minlangan Qurolli Kuchlarni shakllantirish;
harbiy xizmat mavqeini oshirish, chaqiriq yoshigacha bo`lgan yigitlarni maqsadli tayyorlash, harbiy xizmatchilarda Vatanga muhabbat va sadoqat, yuksak iroda va ma`naviy sifatlar, professionallik, a`lo harbiy tayyorgarlikni shakllantirish;
hududiy butunlikni ta`minlash, chegaradan qo‘poruvchi-terrorchilik guruhlari va maxsus jangari unsurlarning o`tishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sarhadlarni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko`rish;
ichki ishlar organlarini terrorchilik va qo`poruvchilik, ekstremizm va uyushgan jinoyatchilikning barcha ko‘rinishlaridan fuqarolar va jamiyatni ishonchli himoya qilish, shaxsning huquq va erkinliklari, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligiga kafolat beradigan tizimga aylantirish maqsadida isloh qilish;
xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafikka birgalikda qarshi kurashish uchun do‘st mamlakatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

***

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z tashkilotlari, saylanma organlari, a`zolarining sa`y-harakati va imkoniyatlarini mazkur Dasturda bayon etilgan maqsad hamda vazifalarni keng targ‘ib etish va amalga oshirishga qaratadi. Partiyaning siyosiy mo‘ljallari va dasturiy maqsadlariga qo‘shilgan barcha vatandoshlar, ezgu niyatli kishilarni uning mamlakat milliy mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan g‘oyalar bilan hamohang intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga da`vat etadi!