O'ZB  |   ÐÓÑ  |   ENG
Bugun 20 May, 2012 y. ÷àñû äëÿ ñàéòà html

2010 YIL 11 MART KUNI TOSHKENT SHAHRIDA O‘ZBEKISTON XALQ DEMOKRATIK PARTIYASI

Markaziy Kengashining II plenumi bo‘lib o‘tdi.

 

Hayotimiz o‘zgarib, yangilanib bormoqda, shundan kelib chiqib siyosiy partiyalar oldiga ham yangi vazifalar qo‘yilmoqda. Siyosiy kuch sifatida jamiyat oldidagi o‘z vazifasini chin ma’noda bajarish qat’iy talab etilmoqda. Zero, busiz mamlakatni demo­kratik modernizatsiyalash, davlat boshqaruvini yangilash, jamiyatning barcha sohalarini erkinlashtirish haqida gapirishning o‘zi ortiqchadir.

O‘zXDP Markaziy Kengashining II plenumida bu borada batafsil fikr almashildi.

Partiya yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Latif G‘ulomov Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma yig‘ilishi hamda Vazirlar Mahkamasining yil yakuniga bag‘ishlangan majlisida ilgari surgan g‘oyalardan kelib chiqib, partiyaning saylovoldi dasturiy maqsadlarini bajarishga qaratilgan Harakat dasturi loyihasi, partiya tashkilotlari, deputatlik guruhlarining ustuvor vazifalari haqida ma’ruza qildi.

Shuningdek, plenumda partiyaning 2009 yilgi byudjeti ijrosi va 2010 yilgi byudjetining asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi masala ham muhokama etildi. Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Plenum ishida O‘zXDP markaziy saylanma organlari a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyamiz fraksiyasi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlari rahbarlari, partiyaning markaziy va mahalliy nashr­lari va boshqa OAV vakillari qatnashdilar.

Plenum ishtirokchilarining fikr-mulohazalari gazetamizning navbatdagi sonida beriladi.

 

 O‘ZBEKISTON XALQ DEMOKRATIK PARTIYASI MARKAZIY KENGASHI RAISI, OLIY MAJLIS  QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATI LATIF G‘ULOMOVNING PARTIYA MARKAZIY KENGASHI II PLENUMIDAGI MA’RUZASI BAYONI

Plenum bugun hayot shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan davrda partiya oldida turgan eng muhim vazifalarni muhokama qildi. Bu haqda to‘xtalar ekan, O‘zXDP yetakchisi L.G‘ulomov avvalo 2009 yilda bo‘lib o‘tgan saylov biz uchun jiddiy siyosiy imtihon bo‘lganini ta’kidladi.

Mazkur jarayon ilk bor faqat ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazildi. Siyosiy kuchlar nomzodlari o‘rtasida keskin raqobat kuzatildi. Saylov natijalariga ko‘ra, partiyamiz barcha darajalardagi vakillik organlarida deputatlik birlashmalarini tashkil etish uchun yetarli vakolatni qo‘lga kiritdi. Parlament va deputatlik faoliyati vositasida dasturiy maqsadlarimizni amalga oshirish uchun salmoqli tashkiliy salohiyatga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 27 yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida, partiyalar o‘rtasidagi saylov­oldi kurashi, Oliy Majlisimizning yangi tarkibini shakllantirish paytida bo‘lib o‘tgan g‘oya va dastur­lar kurashi parla­mentning kundalik faoliyatida ham davom etishi va yanada chuqurlashib borishi zarurligini, aynan par­lament fao­liya­tida, ta’bir joiz bo‘lsa, g‘oya va das­turlar bellashuvi doimiy tus oli­shi, har qaysi par­tiya o‘z oldiga qo‘y­gan maqsad-mud­dao­la­riga ana shunday kurash or­qali erishishi lozim­ligini ta’kidlab o‘tdi.

Plenum diqqat markazidagi asosiy masala ham, aynan ushbu vazifa, ya’ni O‘zbekiston XDP saylovoldi dasturiy maqsadlarini hayotga tatbiq etish hamda partiyaning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va demokratik modernizatsiyalashning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishdagi ishtirokiga oid Harakat dasturini qa­bul qilishdan iborat.

Partiyalararo raqobat biz uchun avvalo partiyamiz tarafdorlarini, bizning dasturiy g‘oya va ustuvor yo‘nalishlarimizni boshqa partiyalarnikidan afzal deb biluvchi kishilar safini kengaytirish uchun kurashdir.

Partiyaning mahalliy tuzilmalari tomonidan elektorat orasida tashkil etilayotgan tadbirlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, — dedi Markaziy Kengash raisi, ularning aksariyati rasmiyatchilik uchun o‘tkazilmoqda. Bunday tadbirlarning mavzulari ko‘pincha O‘zbekiston XDP mafkurasi va Dasturining o‘ziga xos jihatlari, elektoratimiz manfaatlari bilan bog‘liq emas.

O‘zbekiston XDPning ayrim tuman va shahar kengashlari turli jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazishga haddan tashqari berilib, hattoki partiyamiz faollari shunchaki qatnashgan tadbirlarni ham «o‘zlariniki» deb ko‘rsatish hollari bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari parlament palatalarining qo‘shma majlisida bugungi kunda elektorat bilan ish olib borishning zamonaviy usullaridan umume’tirof etilgan siyosiy texnologiya­lardan keng foydalanish zarurligini alohida ta’kidladi.

Shu munosabat bilan, XDP mahalliy tashkilotlari faollarini boshqa siyosiy partiyalar g‘oyaviy pozitsiyasi va ijtimoiy jihatdan ahamiyatli bo‘lgan ­masalalar bo‘yicha konstruktiv tan­qid va munozara yuritishga yo‘naltirishga xizmat qiladigan axborot-tahliliy hamda uslubiy materiallar bilan ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Partiyaning boshlang‘ich tashkilotlarigacha bo‘lgan barcha darajalardagi tuzilmalarida elektorat orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish bo‘yicha mavzular rejalarini ishlab chiqish zarur. O‘zbekiston XDP siyosiy platformasining boshqa siyosiy partiyalar dasturiy vazifalaridan afzalliklarini tushuntirish bu ishning asosiy mazmunini tashkil etishi lozim.

Bu yo‘nalishdagi faoliyatimiz muvaffaqiyatini ta’minlash maqsadida partiyaning har bir tuman va shahar kengashi qoshida faollardan iborat maxsus guruhlar tuzib, ularni elektorat bilan ishlashning zamonaviy uslublari va siyosiy texnologiyalar bo‘yicha muntazam o‘qitishni tashkil etish talab etiladi. Buning uchun aholi turli ijtimoiy qatlamlarining O‘zbekiston XDP haqidagi fikrini muntazam o‘rganib borish zarur. Elektorat bilan ishlashda qo‘llaniladigan uslub va siyo­siy texnologiyalarni vaziyatga qarab o‘zgartirib, galdagi vazifalarimizga moslashtirib borishimiz kerak bo‘ladi.

Plenumda partiya rahbari siyosiy raqiblarimiz bilan bahs-munozaralarni jiddiy, professional va amaliy negizda olib borish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bu esa, o‘z navbatida avvalo partiya Markaziy Kengashi darajasida O‘z­bekis­ton XDP elektoratini o‘ylantirayotgan sotsial-iqtisodiy muammolarni yanada chuqurroq o‘rganish va ularni hal etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga butun diqqat-e’tiborni qaratishni talab etadi.

Shunday masalalardan biri partiyamiz elektoratining demografik tavsifi, uning tarkibiga kiruvchi ijtimoiy guruhlarning istiqboldagi va joriy manfaatlarini o‘ziga xos jihatlaridir.Bu masala nafaqat nazariy, balki amaliy nuqtai nazardan ham muhim. Buning siyo­siy jihatdan ustuvor yo‘nalishlarimizni amalga oshirishda hisobga olinishi hamda partiyaning ushbu manfaatlarni himoya qilish bo‘yicha amaliy faoliyati qay tarzda tashkil etilishi juda katta ahamiyatga ega ekanini tushunib olishimiz lozim.

Buning uchun, partiya Markaziy Kengashi qoshida maxsus ekspert guruhlarini tuzish, ularga tegishli tarmoqlar mutaxassislarini jalb etish, ularning tahliliy va tadqiqot faoliyatini yo‘lga qo‘yish talab qilinadi. Tegishli muammolarni o‘rganib chiqqandan keyin ularning jamoatchilik o‘rtasida muhokamasini tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Bu nafaqat tahliliy ishlar samaradorligini oshirish, balki o‘rganilayotgan masalalarga jamoatchilik e’tiborini ham jalb etish, mazkur muammolar yuzasidan mavjud pozitsiyamizning boshqa siyosiy partiyalardan farqini aniqlash, ular bilan asoslangan bahs-munozara olib borish imkonini beradi.

Ekspert guruhlarining muhim vazifasi partiyamizning parlamentdagi fraksiyasi, Mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari, saylanma organlari va ishchi apparati xodimlari uchun ishning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy va amaliy tavsiyalarni tayyorlashdan iboratdir.

«O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari hamda partiyamizning mahalliy tashkilotlari nashrlari partiya­lar­aro qizg‘in bahs-munozaralar minbariga aylanmog‘i darkor, dedi L.G‘ulomov.

Yaqin vaqtgacha gazetalarimizda boshqa partiyalar bilan bahs-munozara asosan O‘zLiDePning O‘zXDPga nisbatan tanqidiy hamlalariga javobdan iborat edi. O‘zbekiston XDPning siyosiy opponentlarini tanqid qilish bo‘yicha tashabbus yetarli bo‘lmadi. O‘zaro tanqid ko‘p hollarda dolzarb ijtimoiy-siyosiy muammolar bo‘yicha pozitsiya­larimizdagi farqlar xususida emas, balki bir-birimizning faoliyatimizdan kamchilik qi­dirishdan iborat bo‘ldi.

Markaziy gazetalarimiz bosh­qa siyosiy partiyalar bilan bahs-munozara doirasidagi tahliliy materiallarni muntazam berib borishlari kerak. Bu nafaqat gazetalar tahririyatining, balki partiya markaziy organlari va parlament fraksiyasi a’zolarining ham vazifasidir. Bu partiyaning barcha tashkilotlarini ushbu masalalarda to‘g‘ri yo‘naltirish uchun zarur.

Biz uchun bahsning o‘zigina muhim emas. Gazetalarimizda berilayotgan maqolalar mamlakatimiz va undan tashqarida sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan, jahondagi yurtimiz manfaati bilan bog‘liq turli masalalar yuzasidan partiyamizning pozitsiyasini aniq namoyon etishi lozim. Bu pozitsiya tegishli siyosiy individuallikka ega bo‘lib, nafaqat gazeta nomidan balki mazmun-mohiyati jihatidan gap XDP pozitsiyasi haqida borayotgani bilinib tursin.

Mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida: «Qonunchilik palatasidagi turli siyosiy fraksiyalar o‘rtasidagi raqobat qanchalik keskin va kuchli bo‘lsa, jamiyatimizning muayyan siyosiy kuchlari va ijtimoiy qatlamlari manfaatlarini o‘zida ifoda etadigan har qaysi partiyaning g‘oyalari, dasturiy vazifalari hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishining kafolati ham shunchalik mustahkam bo‘ladi», deb ta’kidlangan.

Shu munosabat bilan yaqin kelajakdagi muhim vazifa O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolarining qonun ijodkorligi sohasidagi faolligi va tashabbuskorligini tubdan oshirishdan iboratdir.

Fraksiyamiz parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati bo‘yicha, dedi ma’ruzachi, chuqur va har tomonlama puxta ishlangan, istiqbolga mo‘ljallangan o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lishi zarurdir. Bu dasturni mamlakatda amalga oshirilayotgan sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarning borishi, ehtiyo­ji bilan bog‘lash lozim. U tegishli qonunlarni qabul qilish tashabbusini partiyamiz elektorati manfaatlariga javob beruvchi pozitsiyadan turib ilgari surishga yo‘naltirilishi kerak. Bu bilan parlamentchilik faoliyati saylovchilarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ustuvor masalalarni amalga oshirishning asosiy vositasiga aylanadi.

Amaldagi qonunchilik monitoringi, turli qonunlarda bir xil me’yorlarning qaytarilishini bartaraf etish, tavsiyaviy me’yorlarni qisqartirish, qonunchilik hujjatlariga ularning amaldagi ijrosini belgilovchi mexanizmlarni kiritish fraksiya a’zolarining qonun yaratuvchilik faoliyatining tarkibiy qismiga aylanmog‘i joiz.

Bu jarayonda shuni anglamoq lozimki, boshqa siyosiy partiya­lar fraksiyalari ham shu kabi qonun ijodkorligi rejalarini ishlab chiqadilar. Mamlakatimiz Prezidenti palatalar qo‘shma majlisida ta’kidlab o‘tganidek, parlament quyi palatasidagi partiyalararo raqobat, munozara «qabul qilinadigan qonunlarning sifatini oshi­rishga, parlament ro­lining, uning mamlakatimizda yuz berayotgan jarayonlarga ta’sirining kuchayishiga yordam beradi».

Bunday raqobatga oldindan tayyorlanish, boshqa siyosiy partiyalar dasturiy pozitsiyalarini, ular elektoratining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganib borish zarurdir, dedi partiya yetakchisi. Shu tariqa O‘zXDPning siyo­siy opponentlari bilan parlament quyi palatasi yig‘ilishlari va ommaviy axborot vositalarida partiyalararo munozaralarda asosli bahslarga kirishish lozim. Zarurat bo‘lsa, alohida masalalar bo‘yicha muqobil qonun loyihalarini ishlab chiqish va ular yuzasidan boshqa siyo­siy partiyalar fraktsiyalari bilan kurash olib borish kerak bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, tayyorlanayotgan hujjatlar bo‘yicha partiyamiz pozitsiyasini yanada aniqlashtirish maqsadida qonun loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish katta ahamiyat kasb etadi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun fraksiya tarkibida tegishli ishchi guruhlar tashkil etilgan. Markaziy Kengash oldiga partiya parlament fraksiyasiga tegishli vazifalarni hal qilishda axborot-tahliliy va ekspertlik ko‘magi berish vazifasi qo‘yilgan.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan yana bir mas’uliyatli vazifa O‘zbekiston XDPning xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlik guruhlari faoliyatini, ularning mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga doir amaliy vazifalarni hal etish ishiga ta’sirini kuchaytirishni talab etadi.

Plenumda partiya Markaziy Kengashi raisi yana bir bor ta’kidladiki 2005-2009 yillarda O‘zbekiston XDPning mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarining aksariyati sustkashlikka yo‘l qo‘ydi. Ba’zan, deputatlarimizning u yoki bu takliflar bilan chiqishlari deputatlik birlashmalari tashabbusi deb e’lon qilindi.

Yangi chaqiriqda partiya deputatlik guruhlarining faoliyatini dasturiy maqsadlarimiz ijrosiga aniq yo‘naltirilgan asosda olib borish uchun qat’iy choralar ko‘rish lozim. Shu maqsadda mamlakatimizning barcha mintaqalarida tumanlardagi ahvolni o‘rganib chiqib, elektoratimiz manfaatlari va ehtiyojlariga mos ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish bo‘yicha iqtisodiy va yuridik jihatdan asoslangan, raqobatbardosh muqobil lo­yiha va dasturlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yilmoqda.

 Bular mehnatga layoqatli aholi bandligini oshirish, iste’mol bozorini yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan to‘ldirish, qishloq joylarida zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va boshqalar. Aynan shu vazifalar fevral oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan, mintaqalarning 2009 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va 2010 yilning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishlarida alohida e’tibor talab qiluvchi masalalar deya tan olindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida mamlakatimiz Prezidenti «Parla­mentimiz va mahalliy vakil­lik organlari — Kengashlar oldida turgan ikkinchi g‘oyat muhim vazifa — bu qabul qilingan qonun­larning ijro etuvchi hoki­miyat, ya’ni hukumat tomo­nidan markazda, hokim­liklar tomonidan esa joy­lar­da qanday bajarilayotgani ustidan qat’iy par­lament nazoratini, deputat­lik nazo­ra­tini o‘rnatishdan iboratdir», deya ta’kidlagan edi.

Shunga muvofiq, deputatlik birlashmalarimiz nazorat fao­liyatining samaradorligini jiddiy oshirish zarur. Partiya­miz elektorati manfaatlariga javob beradigan ustuvor ijtimoiy vazifalarni hal etishga qaratilgan qonunlar, Prezidentimiz qaror va farmonlari bajarilishini nazorat qilishni izchil yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda.

Bunda ilk bor turli darajadagi deputatlik birlashmalari o‘rtasida nazorat faoliyatini tashkil etish borasidagi vakolatlar chegaralanmaydi. Aksincha, muayyan hududdagi nazorat choralari Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz, tegishli viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlarimiz a’zolari va mahallalarda faoliyat yurituvchi boshlang‘ich partiya tashkilotlarimiz vakillari bilan birgalikda amalga oshirish vazifasi qo‘yilyapti.

Nazorat faoliyatining bu tarz­da tashkil etilishida, birinchidan, O‘zbekiston XDPning mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari a’zolari Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolarining professional ko‘magiga ega bo‘ladilar. Ikkinchidan, parlamentdagi fraksiya­miz a’zolari nazorat faoliya­tida mahalliy deputatlik birlashmalari, boshlang‘ich tashkilotlari faollariga tayanadilar. Bularning barchasi joylarda masalalarni deputatlik nazorati tartibida o‘rganishning yanada puxta va xolis bo‘lishini ta’minlaydi.

Partiyamizning Markaziy va mahalliy gazetalari nafaqat deputatlik birlashmalari tomonidan amalga oshiriladigan nazorat faoliyatini yoritib borishi kerak, balki islohotlarning ijtimoiy samarasini oshirishga to‘siq bo‘layotgan kamchilik va nuqsonlarni e’tiborsiz qoldirmasligi, partiyamizning bu masalalardagi pozitsiyasidan kelib chiqqan holda ularni ochiq, konstruktiv va oshkora tanqid qilishi lozim.

Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida «deputat­larning o‘z saylov okrugi­dagi tizimli faoliya­tini sezilarli darajada yaxshilash talab etiladi», deya alohida ta’kidlandi. Buning uchun       partiya elektoratini o‘ylantirayotgan masalalarni muntazam o‘rganish, yangi qonunlar va bosh­qa davlat qarorlarini qabul qilishga ehtiyojni aniqlash, mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, hududiy band­lik dasturlariga o‘zgartirishlar kiritish va boshqa masalalarga e’tibor qaratish talab qilinadi.

Shu munosabat bilan partiya markaziy va mahalliy tashkilotlari o‘z amaliy faoliyatida partiyamizdan saylangan deputatlarning saylov okruglarida qanday ishlayotganliklari bilan bog‘liq masalalarni muntazam ravishda ko‘rib chiqishni amaliyotga kiritishlari printsipial ahamiyatga egadir. Bu bilan deputatlarning o‘z vazifalarini bajarish uchun mas’uliyatini oshirishga va bir vaqtning o‘zida ularning o‘z okruglarida samarali faoliyat yuritishlariga partiyamiz markaziy, mahalliy va boshlan­g‘ich tashkilotlari ko‘magini kuchaytirishga erishiladi.

Yurtboshimizning parlament palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etmasdan, sustkashlik va o‘zibo‘larchilik holat­lariga barham ber­masdan turib, saylov davrida say­lov­chilarga bergan yuksak va’dalarning ustidan chiqa ol­mas­­ligi­mizni anglab, tushunib olishimiz kerak.

Mana shu so‘zlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining har bir deputatlik birlashmasi, mahalliy va boshlang‘ich tashkiloti, umuman butun partiyamizning kelgusi davrdagi faol harakatlari uchun dasturilamal bo‘lishi lozim.